Shu yil 25 avgust kuni Oliy sudda mustabid sho'ro tuzumi davrida qatag'on qurboni bo'lgan va hozirgi kunga qadar oqlanmagan bir guruh shaxslarga oid jinoyat ishlarini ko'rib chiqish bo'yicha ochiq sud majlislari bo'lib o'tdi. Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan, jami 6 jinoyat ishi bo'yicha 115 nafar shaxs oqlandi.
Bu — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ilgari surgan va amaliyotga izchil tatbiq etilayotgan "Yangi O'zbekiston" g'oyasi negizida avvalo inson omili mujassamligidan yana bir yorqin dalolatdir.
Bu — inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda himoya qilish, insonning hayoti, erkinligi va daxlsizligini muqaddas bilish zarurligining amaliy ifodasidir.
Bu — inson sha'ni, qadr-qimmati va xotirasini har qanday tajovuzlardan ko'z qorachig'idek asrash shart, deganidir.
Shu maqsadda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda keyingi besh yil davomida:
- bola mehnati va majburiy mehnatga barham berildi;
- din va vijdon erkinligiga xilof ravishda taqibga olingan minglab fuqarolar "qora ro'yxat"dan chiqarildi;
- bilib-bilmay yanglish yo'lga kirib qolgani uchun jazo choralari tayinlangan mahkumlarga nisbatan afv instituti keng tatbiq etildi;
- qamoqxonalarni kamaytirish chora-tadbirlari doirasida Jasliq qo'rg'onidagi mudhish nom qozongan qamoqxona yopildi;
- "Mehr" operatsiyasi doirasidagi bir nechta amaliyot tufayli qanchadan-qancha ayollar va bolalar olovli hududlardan Vatanimizga qaytarib kelindi;
- uzoq yillardan buyon mamlakatimizda yashasa-da, fuqaroligi bo'lmagan ko'plab hamyurtlarimiz O'zbekiston fuqarosi bo'ldi;
- Ikkinchi jahon urushida O'zbekistonning ishtiroki bilan bog'liq tarixiy dalil va raqamlar qayta o'rganilganda, urushda qatnashgan, jasorat ko'rsatgani uchun mukofotlangan, jang gohlarda halok bo'lgan, yaralangan, asir olingan va bedarak ketgan yurtdoshlarimiz soni ilgari biz bilganimizdan ko'ra ancha ko'p ekani aniqlandi. Xalqimizning jasorati va matonati sharafiga poytaxtimizda "G'alaba bog'i" bunyod etildi.
Mana, endi bu borada yana bir muhim natijaga erishildi: sobiq sho'ro tuzumi milliy o'zligini anglagani va anglashga intilgani uchun qatag'onga duchor etgan 115 nafar hamyurtimiz vafotidan so'ng, oradan qariyb 90-100 yil o'tib oqlandi. Mustaqil O'zbekistonning mustaqil va xolis sudlov hay'ati ularning barchasini aybsiz deb topdi.
Yangi O'zbekiston g'oyasi va ajdodlarimiz orzu-armonlari
Prezidentimizning "Yangi O'zbekiston" gazetasi bosh muharriri savollariga bergan javoblarida Yangi O'zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek strategik maqsad va buyuk vazifalar, ularning ijrosi doirasida amalga oshirilgan ulug'vor ishlar sarhisob qilingan. Eng muhimi, interv`yuda Yangi O'zbekiston me'mori tomonidan aynan "Yangi O'zbekiston" g'oyasining ma'no-mazmuni va ahamiyati chuqur ochib berilgan.
Prezidentimiz, avvalambor, "yangi" degan so'zning xalqimiz uchun alohida ahamiyati borligiga e'tiborni qaratdi. Masalan, XX asrning boshlarida yurtparvar, millatparvar bobolarimiz "jadidchilik", ya'ni yangilanish va erkinlik, adolat va tenglik, ilm-ma'rifat va milliy o'zlikni anglash g'oyalarini bayroq qilib, kurash maydoniga mardona chiqqan.
Aslida bu ulug' zotlarning maqsadi — jaholat va qoloqlik girdobida qolgan Turkiston xalqini dunyoviy ilm-fan, ilg'or kasb-hunarlar bilan qurollantirib, umumbashariy rivojlanish yo'liga, ya'ni yangi taraqqiyot manziliga olib chiqishdan iborat bo'lgan.
Jadid bobolarimiz tashkil etgan yangi usuldagi maktablar, teatr, kutubxona va muzeylar, gazeta va jurnallar, Turkiston farzandlarini chet ellarga o'qishga yuborish maqsadida tuzilgan xayriya jamiyatlari xalqimizni necha asrlik g'aflat uyqusidan uyg'otib, milliy ozodlik harakati uchun beqiyos kuch bergan.
Ammo yurtimizda bol`sheviklar diktaturasi o'rnatilgach, chor mustamlakachilik siyosati yangicha shaklda davom ettirildi. Bu esa, ma'rifatparvar bobolarimizga o'z maqsad-muddaolarini to'liq amalga oshirish imkonini bermadi.
Shukrki, o'sha ajdodlarning ezgu orzu-niyatlari xalqimizning qon-qoni, tarixiy xotirasida saqlanib qoldi va hanuz yashamoqda. Bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan "Yangi O'zbekiston" g'oyasi zamirida ana shunday ulug' ajdodlarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham o'z mujassamini topgan.
Shu ma'noda, Vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning tinch va farovon hayotini ta'minlash yo'lida mardona kurash olib borib, aziz jonlarini fido qilgan, mustabid tuzum davrida qatag'on qilingan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini o'rganish hamda targ'ib etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani tahsinga loyiq.
Qatag'on qurbonlarini yod etish kuniga 20 yil to'ldi
Mustaqillikning o'tgan davrida ushbu yo'nalishda bir qator muhim farmon va qarorlar qabul qilindi. Yurtimizda 2001 yildan buyon har yili 31 avgust — "Qatag'on qurbonlarini yod etish kuni" sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Poytaxtimizda "Shahidlar xotirasi" yodgorlik majmuasi, "Shahidlar xotirasi" jamoat fondi, shuningdek, Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda hududlardagi oliy ta'lim muassasalari qoshida uning bo'limlari tashkil etilgan.
Keyingi yillarda "Shahidlar xotirasi" yodgorlik majmuasida qatag'on qurbonlarining nomlari qayd etiladigan ramziy kitob yaratildi. Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va uning hududlardagi oliy ta'lim muassasalari qoshidagi bo'limlarining, shuningdek, "Shahidlar xotirasi" jamoat fondining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, fondning homiylar guruhi tarkibi yangilandi.
Yurtimizda Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Is'hoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho'lpon, Abdulla Qodiriy kabi ulug' ma'rifatparvar ajdodlarimiz xotirasiga bag'ishlangan muhtasham haykallar, muzeylar bunyod etildi. Ularning nomi bilan bog'liq ijod maktablari faoliyati yo'lga qo'yilgan.
Qolaversa, siyosiy qatag'on yillarida nohaq qurbon bo'lgan yurtdoshlarimizning nomlarini aniqlash, ularning qoldirgan merosini o'rganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, badiiy va hujjatli asarlar yaratilmoqda.
Shu bilan birga, butun dunyoda global xavf-xatarlar kuchayib borayotgan hozirgi davrda milliy o'zlikni anglash va haqiqiy tariximizni tiklash har qachongidan muhim aha miyat kasb etayotgani ham bor gap.
Bugungi kunda mustabid tuzum tomonidan shafqatsiz qatag'on qilingan davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat va san'at, adabiyot namoyandalari, oddiy kasb egasi bo'lgan minglab yurtdoshlarimiz nomlari va xotiralarini abadiylashtirish, ularning jasorati va matonati misolida yosh avlodimizni Vatanimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifa bo'lib qolmoqda.
Bu bejiz emas. Chunki ayni mavzudagi tarixiy ma'lumotlarni xolis va haqqoniy o'rganish mamlakatimiz mustaqilligi qanday og'ir hamda mashaqqatli kurashlar bilan qo'lga kiritilganini yanada chuqur anglashga xizmat qiladi. Shu bilan bir qatorda, bugungi erkin, ozod va obod hayotimizni asrab-avaylab, qadrlab yashash kerakligidan saboq beradi.
Bular o'z navbatida, xalqimizning fidoyi farzandlari, ma'rifatparvar ajdodlarimiz hayoti va faoliyati bilan bog'liq haqiqatni to'liq yuzaga chiqarish, ularga nisbatan tarixiy adolatni tiklash, bu boradagi ishlarning ko'lami va samarasini oshirishni taqozo etadi.
Qatag'on qurbonlari nomlarini tiklash yo'lida: yangi qadam
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 oktyabrda qabul qilingan "Qatag'on qurbonlarining merosini yanada chuqur o'rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi Farmoyishi bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.
Farmoyishga muvofiq, qatag'on qurbonlarining merosini yanada chuqur o'rganish, ular xotirasini abadiylashtirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo'yicha Respublika ishchi guruhi tashkil etildi. Ishchi guruhning tarkibi tasdiqlanib, asosiy vazifalari belgilab berildi.
Ishchi guruhga qatag'on qurbonlari nomlarini aniqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalarining yuqori malakali mutaxassislari, ekspertlar, shuningdek, xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarimiz vakillarini jalb etish huquqi berildi.
Prezidentimiz Farmoyishiga ko'ra, Qatag'on qurbonlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish bo'yicha "Yo'l xaritasi" tasdiqlandi. Ushbu "Yo'l xaritasi"da 5 ta yo'nalishda 32 ta aniq vazifa belgilangan. Bu borada davlat hokimiyati idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari ana shunday tizimli ishlarni izchil amalga oshirayotgan bir paytda Oliy sud tomonidan ham qatag'on qurbonlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish bo'yicha bir qator muhim natijalarga erishilgani e'tirofga sazovor.
Oliy sudning ibratli ishlari
Avvalambor, qatag'on qurbonlarining nomlarini aniqlash borasida izlanishlar ko'lamini kengaytirish uchun mas'ullarga Oliy sud arxividagi mavjud hujjatlardan foydalanishi uchun sharoit yaratildi. Qolaversa, bu boradagi tegishli hujjatlarni o'rganish zaruriyati tug'ilgan taqdirda mutaxassislar ishlashi uchun Oliy sud idoraviy arxivida alohida xona tashkil etildi.
Eng muhimi, "Yo'l xaritasi"da Respublika ishchi guruhi, Oliy sud hamda mutasaddi vazirlik va idoralarga tegishli ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonida aniqlangan, ayrim sabablarga ko'ra reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatag'on qurbonlari nomlarini oqlash yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritish vazifasi yuklatilgan.
Mazkur vazifa ijrosi doirasida o'tgan qisqa davrda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan:
Birinchidan, qatag'on qurbonlari reabilitatsiyasi bo'yicha masala o'rganilib, bu boradagi takliflar Respublika ishchi guruhiga ko'rib chiqish uchun yuborildi.
Ikkinchidan, Oliy sud va quyi sudlar tomonidan hududlardagi barcha arxivlarda qatag'on qurbonlariga oid ishlar inventarizatsiya qilinib, oqlangan 1 ming 868 nafar shaxsning ro'yxatlari viloyatlar kesimida shakllantirildi hamda Respublika ishchi guruhiga taqdim etildi.
Uchinchidan, Oliy sud raisining shu yil 9 fevraldagi Farmoyishiga binoan, muayyan sabablarga ko'ra reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatag'on qurbonlarining nomlarini oqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish masalalari bo'yicha ishlarni amalga oshirish maqsadida ishchi guruh tuzildi.
To'rtinchidan, Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, Respublika ishchi guruhi a'zosi B.Ґasanov tomonidan mustabid sho'ro tuzumi davrida qatag'on qurboni bo'lgan va hozirgi kunga qadar oqlanmagan shaxslarning ro'yxati taqdim qilingan bo'lib, mazkur shaxslardan yetti nafariga nisbatan jinoyat ishlari Davlat xavfsizlik xizmatining arxivida saqlanayotgani aniqlandi hamda jinoyat ishlari chaqirtirib olindi.
Beshinchidan, Oliy sudga 120 nafar shaxsga nisbatan 6 ta jinoyat ishi kelib tushgan bo'lib, Oliy sudda tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan 18 jilddan iborat ushbu hujjatlar o'rganib chiqilmoqda.
Mazkur jinoyat ishlari hujjatlarida sud majlisi bayonnomasi yoki sud hujjatlari, ya'ni hukm yoki boshqacha qaror mavjud emasligi, ishlarda faqatgina OGPU (Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi — sobiq SSSR davlat xavfsizligi maxsus organi) uchlik majlisi bayonnomasidan ko'chirma mavjudligi aniqlangan.
Bundan tashqari Oliy sud tomonidan viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlarda ishchi guruhlar tashkil etilib, sud idoraviy arxivida mavjud bo'lgan hujjatlardagi siyosiy qatag'onlar (paxta ishi) davrida sudlanib, oqlanmagan shaxslarga oid jinoyat ishlari o'rganib chiqilgan. Ish bo'yicha aybi yetarli dalillar bilan tasdiqlanmagan hamda oqlanishi lozim bo'lgan shaxslarning ro'yxati Oliy sudga taqdim qilingan.
Bugungi kunga qadar viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlardagi ishchi guruhlar tomonidan jinoyat ishlari o'rganilib, Oliy sudga mavjud ish hujjatlarida aybi to'liq tasdiqlanmagan hamda reabilitatsiya etilishi lozim bo'lgan 151 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari bo'yicha xulosalar taqdim etilgan.
Oqlangan marhumlar: ular kim bo'lgan?
Albatta, uzoq yillar arxivlar tubida chang bosib yotgan va bugun biz ketma-ket raqamlar orqali ifodalayotgan ish hujjatlarining sarg'aygan sahifalarida qismatlari bitilgan yurtdoshlarimiz o'zi kim bo'lgan va ularning ayb-gunohlari nimada, degan savol tug'ilishi tabiiy.
Shuning uchun mustabid sho'ro tuzumi davrida qatag'on qurboni bo'lgan va shu vaqtgacha oqlanmagan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning insonparvarlik siyosati tufayli bu boradagi adolati va haqiqati tiklangan yurtdoshlarimizdan ayrimlarining achchiq qismati haqida misollar keltiramiz.
Nosirxon To'ra Said Kamolxon To'raev — Turkiston taraqqiyparvar ulamolarining sardori, Turkiston Muxtoriyati hukumatida maorif noziri. Nosirxon To'ra XX asr boshlarida Rossiyada bo'lib o'tgan fevral` va oktyabr` revolyutsiyalari davrida Namangan shahar dumasida faoliyat yuritgan. Namangan diniy boshqarmasi raisi bo'lib ishlagan. OGPUning qaroriga ko'ra, u 1925 yildan 1928 yilga qadar qamoqda saqlangan. 1930 yil 16 iyulda 56 yoshida yana qamoqqa olingan.
Ish hujjatlarida yozilishicha, Nosirxon To'ra 1929 yil o'rtalarida faoliyat yuritgan "bosmachilik" guruhlarini rivojlantirish maqsadida faol aksilinqilobiy harakatlarni amalga oshirgan. Xususan, u 1929 yilning sentyabr` va oktyabr` oylarida Farg'ona viloyatidagi "bosmachilik" guruhlarining harakatlariga rahbarlik qilib, Koson shahridagi sovet jamoat tashkilotlariga nisbatan tahdid o'tkazgan va buning natijasida ushbu jamoat tashkilotlari yanchib tashlangan.
Qadrli o'quvchi, bu va keyingi o'rinlarda "bosmachilik" so'zini nima sababdan qo'shtirnoq ichida yozishimizni muxtasar izohlaymiz. Gap shundaki, bosmachilik — Turkistonda sovet hokimiyati va bosqinchi qizil armiyaga qarshi kurashgan qurolli harakatga sho'ro hukumati davrida berilgan rasmiy nom.
Binobarin, "bosmachi" va "bosmachilik" iboralari 1919 yilning o'rtalaridan boshlab avval vaqtli matbuot, so'ngra rasmiy hujjatlarda keng ishlatilgan. Ushbu iboralar milliy ozodlik harakatining mohiyatini soxtalashtirish, ajdodlarimizning sovet rejimi va bol`sheviklar hukmronligi hamda qizil armiyaning bosqinchilik siyosatiga qarshi qarshilik kurashlarini niqoblash uchun o'ylab topilgan hamda "banditlik", "qaroqchilik" degan so'zlar bilan asossiz ravishda bir qatorga qo'yilgan.
Endi Nosirxon To'raga nisbatan ayblovlar tafsilotiga qaytamiz. Shu tariqa "bosmachilar" rahnamosi va rahbari bo'lmish Nosirxon To'ra bilan yaqin aloqada bo'lib, uning aksilinqilobiy jinoyatiga oid topshiriqlarini bajarib kelganlikda, jumladan, oziq-ovqat va kiyim-kechaklar yetkazib beriganlikda hamda 1929-1930 yillarda mustabid tuzumni ag'darish maqsadida "bosmachilik" tayyorgarliklarida o'zaro hamkorlik qilishda ayblanib, 96 nafar yurtdoshimiz qamoqqa olingan.
Jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida o'tgan ana shu shaxslarning barchasi hibsga olingach, dastlab ayblovni inkor qilib kelgan bo'lsa-da, so'ng tayziqlar ostida ayblariga iqrorlik bildirib ko'rsatma bergan. Ularning o'rtasida yuzlashtirish o'tkazilmasdan, faqat bergan ko'rsatmalari ishga tikilgan.
Shu asosda "Nosirxon to'ra ishi" bo'yicha qatag'on qilinganlarning 28 nafari 1930 yil 30 yanvarda Toshkentda otib tashlangan. Boshqa ayblanuvchilar turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.
Ibrohimbek Chakabaev — Ibrohimbek qo'rboshi. Ish hujjatlariga ko'ra, Ibrohimbek qo'rboshi 1921 yilda Buxoro amiri chaqiruvi bilan "bosmachilar" to'dasiga a'zo bo'lib, sho'ro tuzumiga qarshi kurashuvchi yirik qurolli to'daga rahbarlik qilgan.
Ibrohimbek qo'rboshi 1931 yil aprelida qaqshatg'ich jangda mag'lub bo'lgan. So'ng Kofirnihon daryosi orqali Afg'onistonga o'tib ketmoqchi bo'lganida yigitlari bilan birga qo'lga olingan.
Shundan keyin 1932 yil 13 aprelda Ibrohimbek qo'rboshi va 16 nafar yigitiga oid jinoyat ishi OGPU tomonidan ko'rib chiqilib, ularni otib o'ldirish to'g'risida qaror qabul qilingan. Ibrohimbek qo'rboshi 1932 yil 31 avgustda, uning yigitlari esa, o'sha yilning 10 sentyabrida otib tashlangan.
Latif Daminov — Samarqand viloyati Mitan tumanidagi "Stalin yo'lidan" gazetasining muharriri. Ayblov xulosasiga ko'ra, 1936 yilda Latif Daminov gazeta muharriri ekanidan foydalanib, sovet tuzumini ag'darish, O'zbekistonning mustaqilligiga erishish, Yaponiya va Germaniya davlatlari SSSRga qarshi urush e'lon qilishi hamda SSSR bu urushda yutqazishi haqida aholi o'rtasida vahimali gaplarni tarqatib, sovet ittifoqiga qarshi targ'ibot olib borgan.
Latif Daminov so'roq va qo'shimcha so'roq paytida ham aybiga iqror bo'lmagan. U hech qanday noqonuniy tashkilotlarga a'zo bo'lmaganini, Mitan tumanida aksilinqilobiy tashkilot borligidan bexabarligini bildirgan.
Shunga qaramay, SSSR Oliy sudi harbiy hay'ati sayyor sudining 1938 yil 15 oktyabrdagi hukmiga ko'ra, Latif Daminov Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan eng og'ir jazo — otishga hukm qilinib, mol-mulki musodara qilinishi belgilangan. 1938 yil 15 oktyabrdagi ma'lumotnomaga qaraganda, Latif Daminovni otish haqidagi hukm ijrosi o'sha kuniyoq amalga oshirilgan.
Biz bu o'rinda Respublika Bosh prokurori o'rinbosari tomonidan tegishli tartibda jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atiga kiritilgan protest asosida Oliy sud tomonidan kuni kecha oqlangan 115 nafar marhum yurtdoshimizning faqat uch nafarining qay tarzda qatag'on qurboniga aylangani haqida qisqacha ma'lumot berish bilan cheklandik.
Shunga alohida e'tibor qaratish joizki, jinoyat ishlarida sud hukmi yoki bayonnomasi mavjud emas. Bu ishlar bo'yicha faqat OGPU uchligi tomonidan aybi sudda isbotlanmagan insonlarga nisbatan chiqarilgan beshafqat qarorlar so'zsiz ijro etilgan, xolos.
Xulosa o'rnida ta'kidlash joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida xalqimizning milliy o'zlikni anglash, Yangi O'zbekistonni bunyod etish yo'lida qo'yayotgan qutlug' qadamlari mukarram inson zotiga hurmat-ehtirom ko'rsatish, inson xotirasiga nisbatan adolat va haqiqatni qaror toptirishdek ezgu amallar bilan uzviy bog'liq bo'lib, kelgusida xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi.
Ikrom Muslimov,
Oliy sud raisi o'rinbosari
- Qo'shildi: 27.08.2021
- Ko'rishlar: 4092
- Chop etish