Kuzda mamlakatimizda o'tadigan muhim ijtimoiy-siyosiy voqealardan biri — O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo'lib, u nafaqat O'zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining yaqin va uzoq muddatli istiqbolda yanada barqaror rivojlanishi uchun ulkan ahamiyatga egadir.
So'nggi yillarda demokratik, tashqi dunyo uchun ochiq va raqobatbardosh yangi O'zbekistonni qurish doirasida fuqarolarning vakillik organlariga saylash hamda saylanish bo'yicha konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlash sohasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Demokratik huquqiy davlatning ajralmas belgisi bo'lgan umumiy, teng, to'g'ridan-to'g'ri, yashirin ovoz berish tamoyillariga tayangan holda saylov huquqini ta'minlash, saylovlarni erkin va adolatli, ochiq hamda oshkora o'tkazishga oid huquqiy asoslarini mustahkamlashga, jumladan, zamonaviy demokratik saylov tizimini rivojlantirishga qaratilgan izchil choralar ko'rildi.
Shu bilan bir qatorda, O'zbekiston saylov qonunchiligi shu davrgacha bo'lib o'tgan saylovlar davomida to'plangan milliy tajriba, ilg'or xorijiy saylov amaliyoti, shuningdek, xalqaro standartlar, fuqarolarning siyosiy ongi hamda elektoral madaniyatining o'sishi, amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning borishi va talablarini hisobga olgan holda jadal takomillashib bormoqda.
Shu o'rinda yangi O'zbekiston saylov qonunchiligi rivojlanishining quyidagi uch bosqichini alohida ajratib ko'rsatish mumkin.
Birinchi bosqich — alohida saylov qonunlaridan Saylov kodeksi sari
Qonunchilikni kodifikatsiya qilish masalasi tizimli ravishda yagona me'yoriy-huquqiy hujjatlarni yaratish va amaldagi qonunchilikni chuqur hamda har tomonlama qayta ko'rib chiqish barobarida, eskirgan normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qilish, yangi huquqiy qoidalarni ishlab chiqish va milliy huquqiy tizimni kompleks ravishda rivojlantirishni talab etadi.
Xususan, xorijiy davlatlarda saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish tartibi oddiy qonunlar, konstitutsiyaviy qonunlar yoki saylov kodekslarini qabul qilish yo'li bilan tartibga solinadi. Shu bilan birga, dunyoning 30 dan ziyod mamlakatlarida saylovlarni Saylov kodeksi yordamida huquqiy tartibga solish modeli qo'llaniladi.
Yangi O'zbekiston ham saylov qonunchiligini kodifikatsiya qilish yo'lini tanladi. 2019 yilda ilgari tarqoq bo'lgan beshta saylovga oid qonun o'rniga yagona Saylov kodeksi qabul qilindi. Mazkur Kodeks mamlakatning barcha siyosiy kuchlari hamda partiyalari, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida umumxalq muhokamasi asosida ishlab chiqildi. Unda YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi hamda Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi, chet ellik kuzatuvchilar, SHHT, MDH, IHT kabi bir qator xalqaro tashkilotlar missiyalarining O'zbekistonda o'tgan saylovlar bo'yicha tavsiyalari hisobga olingan. Xususan, 2016 — 2019 yillarda O'zbekistonda bo'lib o'tgan saylovlar bo'yicha YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining 29 ta tavsiyasi O'zbekiston saylov qonunchiligida to'liq, sakkiztasi qisman bajarilgan, qolganlari esa, ekspertlar tomonidan o'rganilmoqda.
Saylov kodeksining qabul qilinishi, o'z navbatida, yangi O'zbekistonni demokratlashtirish va liberallashtirish, fikrlar xilmaxilligini qo'llab-quvvatlash hamda ko'p partiyaviylik yo'lidan barqaror rivojlanish ifodasi sifatida namoyon bo'ldi.
