UNESCO-43: Parijdan Samarqandgacha...

Bugungi tezkor, o‘zgaruvchan dunyoda, turfa nizo va global inqiroz sharoitida insoniyatning umumiy madaniy merosini asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga yetkazish masalasi o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Ayniqsa, globallashuv tufayli madaniy xilma-xillikka tahdid kuchayib borayotgan bir davrda YUNESKO kabi xalqaro tuzilmalarning roli va mas’uliyati juda ortgan.

Madaniy muloqot, o‘zaro anglashuvga asoslangan xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida joriy yil 30 oktyabr-13 noyabr kunlari YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ilk bor O‘zbekistonda – madaniyatlar chorrahasi, sivilizatsiyalar beshigi hisoblanmish Samarqand shahrida o‘tkazilishi nafaqat Vatanimiz, balki butun mintaqa uchun muhim geosiyosiy va madaniy voqelikdir.

O‘zA muxbiri “Dunyoga nazar” loyihasi uchun mazkur nufuzli anjuman oldidan tuzilma faoliyati, konferensiyaning xalqaro miqyosdagi ahamiyati va tadbirdan kutilayotgan natijalar xususida ekspertlar fikrini yozib oldi.

Muxtor Nazirov, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori:

– Mintaqamiz minglab yillar davomida tarixiy Ipak yo‘li bo‘ylab Sharq va G‘arbni bog‘lagan ko‘prik vazifasini o‘tagan va bugun ham madaniyatlararo tushunish, bilim almashish va global hamkorlikni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. Shu ma’noda Samarqand YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi mezboni sifatida tanlanishi chuqur ramziy ma’noga ega.

Ta’kidlash kerak, dunyoda turli ziddiyatlar yuzaga chiqayotgan bir vaqtda Markaziy Osiyo XXI asrning eng muhim geosiyosiy va geoiqtisodiy makonlaridan biriga aylandi. Bu hudud geografiya, sivilizatsiya, resurs nuqtai nazaridan kuch markazlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. O‘zbekiston so‘nggi yillarda “yumshoq kuch”ni o‘z tashqi siyosatining muhim elementi sifatida samarali qo‘llamoqda. Bu diplomatiya o‘zaro hurmat, qadriyat, san’at va an’analar almashinuviga asoslanadi.

2023-2025 yillarda respublikamiz tarixiy ahamiyatga ega kelishuvlar, sammitlar tashabbuskori va mezboni sifatida Markaziy Osiyo siyosiy manzarasini o‘zgartirishda muhim rol o‘ynadi. Xususan, qo‘shni davlatlar o‘rtasida abadiy do‘stlik haqidagi “Xo‘jand deklaratsiyasi” imzolanishi va Samarqandda ilk bor Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti o‘tkazilishi mamlakatning Sharq va G‘arb o‘rtasida konstruktiv vositachilik vazifasini kuchaytirdi.

E’tiborli jihati, mazkur anjuman Samarqandga Islom dunyosi madaniy poytaxti maqomi berilgan yiliga to‘g‘ri keldi. Bu ko‘hna shahrimizning asrlar davomida madaniy va tarixiy markaz sifatidagi sivilizatsion ahamiyatini yanada yorqinroq ko‘rsatadi.

YUNESKO qurolli mojarolar sharoitida madaniyatni muhofaza qilish va madaniy plyuralizmni rivojlantirish strategiyasini takomillashtirdi. Tashkilot madaniyatlarning o‘zaro bog‘liqligini, madaniy xilma-xillik insoniyat uchun kuch hamda o‘zgarish manbai ekanini e’tirof etadi.

Samarqand konferensiyasi madaniyatlararo muloqot sohasida tajriba almashish va ilg‘or usullarni keng qo‘llash uchun o‘ziga xos imkoniyatdir. Biz faqat birgalikda harakatlanish orqali inklyuziv va barqaror dunyo qurish yo‘lidagi umumiy chaqiriqlarga javob bera olamiz.

Tadbir madaniy diplomatiya turli dunyoqarashlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajara olishi, xalqaro mojarolarni kuch ishlatmasdan hal qilishda muqobil yo‘l taklif etishi va tinch hamda barqaror global tartibotni barpo etishga hissa qo‘shishini namoyon etadi, deyish mumkin.

Umuman, sessiya Samarqandda o‘tishi O‘zbekistonning madaniyatlararo muloqotni ilgari surish, moddiy va nomoddiy merosni asrash hamda global barqaror rivojlanish kun tartibini rivojlantirishda ortib borayotgan rolining xalqaro e’tirofidir.

Usmonjon Bo‘tayev, “Istiqbol” tadqiqot markazi” NNT rahbari, siyosiy fanlar doktori, professor:

– Ma’lumki, 2023 yil 7-22 noyabr kunlari Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 42-sessiyasi yakunida O‘zbekiston Respublikasining YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasini 2025 yil Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangani jahon hamjamiyati tomonidan muhim voqea sifatida e’tirof etildi.

Qayd etish joiz, ushbu xalqaro yig‘in tashkilotning 80 yilligiga to‘g‘ri kelmoqda.

