Yangi O'zbekiston yoshlari uchun muhim ma'rifatnoma

Bugungi kunda mamlakatimizda, davlat va jamiyatning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan holda, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo'lida ulkan qadamlar qo'yilmoqda. Bunda Yangi O'zbekistonni barpo etishga qaratilgan umumxalq harakati saflarida qudratli to'lqin bo'lib maydonga chiqayotgan shijoatli yoshlarimizning o'rni katta ahamiyat kasb etadi.

Bashariyatning ko'p asrlik tajribasi shuni yaqqol ko'rsatmoqdaki, dunyoda o'qigan, zamonaviy ilm va hunarlarni puxta egallagan, yosh avlodini ayni shu ruhda tarbiyalagan xalqlar, davlatlar jadal rivojlanmoqda. Shu ma'noda, hozirgi murakkab va tahlikali zamonda O'zbekistonda yoshlarni jismoniy va ma'naviy barkamol insonlar etib tarbiyalash masalasi eng muhim vazifa etib belgilangan.

Natijada yurtimiz hayotining har bir soha va tarmog'ida yoshlarga e'tibor va g'amxo'rlik asosiy o'ringa ko'tarilib, ularga zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Binobarin, yoshlikka xos shijoat, jo'shqinlik va mardlikni, ezgu orzu-intilishlarni amaliy harakatga aylantirib, salmoqli natijalarga erishish uchun inson o'z oldiga aniq maqsad qo'yib yashashi farzu qarzdir.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2021 yil 30 iyun – Yoshlar kuniga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida ko'plab dolzarb masalalar, jumladan, yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, madaniy saviyasi, bir so'z bilan aytganda, tarbiyasi haqida atroflicha to'xtaldi. Ayni yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator muhim vazifalarni belgilab berdi.

 Bu o'rinda, avvalambor, yoshlar o'rtasida kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini rivojlantirish doimiy e'tibor markazida bo'lishi zarurligi haqida so'z bormoqda. O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Mirzo Kenjabekning “Yoshlarga dil so'zlarim” nomli risolasini mutolaa qilish asnosida shu fikrlar xayolimdan kechdi.

Ushbu kitob yaqinda – 2021 yilda “Adabiyot” nashriyotida O'zbekiston  Yozuvchilar uyushmasining “Ijod” fondi homiyligida chop etildi. Muallif shaxs va ijod, subut va vijdon, qalb va iymon-e'tiqod tamoyillari bilan bog'liq fikrlarini sodda va ravon uslubda bayon etar ekan, yosh ijodkorlarga o'gitlar va samimiy tavsiyalar bergani diqqatni tortadi.

Dastavval, muallif haqida muxtasar ma'lumot berishni maqbul topdik.  Shoir va tarjimon, jurnalist va publitsist, islomiy asarlar musannifi Mirzo Kenjabek 1956 yilda Surxondaryo viloyati, Uzun tumanining Mehnat qishlog'ida tug'ilgan. O'rta maktab tahsilidan so'ng 1974-1979 yillarda Toshkent Davlat universitetining (hozirgi Milliy universitet) jurnalistika fakul`tetida, 1999-2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Islom institutida ta'lim olgan.

Mirzo aka “Yosh gvardiya” nashriyoti, “Mushtum” jurnali, G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi, Abdulla Qahhor uy-muzeyi, Prezident devoni idoralarida xizmat qilgan. Ayni vaqtda O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Islom merosini saqlash bo'limi boshlig'i bo'lib ishlamoqda.

U 1982 yildan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi hisoblanadi. “Maktublarim” (1982), “Quyoshga qaragan uy” (1983),  “Munojot” (1986), “Sharq tili” (1988), “Bahorim yellari” (1999), “Xushxabar” (2018) nomli she'riy to'plamlar muallifidir.

Mirzo Kenjabek bir qancha tarixiy-ma'rifiy, tasavvufiy va tazkira kitoblar ham yozgan. Xususan, “Termiz tazkirasi” (2001), “Murshidi komil hikmatlari” (2004), “Buyuk termiziylar” (2017), “Hazrati Qusam ibn Abbos – Shohi Zinda” (2017), “Bobur Mirzo asarlarida arabiy matnlar” (2018) asarlari shular jumlasiga kiradi.

