O'zbekiston va IHT: Tinchlik, ma'rifat va taraqqiyot yo'lida hamkorlik

Mamlakatimiz yirik xalqaro anjuman arafasida turibdi. Joriy yil 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi Yillik 6-seminari bo'lib o'tadi.

Xalqaro anjumanning asosiy tashkilotchilari haqida so'z borganda, avvalambor, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) haqida muxtasar to'xtalish lozim. IHT 1969 yil 25 sentyabrda Marokash poytaxti Robotda o'tkazilgan islom davlatlari rahbarlarining birinchi yig'ilishida tashkil etilgan.

Dunyodagi eng yirik xalqaro islom tashkiloti dastlab Islom konferentsiyasi tashkiloti (IKT) deb yuritilgan. Islom hamkorlik tashkiloti degan hozirgi nomini 2011 yilda olgan. IHT qarorgohi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan.

IHTda ingliz, arab va frantsuz tillari rasmiy ish tili hisoblanadi. IHTning asosiy maqsad va vazifalari a'zo davlatlar o'rtasida do'stlik va birdamlik rishtalarini uyg'unlashtirish; islom olamida yuzaga kelgan muammolarni hal etish; davlatlar ichki qonunlariga hurmat bilan yondashish; inson huquqlarini himoya qilish; a'zo davlatlarning iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga ko'maklashish; islom dini haqida turli nohaq va nojo'ya ma'lumotlarni bartaraf qilish; turli sohalarda mamlakatlardagi institutlar bilan ilmiy izlanishlarni tashkil qilishdan iborat.

Bugungi kunda IHTga ikki milliardga yaqin aholiga ega 57 davlat a'zodir. Bu keng miqyosdagi hamkorlik muqaddas islom qadriyatlarini asrab-avaylash va rivojlantirish, musulmon xalqlari o'rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni ta'minlash, tashkilotga a'zo mamlakatlar xalqlarining rivojlanishi va farovonligiga ko'maklashishdek ezgu maqsadlarga erishish yo'lida muhim o'rin tutib kelmoqda.

IHTda BMT, Rossiya, Bosniya va Gertsegovina, Markaziy Afrika Respublikasi kuzatuvchi maqomiga ega. O'zbekiston 1995 yil oktyabr oyida mazkur tashkilotga kuzatuvchi, 1996 yil 2 oktyabrdan boshlab to'laqonli a'zo sifatida qabul qilingan.

O'zbekiston 2015 yil 14 dekabrda IHTning yangi Nizomiga qo'shilganini ta'kidlash lozim. IHT Nizomi 2016 yil aprelida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan.

O'zbekiston tomoni IHTni muqaddas dinimizni tinchlik va taraqqiyot omili sifatida e'tirof etadigan islom dunyosi mamlakatlarining nufuzli va samarador forumi sifatida e'tirof etadi. Shu bois mazkur Tashkilotning mustahkamlanishi va o'zaro munosabatlarimiz izchil ravnaq topishidan manfaatdormiz.

IHT sammitlari va IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining yillik sessiyalarida mamlakatimiz rasmiy delegatsiyalari muntazam qatnashib kelmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda O'zbekistonning IHT bilan hamkorligi faollashdi va o'zaro munosabatlarning yangi bosqichiga ko'tarildi.

Bunda 2016 yil 18-19 oktyabr` kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi alohida ahamiyat kasb etdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu sessiyaning ochilish marosimidagi nutqida O'zbekiston IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qiladigan davrdagi (2016 yil oktyabr` oyidan – 2017 yil iyul` oyigacha) ustuvor vazifalarga e'tibor qaratdi.

Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, «Ta'lim va ma'rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo'l» mavzusi 43-sessiya kun tartibining asosiy g'oyasi etib belgilangani chuqur ramziy ma'noga ega. Bu g'oya «Beshikdan qabrgacha ilm izla» degan mashhur hadisga hamohangdir. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston tomoni ilgari surgan tashabbuslar bevosita ilm-fan va ma'rifat rivoji bilan uzviy bog'liq ekani bejiz emas.

O'zbekiston Prezidenti, shuningdek, 2017 yil 10 sentyabrda Astana shahrida (Qozog'iston) bo'lib o'tgan IHTning Fan va texnologiyalar bo'yicha birinchi sammitida so'zlagan nutqida ham ilm-fan, ma'naviyat va ma'rifatni rivojlantirish bilan bog'liq amaliy takliflarni kun tartibiga qo'ydi. Ayni paytda mamlakatimiz rahbari IHT yuksak minbarlaridan turib e'lon qilgan ezgu tashabbuslar hayotga keng tatbiq etilmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech