Sukut – halokatga yetaklaydi

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali maktabgacha ta’lim muassasalarida sodir bo‘layotgan og‘riqli voqealar jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. E’tiborsizlik, nazoratsizlik, eng achinarlisi, tarbiyachilarning bolalarga nisbatan ko‘rsatayotgan jismoniy va ruhiy zo‘ravonligi oqibatida yosh bolalarning o‘lim holatlari ham ko‘paymoqda.

Shunday holatlar yuzasidan Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati, endokrinolog Feruza Ikromova o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

– Har bir ota-ona farzandini bolalar bog‘chasiga ishonch bilan olib boradi. Bu joy ularning nazarida bola tarbiyalanadigan, rivojlanadigan, ijtimoiy hayotga ilk qadamini qo‘yadigan muqaddas makon bo‘lishi kerak. Ammo, ko‘plab holatlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim bog‘chalar bolalar hayoti uchun xavfli joyga aylanmoqda, – deydi shifokor Feruza Ikromova.

So‘nggi yillarda bog‘chalarda sodir bo‘lgan bolalarning yiqilishi, urilishi, bo‘g‘ilishi, oziqlanishdan zaharlanishi yoki eng og‘iri, tarbiyachi tomonidan kuch ishlatish natijasida vafot etgani to‘g‘risidagi xabarlar ko‘paymoqda. Bu holatlarning barchasi muassasalardagi nazoratsizlik, befarqlik, mas’uliyatsizlik va tajribasizlik natijasidir.

Tarbiyachi bolalar hayotida eng muhim shaxslardan biri bo‘lishi kerak. U bola uchun mehr, sabr, tinchlik, ishonch timsolidir. Ammo, ayrim hollarda aynan shu ishonch suiiste’mol qilinmoqda.

Bolani qo‘rqitish, tahqirlash, urish, yedirmaslik, uzoq vaqt hojatxonaga chiqarmaslik yoki yotishga majburlash – bu oddiy pedagogik muammo emas. Bu zo‘ravonlikdir. Bu bola ruhiyatini izdan chiqaruvchi, ba’zida esa jismoniy halokatga olib keluvchi jinoiy harakatdir.

Tana ko‘karishidan ko‘ra yurakdagi ko‘karish og‘irroq bo‘ladi. Tarbiyachining bolaga nisbatan, “Sendan odam chiqmaydi!”, “Onang kelganda aytaman!”, “Nega bunday tentaksan?”, “Senga ovqat yo‘q!”, kabi tahqirli so‘zlar uning ruhiyatida abadiy iz qoldiradi. Bu esa, bolada qo‘rquv, ishonchsizlik, o‘zini kamsitilgan his qilish, jismoniy bezovtalik kabi salbiy oqibatlarni tug‘diradi.

Qayerda xatolik qilinyapti degan savol tug‘iladi? Kadrlar tanlovining sustligi. Tarbiyachi sifatida ishga qabul qilinayotgan shaxslarning psixologik holati, mehrga qanchalik ega ekani, bolalar bilan ishlashga loyiqligi chuqur o‘rganilmayapti.

Shuningdek, aksar bog‘chalarda nazorat kamerasi mavjud, biroq u faqat qog‘ozda ishlaydi. Kamera bor, ammo, javobgar yo‘q. Jamoatchilik kengashlari, ota-onalar qo‘mitasi faol emas. Tekshiruvlar oldindan kelishilgan, sun’iy va samarasiz. Ko‘plab ota-onalar shikoyat qilishga jur’at etolmaydi. Sababi – bolaning ertaga yana o‘sha tarbiyachiga topshirilishi. Ba’zi hollarda tarbiyachi zo‘ravonligi uchun ogohlantirish yoki ishdan bo‘shatish bilan cheklaniladi. 

Bunday hollarda eng avvalo, tarbiyachilarni tanlashda psixologik testlar, emotsional barqarorlik bahosi majburiy bo‘lishi lozim. Har bir holat bo‘yicha ochiq, shaffof tergov va jamoatchilik ishtirokida tahlil qilinishi shart. Bog‘chalarda haqiqiy va doimiy videonazorat tizimi joriy qilinishi, yozuvlar arxivda saqlanishi kerak. Ota-onalar va fuqarolik jamiyati vakillari qatnashadigan jamoatchilik kengashlari faoliyati kuchaytirilishi zarur. Zo‘ravonlik holatlari jinoyat deb baholanib, tegishli jazo chorasi qat’iy qo‘llanilishi shart.

Bog‘chada bola o‘lishi – bu ta’limdagi muammo emas. Bu insoniylikdagi, tizimdagi, axloqdagi halokatdir. Bolaning hayoti biz uchun eng muqaddas bo‘lishi kerak. Farzandlarimiz bog‘chaga sog‘lom, xavfsiz va baxtli borib, sog‘lom, baxtli va rivojlangan holda qaytishi kerak.

Bu bizning fuqarolik burchimiz, ota-onalik mas’uliyatimiz, davlatning konstitutsion majburiyatidir. Farzandlarimizni himoya qilaylik, ertangi kunni asraylik.

O‘zA muxbiri Zarif Komilov yozib oldi. 

Powered by GSpeech