Mirzo aka mohir tarjimon sifatida jahon adabiyoti durdonalari – Aleksandr Pushkinning “Evgeniy Onegin” she'riy romani va Jeyms Oldrijning “G'aroyib mo'g'ul oti” qissasini rus tilidan, Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo” asari va Zayniddin Vosifiyning “Toshkent ta'rifida masnaviy” dostonini fors tilidan, Yunus Emroning “O'lmas ko'ngul” she'riy kitobini usmoniy turk tilidan, Maxtumqulining “Saylanma” va “Oshiqlar Haq ishqinda” she'riy kitoblarini turkman tilidan tarjima qilgan. Shuningdek, u Sirojiddin Usmon O'shiyning “Omoliy” manzumasini va ko'plab ilmiy-ma'rifiy va hadis kitoblarini arab tilidan o'zbekchaga o'girgan.

Mirzo akaning adabiy-irfoniy yo'nalishda bitilgan kitoblari ham ko'plab muxlislariga ega. Biz so'z yuritishga jazm etgan “Yoshlarga dil so'zlarim” asari xuddi shu turkumga mansubdir. Dastlab “Adabiyot ziyosi” gazetasining 2019-2020 yillardagi sonlarida to'liq e'lon qilingan ushbu asar endilikda alohida kitob holida nashrdan chiqdi.

Ushbu kitobni mutolaa qilish asnosida milliy adabiyotimizning atoqli namoyandalari Abdulla Qahhorning “Yoshlar bilan suhbat”, Asqad Muxtorning “Yosh do'stlarimga”, shuningdek professor G'aybulloh as-Salomning “Tolibnoma” nomli risolalari esimga tushdi. Eng muhimi, Mirzo Kenjabekning “Yoshlarga dil so'zlarim” asari “Bugun Yangi O'zbekiston yoshlari sevib o'qiydigan, ularni ta'sirlantiradigan, ulug' maqsadlar sari boshlaydigan asarlar kerak!” degan davrimiz chaqirig'iga javoban bitilgani tahsinga sazovor.

Kitobdan Muqaddima va Xotima qismidan tashqari 141 ta fasl joy olgan. Bu fasllarning mavzu ko'lamlari juda keng va nihoyatda rang-barang.

Fasllarning bir qismida insoniy fazilatu illatlar, xususan, hayotiy intizom va tartib-qoidalar, nomus va iffat, ig'vogarlik va tuhmatchilikning yomonligi, hasad-xusumat, guruhbozlik va mahalliychilikdan uzoq bo'lish, shon-shuhrat va tama'ga berilmaslik haqida so'z boradi.

Boshqa bir turkum fasllarda esa Vatan tarixini o'rganish, insoniyat tarixini bilish, dunyo siyosatidan xabardor bo'lish, mumtoz adabiyot va jahon adabiyotini ko'p o'qish hamda anglash zarurati xususida fikr yuritiladiki, bularning barchasi farzandlarimiz yuksak ma'naviyatli insonlar bo'lib kamol topishlari yo'lidagi har birimizning orzu-istaklarimiz bilan bevosita hamohangdir.

Fariduddin Attor “Tazikirat ul-avliyo” asarida Shayx Abu Ali Daqqoqning (r.a.) ushbu so'zlarini keltirgan: “Xalqni o'z o'lchoving bilan o'lchama, ammo o'zingni eranlar – ulug' avliyolar o'lchovi bilan o'lchab, tekshir; toki ularning fazliyu o'zingning tubanligingni bilgaysan!”.

Mirzo Kenjabek ta'biri bilan aytganda, insofdan gapiradigan odamning o'zida insof bo'lishi kerak. Tarbiya qiladigan insonning o'zida tarbiya bo'lishi shart. Atoqli shoir Asqad Muxtorning shunday she'riy misralari bor:

Yoshligidan boshlang bola tarbiyasini,

Tug'ilmasdan boshlasangiz, yana ham yaxshi.

Ya'ni, bolani tarbiya qiluvchi kishi hali bolasi tug'ilmasidan o'zi tarbiyali bo'lishi zarur.

Kitobda adabiyot, muhitning ijodga ta'siri, ijod ahlining axloqiy mezonlari to'g'risida keng mushohadalarga o'rin berilgan. Muallifning fikricha, “adabiyot – millat ruhiy hayotining bir qismi, xalqning ma'naviy hayotini aks ettiruvchi, ayni vaqtda, xalqning ruhiy-ma'naviy hayotiga ta'sir o'tkazuvchi so'z san'atidir. Adabiyotning mohiyati adabdan iboratdir”[1].

Adabiyot insoniyat qalbining xazinasi, bashariyat ruhining manzarasidir. Adabiyot – tanishuv va do'stlashuv manbai. Adabiyotda davr ruhi aks etadi, lekin bu ruh adabiyotni o'ldiradigan o'tkinchi nafas emas, balki adabiyotga hayot beradigan abadiy ruh bo'lmog'i lozim. Ijod ahli xalqning peshqadam vakillari, millat ziyolilaridir. Adabiyot nog'ora, ijodkor esa nog'orachi bo'lib qolmasligi kerak.

Muallif har bir ijodkorning o'z axloqiy mezonlari va qat'iy ijodiy intizomi bo'lishi zarur, deb hisoblaydi. Ko'p o'qish kerak, o'qiganda ham tanlab o'qishni bilish kerak. Boshqa bir muhim tamoyil: ijodkor so'z boyligiga juda diqqat qilishi lozim. Binobarin, adabiyot – so'zga jon bag'ishlamoqdir.

Kitobning muhim xususiyatlaridan yana biri shuki, muallif yoshlarimizga biron-bir amaliy taklif yo tavsiya berar ekan, ayni yo'nalishda namuna bo'lishga munosib muayyan buyuk ijodkor faoliyatiga e'tiborni qaratadi.
Masalan, boy so'z xazinasiga ega bo'lish borasida – Alisher Navoiy, ijodkorning axloqiy mezonlari bobida – Zahiriddin Muhammad Bobur, muhitning ijodga ta'siri sohasida – Aleksandr Pushkin,  hayotiy tartib-qoidalarni belgilab olishda – Lev Tolstoy, nomus mavzusini tarannum etishda – Gabriel` Garsia Markes, hasad-xusumatdan pok bo'lishda – Abdulla Oripov ijodi ibrat sifatida ko'rsatiladi.

Tarjima san'ati sohasi talqinida ham xuddi shunday yondashuvni kuzatish mumkin. Kitobda yoshlarga milliy adabiyotimizning uch nafar yorqin namoyandasi – Muhammad Rizo Ogahiy, Usmon Nosir va Erkin Vohidov tarjima maktablari haqida muhim ma'lumotlar berilgan.

Muallif ta'kidlaganidek, tarjima – har bir mutarjim uchun mustaqil ijod turidir. Hadisshunoslik ilmida bir qoida bor: jahon olimlari tomonidan hadisning ma'nosini saqlash muhimligi qabul qilingan. Ya'ni, olimlar: “So'zni saqlash muhimmi yoki ma'nonimi?” – degan savolga javoban: “Bayonda ma'noni saqlash muhim”, degan to'xtamga kelganlar. Ana shu qoida adabiy tarjimaga ham tegishlidir.

Tasavvuf adabiyotini, Naqshbandiya ta'limotini o'rganish zarur, deb ta'kidlaydi Mirzo Kenjabek. So'ngra ana shu xos adabiyotning go'zal manbalari xususida so'z yuritadi. Majoz va haqiqat, ishqi haqiqiy, majoz adabiyotining hikmatlari, shuningdek ijodda nur bo'lmog'i lozimligi, ijodkor yaxshi niyat qilishi kerakligi, xususan, o'limni orzu qilmasligi, ijod – taqlid emas, poklik mahsuli ekani kabi xilma-xil mavzularni teran mushohada qiladi.

