Sudlar adolat qo'rg'oni bo'lmog'i lozim

Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida so'zlagan nutqida, BMTning din yoki e'tiqod erkinligi, sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachilarining  tavsiyalari O'zbekistonda alohida e'tiborga olinganligini ma'lum qilib, Inson huquqlari bo'yicha kengashga Sud`yalar kengashlari faoliyatining universal printsiplarini ishlab chiqish masalasini ko'rib chiqishni taklif etdilar.

Ma'lumki, mamlakatimizda sudlar faoliyatini isloh qilish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Keyingi paytlarda bu yo'nalishda ko'plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va ijroga qaratildi.

Joriy yilning yanvar` oyida sud qarorlarini qayta ko'rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga, O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga, O'zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga, O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy sud ishlarini yuritish to'g'risidagi kodeksiga, O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga  sud qarorlarini qayta ko'rish institutini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi.

2021 yilning 13 yanvaridan sud qarorlari ustidan nazorat tartibida shikoyat berish instituti tugatildi, sud qarorlari ustidan apellyatsiya va kassatsiya tartibida shikoyat berishning amaldagi tartibi tubdan o'zgartirildi, apellyatsiya va kassatsiya instantsiyasi sudlari vakolatlari kengaytirildi, ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlarni ko'rib chiqish vakolati ma'muriy sudlardan jinoyat ishlari bo'yicha sudlarga o'tkazildi.

Sud-huquq islohotlari haqida so'z borganda, albatta O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi PF-6012 son Farmoni bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasining Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiyasini va shu asosda ishlab chiqilgan “Yo'l xaritasi” haqida to'xtalish zarurdir.

Mazkur hujjatlarda, jumladan, sud-huquq tizimini yanada rivojlantirishga taalluqli bir nechta chora-tadbirlar ham o'z aksini topgan.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ushbu sohada qisqa muddatda amalga oshirilgan tarixiy demokratik islohotlar yurtimizni xal­­qaro maydondagi nufuzi va obro'-e'tiborini tamoman yangi bosqichga olib chiqqanini alohida e'tirof etish joiz.

Shuningdek, BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sud`yalar va advokatlar mustaqilligini ta'minlash bo'­­­yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan tomonidan O'zbekistonga 2019 yilgi tashrifi yakunlari bo'yicha ma'ruzasi doirasida e'lon qilingan ijobiy fikrlar va dalillar ham bu boradagi sa'y-ha­rakatlarning o'ziga xos e'­ti­rofi bo'ldi.

Mamlakatimizning inson huquqlari bo'yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatga, jumladan, BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakul`tativ protokoliga qo'shilgani soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Halqaro shartnomaviy majburiyatlarni bajarish yuzasidan inson huquqlariga oid milliy qonunchilik bazasi izchil takomillashtirilmoqda. Buni ke­yin­gi bir yil davomida 70 dan ortiq qonun, 350 dan ziyod Prezident farmon va qarorlari qabul qilingani bilan ham tasdiqlaydi.

Ayniqsa, siyosiy-huquqiy nuqtai nazardan yondashganda, uzoq muddatga mo'ljallangan ush­bu Milliy strategiya O'zbekistonning 30 yillik mustaqil demokratik taraqqiyoti davrida inson huquqlarini himoya qilish va sud-huquq islohotlarini chuqurlashtirish yo'lida mamlakatimiz hayotidagi eng muhim tarixiy qadam bo'ldi desak hech mubolag'a bo'lmaydi.

Sudlarda ishlarni ko'rib chiqishda adolatni, ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash uchun «Elektron odil sudlov» tizimi joriy etildi.

Mamlakatda inson huquqlari sohasida amaldagi holatni o'rganish natijalari, shuningdek, BMTning shartnomaviy organlari, O'zbekistonga tashrif buyurgan BMTning maxsus ma'ruzachilari, Universal davriy hisobot va boshqa xalqaro mexanizmlar doirasida berilgan tavsiyalarning tizimli tahliliga ko'ra, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta'minlash maqsadida sohada demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va izchil davom ettirish lozimligini talab qilmoqda.

Shu o'rinda, sudlar tomonidan inson huquq va erkinliklarini ta'minlashda, xususan, asossiz jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan oqlov hukmlari chiqarilishi borasidagi faoliyatiga e'tibor qaratish kerak.

Tahlillarga qarasak, keyingi 4 yil ichida sudlar tomonidan 2770 nafar shaxslarga nisbatan oqlov hukmlari chiqarilganini ko'rish mumkin.

Sudlarning mustaqilligini va xolisligini ta'minlash maqsadida sud`yalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asoslarini shakllantirish hamda «Xabeas korpus» institutini yanada takomillashtirish yo'li bilan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashda sud hokimiyatining rolini oshirish;

sud jarayonlarida tenglik va tortishuv tamoyillarini to'liq joriy qilish, advokaturani mustaqil, ishonchli huquqni himoya qiluvchi institutga aylantirish, malakaviy yuridik yordam sifatini hamda advokat kasbining nufuzini oshirish, inson huquqlari sohasida ixtisoslashgan huquqshunoslarni tayyorlash tizimini takomillashtirish kabi ustuvor vazifalar Milliy strategiyani amalga oshirishning asosiy yo'nalishlari sifatida belgilangan.

2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi, Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiya va “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilab berilgan vazifalar to'liq va sifatli amalga oshirilsa, mamlakatimizda sud`yalar va advokatlarning mustaqilligini ta'minlashga qaratilgan yutuqlarga erishgan bo'lamiz. Bunga albatta Yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan kuchli, demokratik siyosat va donishmand halqimizning ishtirokida erishamiz.

Otabek Norboev,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo'lim boshlig'i

Manba: hudud24.uz

Powered by GSpeech