Singapurda 20 yil ichida birinchi marta ayol kishi qatl etiladi

Singapur hukumati qariyb 20 yil ichida birinchi marta ayol kishini qatl qilishni rejalashtirmoqda. Ayol 30 grammga yaqin geroin savdosida ayblangan. Bu haqda Transformative Justice Collective tashkiloti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 45 yoshli Saride Jamani 2018-yilda giyohvand moddalar sotishga uringan. Uni 28-iyul kuni qatl etishmoqchi.

Jamani 2004-yildan beri Singapurda o‘lim jazosiga hukm qilingan birinchi ayol bo‘ldi.

Singapur sud tizimi qotillik, odam o‘g‘irlash va 500 grammdan ortiq nasha, 15 grammdan ortiq geroin tarqatganlik uchun o‘lim jazosini nazarda tutadi.

 

Amnesty International inson huquqlari tashkiloti 25-iyul kuni Singapurni Jamanining qatlini bekor qilishga chaqirdi.

“Singapur hukumati giyohvand moddalarni nazorat qilish nomi bilan qatllar sonini ko‘paytirayotgani achinarli. O‘lim jazosi giyohvand moddalarni iste’mol qilish yoki uni tarqatishda noyob tiyib turuvchi ta’sirga ega ekani haqida hech qanday dalil yo‘q. Butun dunyo o‘lim jazosini bekor qilib, giyohvandlik siyosatini isloh etayotgan bir paytda, Singapur rasmiylari bunday qilmayapti”, — deyiladi tashkilot bayonotida.

Amnesty International tashkiloti Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasi hamda Giyohvand moddalarni nazorat qilish xalqaro kengashini Singapur ustidan bosimni kuchaytirishga chaqirdi.

Aprel oyida Singapurda kannabis savdosi bilan shug‘ullangan erkak qatl qilingandi. BMT bunga norozilik bildirgan.

Daryo.uz

Powered by GSpeech