Pandemiya sharoitida global hamkorlik va volontyorlik harakati

Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilayotgan “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” degan g'oya kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Islohotlarning amaliy natijadorligini oshirishda, joylarda yangi tashabbuslarni ilgari surishda aholining yanada faol, yanada tashabbuskor bo'lishi muhim sanaladi.

Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yil 2 dekabrda imzolangan “Volontyorlik faoliyati to'g'risida”gi qonunning amaliyotga tatbiq etilgani dolzarb ahamiyatga ega. Qonunga muvofiq, volontyorlik faoliyati — jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko'zlab bepul asosda amalga oshiriladigan, jamoat uchun foydali bo'lgan ixtiyoriy faoliyat hisoblanadi.

29 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, O'zbekiston Yoshlar ittifoqi hamda BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida o'tkazilgan “Pandemiya sharoitida O'zbekistonda global hamkorlik va volontyorlik harakati: hamjihatlik, insonparvarlik” mavzuidagi onlayn muloqotda shu haqda so'z bordi.

Mazkur tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yilligi munosabati bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonidan butun dunyoda e'lon qilingan “BMT-75” kampaniyasi doirasida tashkil etildi. Unda deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek yoshlar ishtirok etdi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov onlayn muloqot davomida “Volontyorlik faoliyati to'g'risida”gi qonunning ahamiyati haqida to'xtaldi. Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan murakkab vaziyatda volontyorlik guruhlarining tashabbuslari, shuningdek faol fuqarolar tomonidan amalga oshirilayotgan xayriya aktsiyalari, yoshlarning volontyor sifatida orttirgan tajribalari alohida e'tirof etildi.

Ta'kidlanganidek, qonunga asosan volontyorlik faoliyati asosan uchta shaklda amalga oshirilishi mumkin. Ya'ni, bu o'rinda yakka tartibdagi volontyorlik faoliyati; volontyorlar
guruhi tarkibidagi volontyorlik faoliyati; volontyorlik tashkiloti orqali volontyorlik faoliyati shakllari nazarda tutilmoqda.

Tadbirda mazkur faoliyat shakllarining mohiyati va ahamiyati haqida atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, ishtirokchilarga COVID-19 xavfi tufayli O'zbekistonda e'lon qilingan karantin cheklovlari davrida koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish, fuqarolarning kasallik bo'yicha xabardorligini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga xayriya yordamlarini ko'rsatish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar, to'plangan tajriba hamda unda volontyorlarning o'rni haqida ma'lumot berildi.

Shunday qilib, BMT tomonidan “BMT-75” kampaniyasi doirasida "Umumiy kelajakni birga quramiz" tashabbusini ro'yobga chiqarishda xalqaro hamkorlikning o'rni to'g'risidagi global munozara boshlandi.

Ma'lumot uchun: “BMT-75” kampaniyasi — bu global muloqot bo'lib, u iloji boricha ko'proq odamlarni, shu jumladan, raqamli makon foydalanuvchilarini qamrab olishga qaratilgan. Ushbu muloqot biz duch kelayotgan ko'plab qiyinchiliklarga qaramay, qanday qilib yaxshiroq dunyoni qurishimiz mumkinligini muhokama qilishni rag'batlantirish hamda tegishli choralarni ko'rishga yordam berishga xizmat qiladi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech