Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

“Tor yo‘laklar”dan teng imkoniyatlarga: nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yangi loyiha boshlandi

Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ularga kasbiy ko‘nikmalar berish va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yangi qo‘shma loyiha ishga tushirildi.

Poytaxtda Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) vakillari ishtirokida loyihani rasman boshlash marosimi o‘tkazildi.

TCP/UZB/4101 — “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni moslashtirilgan issiqxonalar orqali ijtimoiy integratsiya qilish va ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish” loyihasi 24 oy davomida amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Olmaliq, Farg‘ona va Samarqanddagi oltita ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi pilot hudud sifatida tanlangan. Ularda mavjud issiqxonalar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yanada qulay va foydalanish imkoni yuqori bo‘lgan shaklga keltiriladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 845 ming 300 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs rasman ro‘yxatga olingan. Ularning 532 ming nafardan ortig‘i qishloq joylarda istiqomat qiladi.

Biroq qishloq hududlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning atigi 5,8 foizi rasmiy band. Nogironligi bo‘lgan qishloq ayollari orasida esa bu ko‘rsatkich 4,4 foizni tashkil etadi.

Muammoning yana bir muhim jihati — mavjud infratuzilmaning barcha uchun birdek qulay emasligi. Issiqxonalardagi tor yo‘laklar, yer sathida joylashgan ekin maydonlari, baland ostonalar va qo‘lda boshqariladigan sug‘orish tizimlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishi va mehnat qilishiga to‘siq bo‘lishi mumkin. Yangi loyiha aynan shu muammolarni “SmartGreen Inclusion” modeli orqali hal etishni ko‘zda tutmoqda.

Har bir pilot muassasada avvalo agronomik sharoit va foydalanish imkoniyatlari baholanadi. Shundan so‘ng issiqxona uning joylashuvi, imkoniyatlari hamda undan foydalanuvchi nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlaridan kelib chiqib moslashtiriladi. Bunda ishtirokchilarning fikri ham inobatga olinadi. Ya’ni loyihada nogironligi bo‘lgan shaxslar nafaqat yordam oluvchi, balki qarorlar qabul qilish jarayonining bevosita ishtirokchisi sifatida qaraladi.

Ularning issiqxonada ekin yetishtirishning to‘liq ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishi, amaliy kasbiy ko‘nikmalarni egallashi va kelgusida daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratiladi.Loyihaning asosiy maqsadi faqat oltita muassasada issiqxonalarni moslashtirish bilan cheklanmaydi.

O‘zbekistonda hozirga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilgan issiqxonalarni loyihalash bo‘yicha milliy standart, nogironlik ehtiyojlariga mos qishloq xo‘jaligi ta’limi modeli hamda keng joriy etish uchun amaliyotda sinovdan o‘tgan namuna mavjud emas.

Shu bois pilot muassasalarda to‘plangan tajriba asosida moslashtirilgan issiqxonalarni loyihalash bo‘yicha sinovdan o‘tgan milliy standart ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ushbu yondashuvni boshqa hududlarda qo‘llash uchun amaliy vositalar to‘plami yaratiladi. Loyiha doirasida monitoring va ma’lumotlar jins, nogironlik turi hamda pilot ob’ektlar kesimida yuritiladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mansurbek Olloyarov ta’kidlaganidek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy xizmatlar bilangina cheklanmasligi kerak. Ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, barqaror daromad topishi va iqtisodiy hayotda teng ishtirok etishi uchun zarur sharoit yaratish muhim.

“FAO” ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov esa qishloq xo‘jaligini har bir inson uchun imkoniyat yaratadigan sohaga aylantirish muhimligini qayd etdi.

Loyiha taqdimoti doirasida dastlabki olti oy uchun ustuvor chora-tadbirlar, mas’ul tashkilotlar, hamkorlik mexanizmlari va asosiy muddatlar belgilab olindi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA

Nashr sanasi 23.09.2026 Ko'rishlar 211
Ulashish