Mamlakatimizning YUNESKO bilan hamkorligi tahliliga e’tibor qaratsak, 2017-2023 yillarda milliy madaniy merosimizning 14 noyob namunasi tuzilma ro‘yxatidan joy oldi. Shuningdek, Buxoro shahri “Ijodkor shaharlar” tarmog‘iga kiritildi. 2023 yil sentyabr oyida YUNESKO Bosh qarorgohida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi keng nishonlandi.

O‘lkamiz Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro markazga a’zo bo‘ldi. Samarqanddagi Ipak yo‘li universitetida YUNESKO kafedrasi ochildi. Qolaversa, o‘tgan yil ta’lim, madaniyat, raqamli va innovatsion texnologiyalar sohalarida 7 yangi loyiha amalga oshirila boshlandi. Turon cho‘li va Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi, ipakchilik, kulolchilik, rubob chalish va iftorlik an’anasi, “Buxoro amiri devonxonasi arxivi”, “Turkiston albomi”, “Xudoybergan Devonov fotoalbomi” YUNESKOning maxsus ro‘yxatlariga kiritildi.

Shu o‘rinda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasidan nimalar kutilyapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Birinchidan, media hamda audiovizual asarlar yaratilishi, mahsulotlar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida efirga berib borilishi, ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilishi, xeshteg va chellenj kabi usullarni qo‘llash orqali keng targ‘ib qilinishi bilan ajralib turadi. Bu jarayon yurtimizning boy madaniy merosini targ‘ib etish, O‘zbekiston madaniy diplomatiyasini xalqaro miqyosda yanada tanitishga xizmat qiladi. Zero, globallashuv sharoitida milliy madaniyatni xalqaro darajaga olib chiqish muayyan davlatning real suvereniteti asosiy unsurlaridan biri hisoblanadi.

Ikkinchidan, 2024 yil 15 martda “2025 yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezidentimiz qarorida “Samarqand – jahon tamaddunlari chorrahasida” kitob-albomini o‘zbek, rus, ingliz va fransuz tillarida chop etish, pochta markalari va konvertlar turkumini yaratish, taqvim va ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari, esdalik tangalari, kumush va oltin tangalar muomalaga chiqarilishi belgilangan. Bu boy tarixiy merosimizni keng targ‘ib etish orqali diyorimizga sayyohlik oqimini tezlashtiradi.

Uchinchidan, 43-sessiya doirasidagi tadbirlarda 194 davlatdan 5 000 ga yaqin ishtirokchi kelishi kutilyapti. Birgina YUNESKO kotibiyatidan 400 xodim kelishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Samarqandda davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar yetakchilari, vazirlar va elchilar jam bo‘ladi. Mehmonlar uchun “Silk Road Samarkand” majmuasidagi 8 mehmonxonada 1176, boshqa 130 mehmonxonada 4178 xona ajratilib, forum kunlari uchun band qilib qo‘yilgan. Qolaversa, xorijlik mehmonlar yurtimizning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish uchun Toshkent, Buxoro, Xiva va Shahrisabzda madaniy tadbir, ekskursiya va qabullarda qatnashadi. Shu ma’noda sessiya mamlakatimiz milliy manfaati uchun juda muhim.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mintaqamizda birinchi marta o‘tadigan ushbu muhim global miqyosdagi forum xalqaro hamjamiyatga O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining ulkan sivilizatsion salohiyatini yana bir bor namoyish etadi.

Shoislom Akmalov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti:

– Mustaqil rivojlanish yillarida O‘zbekiston chuqur madaniy-ma’naviy va benazir merosga egaligini isbotladi. Ajdodlarimiz turli mintaqalar o‘tmishi zalvorli bo‘lishiga qo‘shgan hissa isbot talab qilmaydigan haqiqatga aylandi, desak mubolag‘a emas.

Ayni voqelik jonajon yurtimiz keyingi yillarda global darajada pragmatik tashqi siyosat amalga oshirayotganining tasdig‘i sifatida O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, davlatlararo o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, shu bilan birga transport, energetika, savdo va gumanitar sohalarda integratsiya jarayonini chuqurlashtirishga qaratilgan izchil siyosatni namoyon etadi.

Qayd etish joiz, mazkur xalqaro yig‘in 1985 yildan beri ilk bor Parijdagi YUNESKO Bosh qarorgohidan tashqarida – o‘lkamizda o‘tkazilmoqda. Tuzilmaga a’zo barcha davlatlar va ko‘plab tashkilotlar vakillari ishtirok etishi reajalashtirilayotgan anjuman YUNESKOning strategik ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda muhim rol o‘ynaydi.

Bu voqea har bir yurtdoshimizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi, albatta. Diyorimizning xalqaro maydondagi maqomi yuqorilab borayotgani, yurtimiz bunday olamshumul tadbirlar barcha mamlakatlar uchun manfaatli bo‘lishini ta’minlay olayotgani, nufuzli tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish borasidagi salohiyatimiz, tajribamiz tobora ortayotgani quvonarli.

Bu o‘z navbatida O‘zbekistonning ochiq, tinchlikparvar va hamkorlikka tayyor davlat sifatidagi imijini yanada mustahkamlaydi. Shunday nufuzli anjumanlarni qabul qilish orqali mamlakatimiz xalqaro hamjamiyat oldidagi mas’uliyatini teran anglab, global muammolarga yechim topishga salmoqli hissa qo‘shayotganini ham tasdiqlaydi.

O‘tkir Alimov tayyorladi, O‘zA

Powered by GSpeech