Saylov kodeksining eng muhim xususiyatlari quyidagilardan iborat:
birinchi xususiyati, milliy saylov qonunchiligida parlamentning kamida bitta palatasi a'zolarini to'g'ridan-to'g'ri saylashni nazarda tutuvchi saylovlar to'g'risidagi xalqaro hujjatlarning asosiy qoidalari o'z aksini topdi. Qonunchilik palatasidagi deputatlik o'rinlari sonini saqlab qolgan holda (150 o'rin), parlament quyi palatasi uchun O'zbekiston Ekologik harakatidan deputatlikka nomzodlarni ko'rsatish va saylash talablari qonunchilikdan chiqarib tashlandi;
ikkinchi xususiyati, saylovchilarga saylovlarda bir nechta partiyalarning ishtirok etishini qo'llab-quvvatlash imkoniyati berildi — saylovchilar bir yoki bir nechta siyosiy partiyalarni qo'llab-quvvatlab imzo qo'yish huquqiga ega ekanligi belgilandi;
uchinchi xususiyati, siyosiy partiyalar Prezidentlikka va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod ko'rsatish huquqiga ega ekanligi qonuniy ravishda belgilab qo'yildi. Shu bilan birga, siyosiy partiyalar o'z partiyasi a'zolarini yoki partiyasizlarni nomzod sifatida ko'rsatish huquqiga ham ega;
to'rtinchi xususiyati, katta jamoat xavfini tug'dirmaydigan va uncha og'ir bo'lmagan jinoyatlarni sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazoni o'tayotgan shaxslarning saylovlarda ishtirokini cheklovchi qoida chiqarib tashlandi;
beshinchi xususiyati, siyosiy partiyalardan nomzodlarning ishonchli vakillari soni ko'paytirildi (Prezidentlikka nomzodlar uchun — 15 tagacha, parlament deputatlari — 10, xalq deputatlari viloyat Kengashlari — 5, tuman va shahar Kengashlari — 3);
oltinchi xususiyati, saylovlarning ochiqligi va demokratikligini ta'minlashda siyosiy partiyalardan kuzatuvchilar roli kuchaytirildi. Ular ovozlarni sanash natijalari bo'yicha saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilgach, saylov natijalari to'g'risidagi hujjatlarning ko'chirma nusxalarini darhol olishi mumkin. Saylov uchastka komissiyasining ovozlarni sanash to'g'risidagi bayonnomaning ko'chirma nusxasi bilan hamma tanishib chiqishi uchun uchastka saylov komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga darhol osib qo'yish tartibi o'rnatildi;
yettinchi xususiyati, saylov komissiyalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning saylovlarni tashkil etish, o'tkazish hamda uning natijalarini chiqarishga oid murojaatlarini ko'rib chiqish tartibi takomillashtirildi. Bundan tashqari, nomzod yoki kuzatuvchi saylov jarayonining har qanday jihati (shu jumladan, qayta hisoblashni talab qilish yoki saylov natijalarini bekor qilish) to'g'risida shikoyat qilish huquqiga ega. Saylov komissiyalari, jumladan, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi qonuniy ravishda belgilab qo'yilgan. Shikoyat bergan shaxslar uni ko'rib chiqishda bevosita ishtirok etish huquqiga ega;
sakkizinchi xususiyati, qonun darajasida Senat a'zolarini saylash tartibi belgilanib, Markaziy saylov komissiyasining ularni saylash tartibi to'g'risidagi Nizomi bekor qilindi;
to'qqizinchi xususiyati, Saylov kodeksida siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari tomonidan olib borilayotgan tashviqot turlari, shakllari hamda usullari aniq belgilab qo'yildi;
o'ninchi xususiyati, kuzatuvchilar, partiyalarning vakolatli vakillari va ommaviy axborot vositalariga alohida e'tibor berilgan. Saylov kodeksi yuqoridagi saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqlari doirasini belgilab qo'ydi. Ularning ishtiroki tufayli saylov jarayonining shaffofligi ta'minlanadi. Saylov komissiyasining majlislarida siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari ishtirok etishlari mumkin. Saylov komissiyalarining yig'ilishlari ochiq o'tkaziladi. Saylov komissiyalarining qarorlari ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi yoki Saylov kodeksida belgilangan tartibda hammaga ma'lum qilinadi;
o'n birinchi xususiyati, saylovchilar — fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash joylari to'g'risidagi ma'lumotlarni o'z ichiga olgan davlat axborot resursi bo'lgan O'zbekiston Respublikasining Yagona elektron
saylovchilar ro'yxati yaratilishi nazarda tutilgan.
Umuman olganda, 2019 yilda hokimiyat vakillik organlariga bo'lib o'tgan saylovlar davomida Saylov kodeksini amalda qo'llash shuni ko'rsatdiki, u fuqarolarning konstitutsiyaviy saylov huquqlarini qat'iy ravishda demokratik adolat, oshkoralik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida saylovlarda erkin ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlarni, siyosiy partiyalar hamda ularning nomzodlari uchun — saylov kampaniyasi davomida keng va teng imkoniyatlarni yaratib berishga xizmat qildi.
Ikkinchi bosqich — saylov komissiyalari mustaqilligini huquqiy ta'minlash
Saylov kodeksi va mamlakatni demokratlashtirishning ikkinchi bosqichi 2021 yil fevral` oyida O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga tegishli o'zgartish va qo'shimchalar kiritilishi bilan bog'liq. Shu bilan birga, quyidagi vazifalarni hal etishga alohida e'tibor berilgan.
BIRINCHISI:
barcha fuqarolarning saylovlarda faol ishtirokini ta'minlash, ularning joylashgan yeri va vaqtinchalik yashash joylaridan qat'i nazar, saylov huquqlaridan foydalanish uchun imkon yaratish. Birinchi bor chet elda yashovchi O'zbekiston fuqarolarini, ularning diplomatik vakolatxonalarda konsullik ro'yxatidan o'tkazilishidan qat'i nazar, saylovchilar ro'yxatiga kiritish tartibi, shuningdek, chet elda istiqomat qilayotgan yoki ishlayotgan joyidagi saylovchilarning saylov qutilarida ovoz berishining huquqiy asoslari qonun bilan tasdiqlandi.
IKKINCHISI:
Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi barcha darajadagi saylov komissiyalari — barcha saylov tashkilotchilari tizimining mustaqilligini mustahkamlash demokratik saylovlarning zarur hamda eng muhim shartidir. Shu maqsadda MSK va saylov komissiyalari a'zolarining maqomi qonuniy ravishda mustahkamlandi, saylov komissiyalari nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etish uchun saylov tashkilotchilari uchun xos bo'lmagan vazifalar bekor qilindi; saylov komissiyalari tizimi maqbullashtirildi — tuman (shahar) Kengashlariga saylov o'tkazadigan okrug saylov komissiyalari instituti tugatildi. Maqbullashtirish natijasida 5 ming 739 ta keraksiz okrug saylov komissiyasi tugatildi, inson resurslarining katta qismi (54 mingdan ortiq kishi) ozod qilindi.
Shunday qilib, saylov komissiyalarining barcha davlat organlaridan mustaqilligini ta'minlash uchun zaruriy huquqiy sharoitlar yaratildi. Saylovlarning tashkiliy-huquqiy darajasi, ular natijalarining qonuniyligi, asosan, saylov jarayonining barcha sub'ektlari tomonidan qonunchilik qoidalariga qanchalik to'g'ri rioya qilinishiga bog'liqdir.
UCHINCHISI:
siyosiy partiyalar uchun saylovoldi tashviqotini olib borish, jumladan, saylov kampaniyasini o'tkazish uchun ommaviy tadbirlarni tashkil etishga oid yanada qulay huquqiy sharoitlar yaratish. Saylovlarning demokratik, adolatli va halol o'tishini ta'minlash bo'yicha milliy, xorijiy hamda xalqaro tajribani chuqur o'rganish asosida, O'zbekistonda saylovlarning konstitutsiyaviy muddatlari dekabr` oyining uchinchi o'n kunligining birinchi yakshanbasidan oktyabr` oyining uchinchi o'n kunligining birinchi yakshanbasiga ko'chirildi.
TO'RTINCHISI:
saylov kampaniyasi davrida davlat resurslaridan foydalanishga yo'l qo'ymaslik. YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining turli a'zo davlatlardagi saylovlarni kuzatish missiyalari o'zlarining yakuniy hisobotlarida ustuvor tavsiyalar sifatida (masalan, 2018 yilda Gruziyada bo'lib o'tgan prezident saylovlari to'g'risida) “ma'muriy resurslardan foydalanishda suiiste'molliklarning oldini olishga oid shikoyatlarni samarali va o'z vaqtida ko'rib chiqish mexanizmini yaratish” zarurligini ko'rsatib o'tmoqda. O'zbekistonda milliy hamda xorijiy tajriba hisobga olingan holda, davlat xizmatchilari (agar u ishonchli vakil bo'lmasa), shuningdek, harbiy xizmatchilar, diniy tashkilotlar xodimlari va sud`yalar tomonidan tashviqot ishlarini olib borishni taqiqlash qonuniy ravishda mustahkamlangan. Bu saylovlarning xolisligi, qonuniyligi va adolatliligini ta'minlash yo'lidagi yana bir muhim qadamdir.
Ikkinchi bosqichning eng muhim yangi qoidalaridan biri — siyosiy partiyalar to'g'risidagi qonunchilik hamda ularni moliyalashtirishning Saylov kodeksiga muvofiqlashtirilishi; Prezident va parlament saylovlari hamda mahalliy vakillik organlariga saylovlarning davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi belgilanishi va saylov komissiyalari qarorlari ustidan tushgan shikoyatlarni ko'rib chiqish vaqtining o'n kundan besh kungacha qisqartirilishidir.
Saylov qonunchiligini demokratlashtirishning ikkinchi bosqichi fuqarolarning konstitutsiyaviy saylov huquqlarini to'liq amalga oshirishga, ularning saylovlardagi ishtirokini kengaytirishga yordam beradi va demokratik saylovlarni o'tkazish uchun asos bo'lib xizmat qiladi.
Uchinchi bosqich — adolatli saylovlarning huquqiy asoslari
Yangi O'zbekistonning zamonaviy saylov tizimi yaratilishi ko'p yillik evolyutsion jarayon va har tomonlama siyosiy muloqot mahsulidir. Umuman olganda, saylov qonunchiligiga saylov jarayonini takomillashtirishga qaratilgan ko'plab o'zgartishlar kiritildi. Har bir, hattoki, kichik bir o'zgartish kiritishda ham doim puxta ish olib borildi, o'tgan saylov kampaniyalari tahlil qilindi hamda tahlillar asosida qonunchilikni takomillashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqildi.
Saylov tizimi bir necha yillar davomida faol rivojlanib bordi, bu o'zgartishlar mamlakatning siyosiy va huquqiy rivojlanishining mantiqiy davomi bo'lib xizmat qildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari Saylov kodeksini saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini yanada takomillashtirish, uni xalqaro demokratik standartlar hamda chinakam demokratik saylovlar sohasidagi ilg'or tajribalarga moslashtirishga qaratilgan o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida tashabbus ko'rsatdi.
Yangi kiritilgan o'zgartishlar quyidagilardan iborat:
Birinchidan, vakolatlarni taqsimlashni davom ettirish hamda ta'sis (Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi saylov komissiyalari tizimi) va sud hokimiyati o'rtasida o'zaro muvozanat tamoyilini mustahkamlash.
Kiritilgan o'zgartish va qo'shimchalar, birinchi navbatda, saylov uchastkasi komissiyalarining qaror qabul qilishlari uchun mustaqillik hamda mas'uliyatini kuchaytirishni, shu bilan birga, fuqarolarning, saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining saylov komissiyalari harakatlari va ularning qarorlari to'g'risidagi murojaatlari hamda shikoyatlarini ko'rib chiqishda sudlarning rolini oshirishni nazarda tutadi.
YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining tavsiyalarini hisobga olgan holda, Saylov kodeksida MSK saylovchilar hamda saylov jarayonining boshqa ishtirokchilaridan saylov komissiyalari harakatlari va ularning qarorlari to'g'risidagi arizalarini ko'rib chiqmasligi normasi belgilab qo'yildi.
Bu esa, o'z navbatida, shikoyat va murojaat qilishning ikki tomonlama (MSK va sudga) tizimini bartaraf etadi, shuningdek, bir-biriga zid xulosa hamda qarorlar qabul qilinishining oldini oladi. Barcha saylovga oid nizolar faqat sudlarning vakolatiga tegishli bo'ladi.
Shu bilan birga, fuqarolarning saylov huquqlarini sud orqali himoya qilish sezilarli darajada kuchaytirilmoqda. Saylov kodeksiga muvofiq:
har bir fuqaro saylovchilarning ro'yxatlaridagi xato yoki noaniqlik to'g'risida uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi to'g'risida asoslantirilgan javob berishi shart. Shu bilan birga, uchastka saylov komissiyasining harakatlari hamda qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin;
siyosiy partiyalar organlari, ularning nomzodlari, ishonchli vakillari, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalari qarorlari ustidan sudga shikoyat qilishlari mumkin;
Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan O'zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
Saylov kodeksida saylov qonunchiligi sub'ektlarining saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishning barcha bosqichida qabul qilingan qarorlar ustidan shikoyat qilishning aniq tartibi nazarda tutilgan. Kodeksda saylov komissiyalari tomonidan jismoniy hamda yuridik shaxslarning saylovlarni tashkil etish, o'tkazish va natijalariga oid murojaatlarini ko'rib chiqish tartibi belgilab qo'yildi.
Bularning barchasi fuqarolarning odil sudlovga bo'lgan asosiy huquqini amalga oshirishga yordam beradi (nizo sudda ko'rib chiqilishi va hal qilinishi kerak). Zero, ta'sis hokimiyati faqat saylovlarni tashkil etish, fuqarolarning o'z xohish-irodasini erkin ifoda qilishi uchun shart-sharoit yaratish masalalarini hal etishi kerak, saylov komissiyalari harakatlarini (harakatsizligini) baholash esa sudlar tomonidan amalga oshirilishi lozim.
Ikkinchidan, saylov jarayonida siyosiy partiyalar tomonidan uyushtiriladigan ommaviy yig'ilishlar, mitinglar hamda namoyishlar to'g'risida ma'lum qilish tartibini joriy etish. 2019 yilda, parlament saylovlari oldidan siyosiy partiyalar butun mamlakat bo'ylab 800 dan ortiq ommaviy mitinglar o'tkazdi. Mazkur tadbirlar davomida siyosiy partiyalarga hech qanday to'sqinlik bo'lmagan va ommaviy tadbirlarni o'tkazish huquqlarining buzilishi to'g'risida ular tomonidan murojaatlar ham kelib tushmagan.
Biroq ushbu sohada qonunchilikda muayyan bo'shliq mavjud edi. Shuning uchun Saylov kodeksida partiyalar ommaviy tadbirlarni oldindan — kamida uch kun oldin — hokimliklarga ular o'tkaziladigan joy va vaqti to'g'risida ma'lum qilish haqida me'yor kiritilgan. Ya'ni, endi ruxsat beruvchi emas, balki ma'lum qilish tartibi ishlaydi.
Uchinchidan, okrug saylov komissiyalarining Prezident saylovini tashkil etish va o'tkazish bo'yicha salohiyatini kuchaytirish. Ya'ni, qonunchilikka muvofiq, saylovga kamida yetmish kun qolganda Markaziy saylov komissiyasi raisi, rais o'rinbosari, kotib hamda komissiyaning oltidan sakkiztagacha a'zolaridan iborat tarkibda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi bo'yicha okrug saylov komissiyasi tuziladi. Biroq bu yerda o'ziga xos xususiyatlarni hisobga olish kerak: parlament saylovlari uchun bitta saylov okrugi tarkibida 70 — 120 saylov uchastka komissiyalari, Prezidentlik saylovlari paytida esa 1000 ga yaqin saylov uchastka komissiyalari tuziladi. Natijada Prezident saylovlari davomida saylov uchastka komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga samarali yordam berish vazifasi ancha qiyinlashadi. Shu bois ham Saylov kodeksida uchastka saylov komissiyasi a'zolari soni ko'paytirildi.
Uchinchi bosqich, shuningdek, avvalgi saylovlar davomida aniqlangan texnik va tashkiliy muammolarni bartaraf etadigan bir qator boshqa yangiliklarni ham nazarda tutadi. Umuman olganda, ular adolatli hamda chinakam demokratik saylovlarni o'tkazishning umume'tirof etilgan xalqaro tamoyillarini hisobga olgan holda saylov qonunchiligi va amaliyotini demokratlashtirishga xizmat qiladi.
Aholi elektoral madaniyatini yuksaltirish — shaffoflik va adolatlilik garovi
O'zbekistondagi demokratik o'zgarishlar, shuningdek, fuqarolar va fuqarolik institutlarining siyosiy-huquqiy ongining tobora o'sib borayotgani saylov tizimini yanada takomillashtirishning asosidir.
O'zbekiston parlamenti Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qildi. Konventsiyaning 29-moddasiga binoan, ishtirokchi davlatlar nogironligi borlarning siyosiy huquqlari va ulardan boshqalar bilan teng ravishda foydalanish imkoniyatini kafolatlaydi, xususan, to'g'ridan-to'g'ri yoki erkin tanlangan vakillari orqali jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida boshqalar bilan teng ravishda samarali ishtirok etish, jumladan, ovoz berish hamda saylanish huquqi hamda imkoniyatiga ega bo'lishini ta'minlaydi.
Saylov kodeksi nogironligi borlar tomonidan ovoz berish orqali mamlakatning ijtimoiy va siyosiy hayotida qatnashish huquqlarini amalga oshirishning barcha mexanizmini o'zida mujassam etgan. Ovoz berish xonalari imkoniyati cheklangan odamlar uchun panduslar bilan jihozlangan bo'lishi kerak. Saylov uchastkalarida texnik jihozlar — stollar, kabinalar hamda saylov qutilari — nogironligi borlar kolyaskasidagi saylovchilarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda o'rnatilishi kerak.
2019 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bo'lib o'tgan saylovlar davomida saylov komissiyalariga 4 ming 158 nafar turli darajadagi nogironligi borlar jalb qilingan. 2021 yil may oyida Markaziy saylov komissiyasi va Nogironlar jamiyati, Ko'zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati hamda O'zbekiston nogironlar uyushmasi o'rtasida Hamkorlik to'g'risida memorandum imzolandi. Nogironligi bor saylovchilar uchun eng qulay sharoitlarni yaratish maqsadida saylov komissiyalari tomonidan bir qator tashkiliy tadbirlar amalga oshirildi va tegishli zarur axborot materiallari tayyorlandi. Mamlakat Prezidenti lavozimiga ro'yxatdan o'tgan nomzodlar to'g'risidagi ma'lumotlar saylov uchastkalarining axborot taxtalarida joylashtiriladi.
Masalan, ko'zi ojiz saylovchi, shablonga bo'sh byulletenni qo'ygan holda, ro'yxatdan o'tgan nomzodning ismini Brayl` alifbosini qo'llash orqali sezishi va tegishli uyaning maydoniga o'zi istagan belgini qo'yishi mumkin bo'ladi. Eshitmaydigan hamda eshitish qobiliyati past bo'lgan saylovchilar uchun ovoz berish kunida arizalar bo'lsa, ovoz berish joylariga surdo tarjimonlar taklif qilinishi mumkin. Saylovoldi televidenie dasturlari surdo tarjimonlar va subtitr bilan efirga uzatiladi hamda ko'zi ojizlar uchun materiallar Brayl alifbosidan foydalangan holda maxsus jurnallarda nashr etiladi.
Ushbu chora-tadbirlarning barchasi nogironligi borlar o'z xohish-irodasini erkin ifoda qilishiga yordam beradi.
Saylovchilarning elektoral madaniyati va faolligini oshirish, saylov institutiga bo'lgan ishonchni kuchaytirish, davlat hokimiyatini shakllantirish va konstitutsiyaviy tamoyillarni yangi sharoitlarda amalga oshirishning yagona zamonaviy hamda demokratik mexanizmi ekaniga bo'lgan ishonchini mustahkamlashdir.
Saylovchilarning elektoral madaniyatini sifat jihatidan yuksaltirish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish zarur:
birinchi vazifa: tashkilotchilarning kasbiy mahoratini oshirish, shuningdek, saylovchilar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining huquqiy ma'rifat tizimini mustahkamlash hamda takomillashtirish, bu ishlarga maqsadga muvofiq ravishda, ommaviylik va keng qamrovlilik xususiyatini berish;
ikkinchi vazifa: saylov jarayonining turli toifadagi ishtirokchilari, ayniqsa, yoshlarning umumiy huquqiy va elektoral madaniyatini oshirish;
uchinchi vazifa: ommaviy axborot vositalari bilan ishlashni takomillashtirish, ularning saylov jarayoni to'g'risidagi bilimlarini oshirish, ularni saylovlarning barcha bosqichida ishonchli ma'lumotlarni tarqatish jarayoniga jalb qilish, shuningdek, jamiyatda media madaniyatini yuksaltirish;
to'rtinchi vazifa: fuqarolik jamiyati institutlarini saylov jarayonining demokratiyaviyligi, qonuniyligi va adolatliligini ta'minlashga hamda ularni saylov jarayonining barcha ishtirokchilari, saylovchilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo'yicha davlat organlari faoliyatiga jalb qilish. Shu bilan birga, qonun loyihalarini ishlab chiqish hamda davlat ahamiyatiga ega bo'lgan qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik fikrini har tomonlama o'rganish orqali aholining faolligiga va ularning davlat ahamiyatidagi qarorlarni qabul qilishga jalb etilishiga alohida e'tibor qaratish lozim. (masalan regulation.gov.uz portali yoki “Mening fikrim” orqali);
beshinchi vazifa: yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-huquqiy ta'lim resurslarini shakllantirish va rivojlantirish.
Ushbu chora-tadbirlarning barchasi saylovchilarga o'z xohish-irodasini erkin ifoda etish kafolatlarini ta'minlash, vatanparvarlik va mas'uliyat tuyg'usini mustahkamlash, jamiyatdagi siyosiy barqarorlik hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga yordam beradi.
Shuni yodda tutish kerakki, saylov qonunchiligi va saylov tizimini rivojlantirish hamda takomillashtirish jarayoni hali to'liq tugamagan. Zero, jahon amaliyoti shuni ko'rsatmoqdaki, deyarli har bir saylov kampaniyasi yangi muammolarni ochib ko'rsatmoqda. Biz taklif qilingan u yoki bu o'zgarishlarni to'plangan tajribadan foydalangan holda qanday qo'llanilishini prognozlashtirish talab etiladigan rivojlanish bosqichida turibmiz.
Saylov tashkilotchilari qonunlarni yaxshi bilishi va ularga muvofiq ishlay olishlari kerak. Bunga, boshqa narsalar qatori, aholining saylov madaniyatini oshirish bo'yicha O'zbekiston parlamenti tomonidan tayyorlangan Milliy harakat dasturi yordam berishi zarur. Muhimi — saylovlarni o'tkazishda kasbiy mahoratning o'sishiga intilish, qonunga uning mazmuni va mohiyatiga muvofiq xizmat qilish.
Umuman olganda, yangi O'zbekistonda saylov qonunchiligi va amaliyotini demokratlashtirishning uch bosqichi jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy hamda ma'naviy yangilanishi va mamlakatni
modernizatsiya qilishning keng ko'lamli hamda dinamik jarayonlari bilan birgalikda, quyidagilarga:
birinchidan, haqiqiy ko'p partiyaviylik tizimini yuqori darajada rivojlantirish hamda mustahkamlashga. Mamlakatda sog'lom partiyalararo raqobat va barcha partiyalarga saylov kampaniyasini o'tkazish uchun teng shart-sharoitlar yaratilgan hamda saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish uchun ajratilgan byudjet mablag'larini adolatli taqsimlash, ovoz berishning halol va qonuniy bo'lishini ta'minlash yuzasidan zarur choralar ko'rilgan. Boshqacha aytganda, navbatdagi Prezident saylovi ko'p partiyaviylik, nomzodlar raqobati, ochiqlik, fikr erkinligi va chinakam tanlov sharoitida o'tkaziladi, deb ta'kidlash uchun barcha asoslar mavjud;
ikkinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari, volontyorlarning saylovlarda ishtirok etishdagi o'rni va imkoniyatlarini kengaytirish, odamlarning fuqarolik mas'uliyati hamda siyosiy-ijtimoiy faollik darajasini oshirish bilan bir qatorda, fuqarolarning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalarini talabchanlik bilan baholashga;
uchinchidan, O'zbekistonda partiyalar va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, mahalliy hamda xorijiy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari uchun saylov kampaniyasi davomida o'z huquq va majburiyatlarini amalga oshirishi uchun barcha zarur huquqiy sharoitlarni yaratishga;
to'rtinchidan, saylov jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanishning kengayishiga va ularni huquqiy tartibga solishga olib keladi;
beshinchidan, koronavirus pandemiyasi inson hayotining barcha jabhasiga o'zgarishlar kiritdi. Bir qator mamlakatlarda saylovlar bekor qilindi yoki qoldirildi. Endi saylovlar yangi sharoitda bo'lib o'tmoqda, birinchi marta odamlar saylov uchastkalariga antiseptik vositalardan foydalangan va qat'iy ravishda niqob taqqan holda kelishi talab etilmoqda.
Pandemiya sharoitida saylov jarayonini tashkil etishda quyidagi jihatlarga e'tibor qaratish lozim:
birinchisi, saylovlarni umumiy tashkil etishga qaratilgan. Bu binolar, kontaktsiz termometriya, odamlar oqimini tartibga solish, ijtimoiy masofa saqlash, niqob rejimiga rioya qilish, dezinfektsiyalovchi vositalardan foydalanish bilan bog'liq chora-tadbirlar;
ikkinchisi, saylovchilarga qo'yiladigan talablar, xususan, niqob taqishga, antiseptik vositalardan foydalanishga, masofani saqlash bilan bog'liq, uchinchisi esa, saylov kuni doimiy ravishda saylov uchastkalarida bo'ladigan saylov jarayonining ishtirokchilariga — saylov komissiyalari a'zolari, kuzatuvchilar va ishonchli vakillarga tegishlidir.
Darhaqiqat, saylovlar davlat hokimiyatini shakllantirishning samarali mexanizmlariga aylanib, uning izchilligi va siyosiy barqarorligini ta'minlaydi.
Akmal SAIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining birinchi o'rinbosari
- Qo'shildi: 10.06.2021
- Ko'rishlar: 5135
- Chop etish