O‘zbekistondagi yangilanish jarayonlarida xotin-qizlar faol hissa qo‘shmoqda

AQSHning "Diplomatic Watch" nashrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning “Aholishunoslik, gender tengligi, ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha BMT bilan hamkorlik” mavzusidagi maqolasi chop etildi.

Unda e’tirof etilganidek, bugungi globallashuv jarayonida aholi salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish, gender tengligini ta’minlash va xotin-qizlar huquqlarini kengaytirish nafaqat ijtimoiy barqarorlik, balki davlatning uzoq muddatli rivojlanishi uchun ham muhim omil sifatida qaraladi.

O‘zbekistonda kechayotgan yangilanish jarayonlarida xotin-qizlar hayotning barcha jabhalari – siyosat, iqtisodiyot, fan, biznes, ijtimoiy hayot va davlat boshqaruvi tizimida o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga intilmoqda. Yangi O‘zbekiston sharoitida xotin-qizlar uchun yaratilgan teng sharoitlar, qonunchilik asosidagi kafolatlar va amaliyotdagi keng imkoniyatlar tufayli ularning faolligi, tashabbusi va jamiyat rivojiga qo‘shgan hissasi yildan-yilga ortib bormoqda. Bu mamlakatimizni barqaror rivojlantirish, inson kapitaliga asoslangan iqtisodiy o‘sish, inklyuziv jamiyat barpo etishda muhim omil bo‘layotir.

Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi muhim tashabbusi - Osiyo xotin-qizlar forumini o‘tkazish taklifi ayollar masalasiga nafaqat milliy, balki mintaqaviy miqyosda ham yondashuvni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Bu tashabbus O‘zbekistonning gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishda yetakchi va tashabbuskor davlat sifatidagi nufuzini yanada mustahkamladi.

Ushbu nufuzli forum 2024 yil 13-14 may kunlari Samarqand shahrida «Iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquqlar hamda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv» mavzusida yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbirda Osiyo mintaqasidan 30 dan ortiq mamlakat vakillari, BMT, YeXHT, FAO va boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari, soha ekspertlari va faol ayollar ishtirok etdi.

Forum ishtirokchilari nainki tajriba almashdi, balki ayollarning hayotdagi faol ishtiroki, reproduktiv salomatlik, ta’lim, biznes va ijtimoiy himoya kabi dolzarb masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqot va yaqin hamkorlik uchun samarali maydon yaratdi. Eng muhimi, forum gender tengligi sohasidagi amaliy yo‘nalishlarni aniq belgilash imkonini berdi.

Forum yakunida qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasi xotin-qizlar huquqlari sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va mintaqada ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladigan muhim xalqaro hujjat hisoblanadi. Unda davlat va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamjihatlik, xotin-qizlarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularni turli sohalarda faol ishtirokchilarga aylantirish kabi yo‘nalishlar ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Eng muhimi, ushbu muhim xalqaro konferensiyani har ikki yilda bir marta doimiy ravishda o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Buni nafaqat BMT bilan strategik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani, balki O‘zbekiston global miqyosda gender tengligi sohasida yetakchi davlatlar qatoridan joy olgani ham tasdiqlaydi.

Maqolada e’tirof etilganidek, O‘zbekistonda aholi turmush sifati, ijtimoiy barqarorlik va barcha fuqarolar, xususan, xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada xalqaro hamkorlik, ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik sohasidagi jamg‘armasi (YUNFPA) bilan o‘rnatilgan doimiy va samarali aloqalar alohida ahamiyatga ega.

YUNFPA gender tengligi, aholi soni va ayollar huquqlarini himoya qilish sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilot hisoblanadi. Ushbu jamg‘arma va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik tizimli yondashuvlar va aniq natijalar bilan boyitilib, yildan-yilga chuqurlashib bormoqda. Bu hamkorlik nafaqat qonunchilik va institutsional islohotlarda, balki aholi hayotidagi muhim o‘zgarishlarda ham o‘z aksini topmoqda.

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech