Saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va o'tkazishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda “Saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va o'tkazishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki” mavzusida davra suhbati o'tkazdi.

Unda parlament quyi palatasi deputatlari, Markaziy saylov komissiyasi a'zolari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, fuqarolik jamiyati institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni o'tkazishdan maqsad, mamlakatimizda bo'lib o'tadigan muhim ijtimoiy-siyosiy voqea – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishda fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokini ta'minlash mezonlarini belgilashdan iboratdir.

Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov kirish so'zi bilan ochib, demokratik huquqiy davlatning ajralmas belgisi bo'lgan umumiy, teng, to'g'ridan-to'g'ri, yashirin ovoz berish tamoyillariga tayangan holda saylov huquqini ta'minlash, saylovlarni erkin va adolatli, ochiq hamda oshkora o'tkazishga oid huquqiy asoslarini mustahkamlashga, zamonaviy demokratik saylov tizimini rivojlantirishga qaratilgan choralar ko'rilganligiga to'xtalgan holda, yangi O'zbekiston saylov qonunchiligi rivojlanishining bosqichlariga alohida e'tibor qaratdi.

Ta'kidlash joizki, Yangi O'zbekistonning zamonaviy saylov tizimi yaratilishida o'tgan saylov kampaniyalari tahlil qilinib, ularning asosida saylov qonunchiligiga, saylov jarayonini takomillashtirishga qaratilgan ko'plab o'zgartishlar kiritildi. Saylov tizimi bir necha yillar davomida faol rivojlanib bordi, bu o'zgartishlar mamlakatning siyosiy va huquqiy rivojlanishining mantiqiy davomi bo'lib xizmat qildi.

So'zga chiqqan ma'ruzachilar saylov tizimining huquqiy asoslari yuzasidan fikr bildirib, dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida saylovlarni Saylov kodeksi yordamida huquqiy tartibga solish modeli qo'llanilishi, yangi O'zbekiston ham saylov qonunchiligini kodifikatsiya qilish orqali 2019 yilda beshta saylovga oid qonun o'rniga yagona Saylov kodeksi qabul qilganligini e'tirof etdi.

Qayd etilganidek, Saylov kodeksining qabul qilinishi, o'z navbatida, yangi O'zbekistonni demokratlashtirish va liberallashtirish, fikrlar xilma-xilligini qo'llab-quvvatlash hamda ko'p partiyaviylik yo'lidan barqaror rivojlanish ifodasi sifatida namoyon bo'ldi.

Ahamiyatli tomoni, O'zbekistondagi demokratik o'zgarishlar, shuningdek, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining siyosiy-huquqiy ongining tobora o'sib borayotgani saylov tizimini yanada takomillashtirishga asosli manba bo'lmoqda. Saylovchilarning elektoral madaniyati va faolligini oshirish, saylov institutiga bo'lgan ishonchni kuchaytirish, aholining faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash fuqarolik jamiyati institutlari oldida turgan dolzarb vazifadir.

So'zga chiqqan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari 2019 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bo'lib o'tgan saylovlar davomida saylov komissiyalariga 4 ming 158 nafar turli darajadagi nogironligi borlar jalb qilingani, 2021 yil may oyida Markaziy saylov komissiyasi va Nogironlar jamiyati, Ko'zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati hamda O'zbekiston nogironlar uyushmasi o'rtasida Hamkorlik to'g'risida memorandum imzolaganlari to'g'risida axborot berdilar. Jumladan, nogironligi bor saylovchilar o'z xohish irodasini erkin ifoda qilishi uchun eng qulay sharoitlarni yaratish maqsadida saylov komissiyalari tomonidan bir qator tashkiliy tadbirlar amalga oshirildi va tegishli zarur axborot materiallari tayyorlandi.

Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilari O'zbekistonda saylov qonunchiligi shu davrgacha bo'lib o'tgan saylovlar davomida to'plangan milliy tajriba, ilg'or xorijiy saylov amaliyoti, shuningdek, xalqaro standartlar, fuqarolarning siyosiy ongi hamda elektoral madaniyatining o'sishi, amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning borishi va talablarini hisobga olgan holda jadal takomillashib borayotganligini e'tirof etdilar.

Navbatdagi Prezident saylovi ko'p partiyaviylik, nomzodlar raqobati, ochiqlik, fikr erkinligi va chinakam tanlov sharoitida o'tkazilishi uchun barcha asoslar mavjud. Xususan, fuqarolik jamiyati institutlari, volontyorlarning saylovlarda ishtirok etishdagi o'rni va imkoniyatlari kengaytirilmoqda, odamlarning fuqarolik mas'uliyati hamda siyosiy-ijtimoiy faollik darajasi oshmoqda.

Davra suhbati konstruktiv ruhda o'tkazilib, ishtirokchilar tomonidan saylov kampaniyasini yuqori darajada o'tkazish, bunda fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining faol ishtirokini oshirish, ularning joylardagi targ'ibot ishlarini rag'batlantirish bo'yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Manba: parliament.gov.uz

Powered by GSpeech