TARJIMA SAN'ATIDAN – NAFIS DIPLOMATIYA SARI

Tarixdan ma'lumki, buyuk ajdodlarimiz yurtimiz dovrug'ini butun dunyoga yoygan. O'rta asrlardan buyon G'arb mamlakatlarida el-yurtimiz tarixi va madaniyati, tili va adabiyoti, bor qadimiy va boy ma'naviy merosimiz chuqur o'rganib kelingan.

Vatanimiz istiqlolga erishgach, jahon adabiyotining shoh asarlarini o'zbek tiliga tarjima qilish bilan bir qatorda, bizning ilmiy, badiiy va tarixiy asarlarimizni ham dunyo tillariga, jumladan, frantsuz tiliga tarjima qilishga alohida e'tibor berilmoqda.

Bir paytlari frantsuz adabiyotining mashhur namunalari rus tili orqali o'zbek tiliga tarjima qilingan. O'tgan asrning so'nggi o'n yilliklariga kelib frantsuz tilidagi asarlarni bevosita, ya'ni to'g'ridan-to'g'ri o'zbek tiliga tarjima qilish boshlandi.

Biroq Viktor Gyugo va Aleksandr Dyuma kabi zabardast adiblar badiiy uslublarining sayqal topishiga xizmat qilgan jozibador frantsuz tilini mukammal darajada biladiganlar sanoqli ekani ham bor gap. Shu ma'noda, ayni sohani yurtimizda frantsuz tarjimashunosligi maktabining asoschisi va darg'alaridan biri – Shoazim Minovarovsiz tasavvur qilib bo'lmaydi.

Mohir tarjimon, o'z kasbining ustasi, kamtarin inson Shoazim Minovarov 1951 yilda Toshkent shahrida – jadidchilik maktabining yirik vakili Munavvarqori Abdurashid­xonov xonadonida tug'ilgan. Darvoqe, 2020 yilda O'zbekiston Prezidenti Farmoniga ko'ra jadidchilik harakati namoyandalari – Abdulla Avloniy, Mahmudxo'ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanganda, Shoazim aka ma'rifatparvar bobosining munosib vorisi sifatida ana shu yuksak davlat mukofotini qabul qilib olgan.

SH.Minovarov 1973 yilda O'zbekiston Milliy universiteti frantsuz tili va adabiyoti mutaxassisligi bo'yicha tahsil olib, ko'p yillar davomida turli mas'uliyatli lavozimlarda ishlagan. Jumladan, sobiq SSSRning Gvineyadagi
elchixonasida, Jazoirdagi bosh konsulxonada xizmat qilgan.

Istiqlol yillarida Shoazim aka Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari, raisi, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, Tashqi ishlar vazirining o'rinbosari, O'zbekistonning Misrdagi Favqulodda va muxtor elchisi, Toshkentdagi Frantsuz al`yansi raisi, Islom sivilizatsiyasi markazining direktori lavozimlarida samarali faoliyat olib bordi.

Ayni paytda SH.Minovarov O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, shu bilan birga O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish bo'yicha butunjahon jamiyati boshqaruv kengashi a'zosi hisoblanadi.

Shoazim aka bilan ilk yuzma-yuz tanishuvimiz 1993 yil oktyabrida – kamina O'zbekis­tonning Frantsiyadagi birinchi Favqulodda va muxtor elchisi hamda YUNESKOdagi doimiy vakili bo'lib ish boshlagan davrda kechgan. Keyinchalik, 1996 yili – Amir Temur yubileyi munosabati bilan Parijda o'tkazilgan rasmiy tadbirlarda hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Frantsiyaga rasmiy tashrifi chog'ida SH.Minovarov davlat boshlig'ining frantsuz tili bo'yicha tarjimoni sifatida nechog'lik mahorat bilan ishlashini bevosita kuzatganman.

SH.Minovarov badiiy adabiyot tarjimoni sifatida frantsuz adiblarining bir qator asarlarini o'zbek tiliga to'g'ridan-to'g'ri tarjima qilgani ham diqqatga loyiqdir. Xususan, Sharl` Perroning “Ona g'oz ertaklari”, “Qizil qalpoqcha”, “Kuloyim yoki billur boshmoqchalar”, “Ustasi farang yoki etik kiygan mushuk”, “Sehrgarlar”, “Kokildor Rike” kabi ertaklari, Le Klezioning “Odel`. Mondo va boshqa hikoyatlar” asari, Fransua Moriakning “Ilonlar komida” romani, Charl`z Dikkensning “Katta umidlar” romani (ingliz va rus tillaridan), Montesk`ening “Fors nomalari” asari, Lyus`en Kerenning “Buyuk Temur” p`esasi, Patrik Modianoning “To'y sayohati” romani, Mopassanning hikoyalari shular sirasiga kiradi.

Shu bilan birga SH.Minovarov milliy ma'naviyatimiz boyligi hisoblanuvchi bir qancha kitoblarni, jumladan, taniqli o'zbek adibi Erkin A'zamning “Alvido, ertaklar” nomli asarini, YUNESKOning “Temuriylar Uyg'onish davri” kitobini frantsuz tiliga tarjima qilgan. Amir Temurning “Temur tuzuklari” asari o'zbek, fors, rus, ingliz va frantsuz tilda yagona jildda jam holda Shoazim Minovarov rahbarligida Islom sivilizatsiyasi markazining bir guruh ilmiy xodimlari tomonidan nashrga tayyorlangan.

2020 yilda Shayx Abdulaziz Mansur tomonidan tayyorlangan “Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri” kitobi nashrdan chiqqan. Ushbu muborak nashrning tahrir hay'ati a'zolari hisoblanuvchi taniqli olimlar safida Shoazim Minovarov ham bor. U kishi adabiyotshunos sifatida ham ko'plab kitoblar chop ettirgan, maqolalari matbuotda muntazam e'lon qilinmoqda.

Har bir tarjima qilingan asar xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, madaniyatlar, ma'naviyatlar, tillarni boyitishga xizmat qiladi. SH. Minovarovning “Cho'lpon Frantsiyada” nomli maqolasida qayd etilganidek, “Tarjimachilik yozma adabiyot bilan bir paytda paydo bo'lgan. Agar Ibn Sino, Beruniy, Ulug'bek kabi olimlar Ptolemey, Platon, Gippokratlarning asarlarini arab tiliga va Toledoda (Ispaniya) O'rta asrlarda faoliyat ko'rsatgan tarjimachilik maktabidagilar Sharq olimlari asarlarini lotin tiliga o'girmaganlarida, insoniyat ko'plab ilmiy-madaniy boyliklardan mahrum qilingan bo'lardi”.

Haqiqatan ham, olis tarixga nazar solsak, Birinchi va Ikkinchi Uyg'onish davrlarida xalqlar, madaniyatlar va adabiyotlarning o'zaro yaqinlashishi hamda bir-birlaridan kuch-quvvat olib yakdil yuksalishida aynan tarjimonlarning o'rni hamda ahamiyati beqiyos bo'lganini ko'ramiz. Shunday ekan, Uchinchi Renessans sari dadil odimlayotgan yangi O'zbekistonning yanada yuksalishi yo'lida Shoazim Minavvarov kabi fidoyi ziyolilarimiz hali ko'p xizmat qilish­lariga aminmiz.

Akmal SAIDOV,
akademik

Powered by GSpeech