Rossiyada politsiyaning fuqarolar yozishmalarini ko‘rishini soddalashtirish taklif qilindi

Rossiya IIV sud qaroriga qadar fuqarolarning elektron xabarlariga kirishni, shuningdek, internet orqali uzatiladigan har qanday ma’lumotni tergov harakatlari uchun zarur deb tan olishni ta’minlaydigan tuzatishlarni ishlab chiqdi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish va internet orqali uzatiladigan har qanday ma’lumotni tergov harakatlari uchun zarur deb tan olishni taklif qildi. Mahkama tomonidan ishlab chiqilgan tuzatishlar 14 avgust, dushanba kuni normativ-huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, tezkor-qidiruv tadbirlari ro‘yxati, jumladan, uzatilishi texnologik tizimlarda, jumladan, internetda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni IIV va «FSB» xodimlari tomonidan o‘rganishni nazarda tutuvchi band bilan to‘ldirilishi mumkin. Shu tariqa, ushbu idoralar «nafaqat matn, audio va/yoki video ma’lumotlarni, balki texnik axborotni ham o‘z ichiga olgan turli xil kompyuter ma’lumotlarini real vaqt rejimida o‘rganishi mumkin», deyiladi hujjatda. 

Bundan tashqari, tuzatishlar kuchishlatar tuzilmalar xodimlarining fuqarolar yozishmalariga kirishini soddalashtirishni nazarda tutadi. Ular qabul qilinsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli sud qaroriga qadar data-markazlar, bulutli ma’lumot saqlash joylari, aloqa operatorlari va fuqarolar qurilmalaridagi matnli xabarlar va ulanish ma’lumotlarini o‘rganish imkoniyati beriladi.

Tuzatishlar mualliflari internet-jinoyatchilik ko‘rsatkichi ortib borayotganini bildirgan

Tushuntirish xatida bunday tuzatishlar internet-jinoyatchilik o‘sishi munosabati bilan zarurligi qayd etilgan. Xususan, VPN-servislar yordamida sodir etilayotgan va ko‘p hollarda fosh etilmay qolib ketayotgan jinoyatlar haqida so‘z yuritilgan. Tuzatishlar mualliflari bunday muvaffaqiyatsizlikni huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining «jinoiy faoliyat faktlarini hujjatlashtirishda ham, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etishda ham yetarlicha tezkor imkoniyatlari yo‘qligi» bilan izohladi.

«2022 yil yakunlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida ushbu toifadagi 522 mingdan ortiq jinoyatlar aniqlangan, bu umumiy noqonuniy xatti-harakatlarning 22 foizini tashkil etadi», — deyiladi tushuntirish xatida. Ayni paytda, ushbu jinoyat ishlarining 71 foizi jinoyatchilarni aniqlashning imkoni bo‘lmagani uchun keyinchalik to‘xtatilgan. 

Kun.uz

Powered by GSpeech