Zamonaviy qonunchilik mantiqan izchil islohotlarga mos bo‘lishi zarur

2021 yil 14 dekabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Zamonaviy konstitutsionalizm: milliy va xorijiy tajriba” mavzusidagi xalqaro konferensiyada davr talablari, islohotlar shiddati va izchilligi hamda insonlar ehtiyojlari taqozosi asosida qonunlarni, shu jumladan, Konstitutsiyani takomillashtirish borasidagi xalqaro tajriba haqida so‘z bordi.

Anjuman Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi hamda Davlat va huquq instituti tomonidan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ko‘magida tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari, siyosiy partiyalar, mamlakatning akademik hamjamiyati vakillari, shuningdek, chet ellik olim va ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va chet el diplomatik korpusi vakillari ishtirok etdi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad – hozirgi davrda turli mamlakatlarda konstitutsionalizmning rivojlanish tendensiyalarini aniqlash va tahlil qilish, bu boradagi ilg‘or milliy va xalqaro tajribani qiyosiy o‘rganishdan iborat.

Konferensiya ishtirokchilari mamlakatimizning Asosiy qonunini jamiyatdagi real voqelikka, shiddatli demokratik islohotlar mantig‘iga moslashtirish, shu negizda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahqam huquqiy poydevor yaratish masalalari bo‘yicha atroflicha fikr almashdilar. Ayniqasa, har qanday demokratik islohotlar mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asosga ega bo‘lsagina bardavom va samarali bo‘lishi alohida ta’kidlandi.

Jahon tajribasi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalardagi islohotlarning o‘zaro mutanosibligi ta’minlanmaganligi hamda bir-biridan ortda qolishi turli inqirozlarga olib kelishini ko‘rsatmoqda. Qolaversa, mavjud konstitutsiyaviy-huquqiy asos, adolatli fuqarolik jamiyatining rivojlanish holati, fuqarolarning siyosiy-huquqiy ongi va madaniyati darajasi demokratik islohotlar shiddatiga tayyor emasligi mamlakatning modernizatsiya jarayonlariga to‘siq bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun Konstitutsiya va qonunlar davr shiddati va talabi, islohotlar va xalq ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, doimiy ravishda takomillashtirib boriladi. Bugun dunyoda hech bir Konstitutsiya ilk qabul qilingan tahririda saqlanib qolmagan. Birgina XXI asrda dunyoning 90 ga yaqin davlatida konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, 57 tasida yangi Konstitutsiya qabul qilindi.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilari ta’kidlaganlaridek, turli mamlakatlardagi konstitutsiyaviy o‘zgarishlar, asosan, tashqi hamda ichki tahdid va xatarlarni inobatga olib, ularga javob berishga qaratilganligi bilan o‘zaro o‘xshashdir. Zamonaviy konstitutsiyalar bundan yuz yil oldin unchalik ko‘zga tashlanmagan yangidan-yangi – atrof-muhit, gender tengligi, inson, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kelajak avlod huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kabi masalalarni qamrab olgan.

Zamonaviy konstitutsiyalardan, shuningdek, axborotlashgan jamiyatni shakllantirish, shaxsiy raqamli ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, ilmiy-texnologik va innovatsion rivojlanish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron demokratiya va xalq qonunchilik tashabbuslari unsurlarini joriy etish kabi boshqa zamonaviy masalalar ham o‘rin olgan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirishshga qaratilgan o‘zaro bog‘liq va mohiyatan bir-birini taqozo etuvchi tub demokratik siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Harakatlar strategiyasi doirasida Konstitutsiyaning 21 ta moddasiga 9 marotaba 32 ta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Shu bilan birga, globallashuv, raqamlashtirish, iqlim o‘zgarishi va jadal o‘zgarib borayotgan davr talabi asosida mamlakatni yanada modernizatsiya qilish, tinchlik, barqarorlik va milliy mustaqillikni mustahkamlash borasida o‘ta dolzarb yangi vazifalar kun tartibiga qo‘yilmoqda.

Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasida mamlakatni modernizatsiya qilishning yetti yo‘nalishi bo‘yicha 50 dan ortiq kodeks, qonun, strategiya, konsepsiya va dasturlar qabul qilinishi zarurligi ko‘zda tutilgani, 100 dan ortiq boshqa tashabbuslar ilgari surilgani ham buni yaqqol tasdiqlaydi.

Taraqqiyot strategiyasida qonunchilik, huquqiy tafakkur va huquqni qo‘llash tizimi, jamiyatning siyosiy va huquqiy ongi umuminsoniy qadriyatlar va barqaror rivojlanish tamoyillariga yo‘naltirilgani juda muhim. Shu bois xalqaro anjumanda, keng jamoatchilik xohish-irodasini hisobga olgan holda, O‘zbekiston Prezidenti Asosiy qonunni takomillashtirishning 9 ta yo‘nalishini aniq belgilab bergani alohida e’tirof etildi.

Bu asosiy yo‘nalishlar, birinchi navbatda, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘liq amalga oshirishga qaratilgan. Binobarin, inson qadri, inson sha’ni uchun qayg‘urish degani – fuqarolarning tinch va xavfsiz hayoti, asosiy huquq va erkinliklarini, munosib turmush sharoitini ta’minlash va zamonaviy infratuzilma barpo etish, mamlakatning har bir fuqarosi uchun malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya va sog‘lom ekologik muhit yaratish demakdir.

Taraqqiyot strategiyasida belgilangan “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” prinsipini hayotga tatbiq etish bo‘yicha konstitutsiyaviy normani mustahkamlash masalalariga jiddiy e’tibor berilayotgani bejiz emas. Jahon tajribasiga ko‘ra, ijtimoiy davlat – bu raqobatli bozor iqtisodiyoti, turli pandemiya va epidemiyalar sharoitida o‘z fuqarolariga ma’lum bir minimal farovonlikni kafolatlaydigan davlat, deganidir.

Anjumanda konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida ustuvor darajada e’tibor qaratish lozim bo‘lgan bir  qator dolzarb masalalar,  xususan, insonning iqtisodiy huquqlarini ta’minlashning eng muhim va zarur sharti sifatida xususiy mulk, jumladan, yer va foydali qazilmalar daxlsizligi va himoyasi tamoyillarini amalga oshirish muammolari atroflicha muhokama etildi. Zero, aksariyat davlatlar konstitutsiyalarida xususiy mulk huquqi insonning konstitutsiyaviy huquqlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, hozirgi vaqtda ko‘pgina rivojlangan davlatlar global iqlim o‘zgarishlarini hisobga olgan holda, o‘z konstitutsiyalariga maxsus ekologik bo‘limlarni kiritmoqda. Bu borada Fransiya, Rossiya va Yevropadagi boshqa davlatlarning o‘z ekologik xartiyalarini Konstitutsiyaning tarkibiy qismlari sifatida qabul qilish borasidagi tajribalari e’tiborga molikdir.

Shu bilan birga, ko‘plab davlatlar to‘rtinchi sanoat inqilobiga qadam qo‘yayotgan sharoitda O‘zbekistonning raqobatbardoshligini amalda ta’minlash, shuningdek, axborotlashgan jamiyatni shakllantirish maqsadida davlat tomonidan axborot texnologiyalari va “raqamli konstitutsiyaviy institutlar”dan foydalanishni qo‘llab-quvvatlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash masalalarini chuqur ko‘rib chiqish zarur.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech