Toshkentda “Palermo protokoli: milliy tajriba va xorijiy amaliyot” mavzuida o'tkazilgan xalqaro forumda Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari o'rtasida odam savdosiga qarshi kurashish hamda transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida so'z bordi. Anjuman 30 iyul` – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurash kuniga bag'ishlandi.
Xalqaro forum Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Xalqaro migratsiya tashkilotining O'zbekistondagi Vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda vazirlik va tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar, BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari, O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikistonning ilmiy-ta'lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Odam savdosining, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo'yish va uning uchun jazolash haqidagi Palermo protokoli odam savdosiga qarshi kurashishning umume'tirof etilgan yagona huquqiy vositasi hisoblanadi. Ushbu universal xalqaro hujjat “Palermo protokoli” nomi bilan mashhur.
Palermo protokoli BMTning 2000 yildagi Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash konventsiyasini to'ldiradi. Ilk bor “odam savdosi” tushunchasiga keng ta'rif berilgan ushbu xalqaro hujjat odam savdosiga qarshi kurash bo'yicha milliy qonunlarni ishlab chiqish uchun mustahkam huquqiy asos hamdir.
O'zbekiston Palermo protokoliga Prezidentimizning 2008 yil 8 iyuldagi Qaroriga asosan qo'shilgan. Hujjat uni imzolagan mamlakatlar zimmasiga odam savdosiga barham berish, jabrdiydalarni himoyalash va ularga yordam ko'rsatish, shuningdek bu borada natijalarga erishish uchun davlatlar o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish kabi majburiyatlarni yuklaydi. Ushbu Protokolni, 2020 yil may holatiga ko'ra, 176 ta tomon ratifikatsiya qilgan.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari odam savdosi sohasidagi so'ngi tendentsiyalar, ushbu illatga qarshi kurashish bilan bog'liq qiyinchiliklar, shu jumladan KOVID-19 pandemiyasining bu jarayonga ta'siri va oqibatlarini muhokama qildilar. BMT ma'lumotlariga ko'ra, dunyo bo'yicha har yili 2,7 millionga yaqin shaxs odam savdosi qurboniga aylanmoqda.
Dunyoda eng shafqatsiz, g'ayriinsoniy jinoyatlardan biri bo'lgan odam savdosi har kuni dunyoning turli hududlarida qanchadan-qancha ayollar, erkaklar va bolalarning aldanib, zo'ravonliklarga duch kelishiga sabab bo'lmoqda. Odam savdosi – bu milliy chegaralardan chiqib, odamlarni insoniy qadr-qimmatidan mahrum etadigan global muammodir.
O'zbekiston odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik va mexanizmlarni takomillashtirish bo'yicha izchil choralarni ko'rmoqda.
2019 yilda O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etildi.
Shuningdek, xalqaro tajribani hisobga olgan holda, 2020 yilda yangi tahrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurash to'g'risida”gi Qonun ishlab chiqildi va qabul qilindi. Qonunga muvofiq, odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish, aniqlash – ularga zarur yordam ko'rsatish hamda ularni himoya qilish, ularning odam savdosiga qayta jalb etilishi xavfining oldini olish maqsadida amalga oshiriladi. Qonunda odam savdosi qurbonlarini ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish tartibi ham belgilangan.
Ushbu sohada amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida AQSH Davlat departamentining yaqinda e'lon qilingan Odam savdosiga qarshi kurashning dunyo bo'yicha holati tahliliga doir ma'ruzasida O'zbekiston bu borada 2021 yilda ikkinchi toifaga (Tier 2) o'tkazilgani ta'kidlanganki, bu o'zgarish mamlakatimizning ayni yo'nalishda izchil natijaga erishganini ko'rsatadi. Ilgari, 2018-2020 yillar davomida O'zbekiston ikkinchi guruh, ya'ni alohida nazorat olib boriladigan mamlakatlar tarkibida (Tier 2 Watch List) bo'lib kelgan.
Ma'ruzada O'zbekistonning fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligiga ijobiy baho berilgan. Xususan, o'zaro hamkorlikda har yilgi paxta yig'im-terimi mavsumida majburiy mehnatdan foydalanish holatlari keskin kamaygani ta'kidlangan.
Shuningdek, Suriya, Iroq va Afg'onistonning qurolli mojarolar davom etayotgan hududlariga borib qolgan ayollar va bolalarni himoya ostiga olish hamda jamiyatga moslashtirish, bundan tashqari, pandemiya sharoitida mehnat migrantlarini ijtimoiy himoya qilish va ish bilan ta'minlash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarga e'tibor qaratilgan.
Xalqaro anjumanda mintaqa mamlakatlari vakillari tomonidan odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiyalashning oqsayotganligi sabablari va odam savdosi bilan bog'liq jinoyatlarning yetarli darajada samarali tergov qilinmasligi holatlari tahlil qilindi.
Odam savdosini keltirib chiqaradigan sabablarga qarshi muvaffaqiyatli kurashish uchun mavjud muammolarni hal qilishda yondashuvlarni sifat jihatidan o'zgartirish, vakolatli organlarning yaqin o'zaro ta'siri va tizimli ishlashi, davlat va fuqarolik jamiyati sa'y-harakatlarini birlashtirish zarurligi qayd etildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.07.2021
- Ko'rishlar: 3957
- Chop etish