Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

PIning 153-Assambleyasida qonunchilikni takomillashtirish va davlat siyosatining ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi namoyon etildi

Parlamentlararo ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida oʻtkazilgan umumiy debatlar inklyuzivlik, ishonch va barcha uchun imkoniyatlar orqali samarali boshqaruvni mustahkamlash va jamiyatlar imkoniyatlarini kengaytirish mavzusiga bagʻishlandi.

Davlat institutlariga ishonchni mustahkamlash, fuqarolarning qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, teng imkoniyatlarni taʼminlash hamda parlamentlarning aholi hayotida aniq va ijobiy oʻzgarishlarga erishishdagi rolini kuchaytirish masalalari muhokama markazida boʻldi.

Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi rahbari, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva oʻz chiqishida ijtimoiy davlat tamoyillarini amalga oshirish, kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy siyosatning huquqiy asoslarini mustahkamlash borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha maʼlumot berdi hamda qonunchilikni takomillashtirish va davlat siyosatining ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini namoyon etdi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston ilgari surgan tashabbuslar parlamentlarning qonun ijodkorligi va nazorat funksiyalarini aholi ehtiyojlariga yanada yaqinlashtirishga qaratilgan. Xususan, qonun loyihalarini tayyorlashda jamoatchilik va mahalliy vakillik organlari fikrini toʻlaligicha inobatga olish, davlat dasturlari va byudjetlarni teng imkoniyatlar nuqtayi nazaridan baholash, parlament nazoratini esa qabul qilingan qarorlarning aholi hayotidagi amaliy natijalariga yoʻnaltirish takliflari bildirildi.

Debatlarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining  qabul qilingan "Ijtimoiy rivojlanishda parlamentlar rolini kuchaytirish toʻgʻrisida"gi rezolyutsiyasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur hujjat parlamentlarning ijtimoiy rivojlanish, teng imkoniyatlar va inson farovonligini taʼminlashdagi masʼuliyatini kuchaytirishga qaratilganiga urgʻu berilib, uni amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish muhimligi qayd etildi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Nashr sanasi 07.10.2026 Ko'rishlar 120
Ulashish