Parlament komissiyasi tomonidan qanday masalalar ko‘rib chiqildi?

Joriy yilning 9 noyabr kuni Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Tegishli soha vakillari, deputatlar ishtirok etgan yig‘ilishda Parlament komissiyasi tomonidan beshta masala ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov kirish so‘zi bilan ochib, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish, bu yo‘nalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, inson huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga qaratish kabi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Yig‘ilishda dastlab Prezidentimizning 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonining 3-bandi “a” kichik bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi va uning “Yo‘l xaritasi” bandlarining bajarilishi yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillabaevning axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar doirasida tayyorlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi qabul qilingan. Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini samarali bajarishiga qaratilgan bo‘lib, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyaning sifatli va samarali bajarilishini nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu borada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi muntazam monitoring olib bormoqda.

Berilgan axborotga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida Milliy harakatlar rejasining ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy markaz tomonidan 10 ta tadbir o‘tkazilgan bo‘lsa, 1 tasi doimiy monitoringga olingan. Eng muhimi, Milliy markaz “Kamsitishga yo‘l quymaslik va tenglik to‘g‘risida” qonun loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritgan.

Shuningdek, etnik guruhlarning huquqlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillar bo‘yicha tahliliy ma’lumotnoma tayyorlanib, ularning huquqlarini amalga oshirish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Yig‘ilishda M.Tillabaev Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining 2019 yil 15 iyuldagi 2600-III-PQ-563-III-sonli Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi bandlarining 2021yil iyul-sentyabr oylari ijrosi haqida ham axborot berdi.

Prezidentimizning 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida qiynoqlarning oldini olishda Ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatorlari va jazoni o‘tash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimli qo‘yilishi, Oliy Majlis palatalari har yili Ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha ma’ruzasini eshitish, bu illatga butunlay barham berish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilashi alohida ta’kidlagan edi.

Ushbu belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilda davlatimiz rahbarining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsmani) Feruza Eshmatovaning 2021 yil to‘qqiz oyida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish maqsadida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tahliliy axboroti eshitildi.

Taqdim etilgan axborotga ko‘ra, Ombudsman huzurida milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi jamoatchilik guruhlari tomonidan 2021 yilning to‘qqiz oyida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 120 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan.

Ularda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash sharoitlari, xususan yashash va ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, harakatlanish erkinligi cheklangan shahslar uchun olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar, koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-gigiena talablariga rioya etilayotgaligi hamda ta’lim-tarbiya berish va boshqa shu kabi holatlar o‘rganilgan.

Yig‘ilishda shuningdek, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari  T.Komilovning “Bola xuquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish” yuzasidan kompleks chora-tadbirlar dasturining 2021 yil 3-chorakdagi ijrosi yuzasidan axboroti eshitildi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining tegishli bayonnomasi tuzildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Powered by GSpeech