PARLAMENTLARARO ITTIFOQNING ONLAYN KONFERENTSIYASI BO'LIB O'TDI

2021 yil 29 iyun kuni “Markaziy Osiyo mintaqasida COVID-19 dan keyin tiklanishga barqaror yondashuvlar: parlamentlarning roli” mavzusida onlayn konferentsiya bo'lib o'tdi.

Parlamentlararo Ittifoq va BMTning Atrof-muhit dasturi tomonidan tashkil etilgan onlayn konferentsiyada O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston parlamentlari senatorlari, deputatlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Parlamentlararo Ittifoq vitse-prezidenti Akmal Saidov kirish nutqi bilan ochib berdi.

A. Saidov, avvalambor, barchaga ma'lum sabablarga ko'ra, ushbu anjuman onlayn o'tkazilayotganini qayd etdi. Binobarin, 2019 yil dekabr oyidan buyon butun dunyoda odamlar, tovarlar, global moliyaviy harakatlar cheklanmoqda. Ba'zi mamlakatlarda vaktsinatsiyalash amalga oshirilgan bo'lsa-da, vaziyat qachon odatiy holatga kelishi mumkinligini hech kim ayta olmaydi.

COVID-19 butun dunyoni tahlikaga solib turgan bo'lishiga qaramay, uning tabiat bilan uyg'unlashib ketishiga, yaqin istiqbolda kelajak avlod bahramand bo'ladigan barqaror yashash normalarini shakllantirishga erishishimiz lozim. Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi tufayli dunyoda biron- bir davlat jahon iqtisodiyotidan ajralgan holda rivojlana olmasligini yana bir bor his qildik. Xususan, mazkur vebinar Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari o'rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni chuqur tahlil qilish maydoni sifatida xizmat qilishi muqarrar.

Shuningdek, vebinarda qayd etilganidek, bugungi kunga qadar O'zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi o'n bitta xalqaro konventsiya, bitim va ular doirasidagi yettita ko'p tomonlama xalqaro shartnomaga qo'shilgan. Jumladan, Parij bitimini ratifikatsiya qilgan tomon sifatida 2030 yilga kelib issiqxona gazlari solishtirma tashlanmalarini 2010 yildagi darajaga nisbatan 10 foiz qisqartirish bo'yicha majburiyat olgan.

Shundan kelib chiqib, Davlat dasturining tegishli bandiga muvofiq, O'zbekistonning Parij bitimiga qo'shilishi munosabati bilan “yashil iqtisodiyot”ga o'tish bo'yicha davlat strategiyasi ishlab chiqildi. Mamlakatimizda bu yo'nalishda ekologik sof, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish bo'yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, so'nggi yillarda Orolbo'yi hududida bir nechta loyiha bajarildi. Buning natijasida Orol dengizining qurib qolgan hududida saksovul va cho'lga chidamli bosh­qa o'simliklar ekildi. Mo'ynoq shahri infratuzilmasi tubdan yaxshilandi.

Do'stona ruhda o'tgan onlayn konferentsiyada parlamentlararo muloqotlar mintaqadagi mamlakatlarni yuksak taraqqiyot yo'liga olib chiqish, xalqning iqtisodiy ahvolini yaxshilash va yechimini kutayotgan masalalarni o'zaro tajriba va fikr almashish orqali hal qilishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Muloqot yakunida ko'p tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo'lgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, bu borada hamkorlikdagi tadbirlarni tashkil etish, qonun ijodkorligi bo'yicha tajriba almashishga kelishib olindi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech