Sharqda ilm-fanning ilk “yo‘l xaritasi”ni tuzgan alloma

Tarix sahnasida ba’zi shaxslar shunday chuqur iz qoldiradiki, ularning nomiga qo‘shib aytiladigan unvonlarning o‘zi butun bir davrning ilmiy-ma’naviy yuksalishidan darak beradi.

Jahon ilm-fani Aristotelni “Birinchi muallim” deb tan olgan bo‘lsa, oradan ming yildan ziyod vaqt o‘tib, Turon zaminidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiyning “Ikkinchi muallim” degan sharafli nomga sazovor bo‘lishida katta ramziy ma’no mujassam. Bu shunchaki yuksak ehtirom ifodasi emas, balki butun bir tamaddunning aqliy yetakchiligini e’tirof etish belgisidir. Ko‘pchilik bu unvonni Forobiyning qadimgi yunon donishmandlari, xususan, Aristotel asarlarini sharhlab, targ‘ib qilgani uchun berilgan deb hisoblaydi. Biroq bu fikr ulkan aysbergning faqat suv ustidagi qismi, xolos. “Ikkinchi muallim” unvoni zamirida bundanda chuqurroq va salmoqliroq sabablar yotadi.

Forobiyning buyuk xizmati shundaki, u faqatgina yunon ilmiy merosini o‘zlashtirib, uni sharq olamiga tanitgan tarjimon yoki sharhlovchi bo‘lib qolmadi. U, eng avvalo, antik davr bilimlarining poydevori ustida mutlaqo yangi, yanada mukammal va tizimlashgan ilm-fan binosini bunyod etgan buyuk “me’mor” edi. Falsafa fanlari doktori Muzaffar Xayrullayev ta’kidlaganidek, Forobiy o‘z davrida ma’lum bo‘lgan deyarli barcha bilim sohalarini qamrab olgan 160 dan ortiq risola yaratdi. Uning dahosi, birinchi navbatda, mavjud bilimlarni tartibga solishga, ularning har birining o‘rnini, vazifasini va o‘zaro aloqasini aniqlashga qaratilganida namoyon bo‘ladi. Uning “Ilmlarning kelib chiqishi haqida” va “Ilmlarning tasnifi haqida” kabi asarlari buning yaqqol dalilidir. Ushbu risolalarda olim o‘sha davrning 30 ga yaqin fan sohasini muayyan tartibda joylashtirib, ularning ta’rifi va tafsilotini bergan. Bu, o‘z mohiyatiga ko‘ra, Sharq olami uchun ilm-fanning ilk “yo‘l xaritasi”, o‘ziga xos “universitet dasturi” edi.

Forobiy taklif qilgan tasnifot o‘z davri uchun inqilobiy ahamiyatga ega edi. U fanlarni beshta yirik guruhga ajratadi: 1) Til haqidagi ilm (grammatika, poetika va boshqalar); 2) Mantiq (tushuncha, muhokama, xulosa); 3) Matematika (arifmetika, geometriya, optika, musiqa, mexanika va hokazo); 4) Tabiiy va ilohiy ilmlar (fizika va metafizika); 5) Siyosat ilmi, huquqshunoslik va kalom (teologiya). E’tiborli jihati shundaki, diniy-nazariy bilim bo‘lmish kalom ilmi mutafakkir tomonidan tasnifning oxiriga, fuqarolik fanlari qatoriga joylashtirilgan. Holbuki, mutakallimlar kalomni borliqni bilishning universal metodi deb hisoblardi. Forobiy esa bu bilan aqliy va tabiiy bilimlarning o‘rni muhimroq ekaniga ishora qilgan. Uning uchun har bir fan borliqning muayyan bir jihatini o‘rganishi, ya’ni ob’ektiv haqiqatni aks ettirishi kerak edi.

Aynan mana shu tizimli yondashuv Forobiyni “Ikkinchi muallim” degan nomga haqli voris qildi. Aristotel antik dunyo bilimlarini tizimga solgan bo‘lsa, Forobiy o‘rta asrlar ilm-fanining parokanda va turli manbalardan kirib kelayotgan oqimlarini yagona, mantiqiy izchillikka ega daryoga birlashtirdi. Arab olimi Ibn Qiftiyning yozishicha, Forobiy mantiq ilmini o‘rganishni osonlashtirgan, uning “qiyin joylarini oydinlashtirgan, ko‘pchilikka noma’lum bo‘lgan yashirin sirlarini ochgan”. Uning asarlari butun Sharq uchun asrlar davomida ilm-fan darsligi vazifasini o‘tadi. Undan keyingi buyuk allomalar – Ibn Sino, Beruniy, Ibn Ro‘shd kabi daholar aynan Forobiy yaratgan mustahkam ilmiy poydevor ustida o‘z kashfiyotlarini amalga oshirdilar. Ibn Sinoning mashhur “Tib qonunlari” asarining yozilishiga ham Forobiyning “Inson tanasining a’zolari haqidagi” risolasi bevosita turtki bo‘lgani haqidagi fikrlar bejiz emas.

Shunday qilib, “Ikkinchi muallim” unvoni – bu Aristotel g‘oyalarini takrorlagan shogirdga emas, balki uning missiyasini yangi tarixiy davrda davom ettirgan, ilm-fanni parokandalikdan saqlab, uni yangi, yuksak bosqichga olib chiqqan buyuk tafakkur sohibiga berilgan bahodir. Forobiy Aristoteldan keyingi falsafa ufqida porlagan eng yorqin yulduz bo‘ldi va uning ziyosi butun Sharq ma’rifat osmonini yoritib turdi. Bu unvon – ajdodimizning nafaqat bilimlarni o‘zlashtirgani, balki bilimlarning o‘zini boshqara olgani, uni tizimga solib, kelajak avlodlar uchun mukammal ta’limot yarata olganining e’tirofidir.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA

Powered by GSpeech