Kitobning jahon adabiyotida islomiy ma'rifat bahralariga oid fasllarida Yohan Vol`fgang Gyote, Aleksandr Pushkin, Lev Tolstoy, Ivan Bunin asarlarining ma'rifat va odob yo'g'rilgan benazir namunalari shavqu zavq bilan talqin etilgan. Shu asnoda muallif kitobxonni – navqiron ijodkor do'stlarimizni ma'naviy-e'tiqodiy tamoyillarga hurmat saqlash zarurlgidan ogoh etadi.

Kitobning milliy adabiyotimizdagi an'anaviy arba'iyn (“Qirq hadis nazmi”) turkumlariga bag'ishlangan fasllari ham o'quvchini aslo befarq qoldirmaydi. Muallif qayd etganidek, “adabiyotimizda “Arba'iyn” turkumlari bilan birga, go'zal islom fiqhini she'rga solish an'analari ham mavjud. Hazrat Navoiyning “Arba'iyn”, “Siroj ul-muslimiyn”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Mubayyan”, hazrati So'fi Allohyorning “Maslak ul-muttaqiyn” va “Sabot ul-ojiziyn”, Xatmiy Toshkandiyning “Nazmu ul-Muxtasar” kabi asarlari buning dalilidir”[2].

Mirzo Kenjabekning taxminiga ko'ra, “Arba'iyn” yozish an'anasi hazrat Abdurahmon Jomiydan boshlangan. Jomiy forsiy tilda nazm qilgan qirq hadisni hazrat Alisher Navoiy turkiy nazmga solib, yangi “Arba'iyn” tuzganlar.

Chindan ham, avvalambor, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Imom Yahyo bin sharaf an-Navaviy kabi Sharq mumtoz she'riyati namoyandalari, keyinchalik Abdulla Oripov, Sirojiddin Sayyid, Shukur Qurbon, G'ayrat Majid, yosh shoir Mansur Jumaev qirqta hadis asosida yaratilgan “Arbain hadis” yo'nalishidagi asarlariga murojaat qilganlari bejiz emas.

Chunki bu yo'nalishdagi nazmiy majmualar Muhammad payg'ambarimizning (s.a.v.) “Kimki ummatlarimga din xususidagi qirq hadisni yetkazsa, Tangri taolo uni qiyomat kuni fiqh (huquq) bilimdonlari, olimlar to'dasiga qo'shadi”, degan hadisi asosida yozilgandir. Odatda, islom dini asoslari va qoidalari, Islom yoxud Alloh yo'lidagi muqaddas kurash, toat-ibodat yoki odob-axloq qoidalarini targ'ib qilishga qaratilgan bunday asarlarning barchasida qirqtadan hadisning sharhi berilgan bo'ladi[3].

Atoqli shoir Abdulla Oripov o'zining “Hikmat sadolari” turkumida qirqta emas, balki ellikta hadisga she'riy sharhlar bitgani e'tirofga loyiqdir. “Arbain” turkumidagi boshqa asarlarda avval hadisning arabchasi, so'ng forscha yoki turkiy tarjimasi keltirilib, shundan keyin nazmiy yo nasriy sharh berilsa, Abdulla Oripov asarida hadisning asl shakli keltirilmay, bevosita she'rning o'zi berilaveradi. Bu ham shoirning ilohiy ilhom bilan mazkur turkumni yaratganidan dalolat.

An'anaviy “Arbain” asarlarida bitta hadisga bir she'riy sharh bag'ishlansa, Abdulla Oripov nazmiy turkumidagi she'rlarga – bir nechta hadis, masalan, “Rioya” she'riga bir yo'la sakkizta hadis mazmuni singdirilganini kuzatish mumkin. “Hikmat sadolari” turkumining o'ziga xos xususiyatlaridan yana biri shundaki, turkumdagi she'rlarning ayrimlari biror kichik voqeani bayon qilsa, boshqa birlari shoirning hadis mazmunini aks ettirgan his-tuyg'ulari va fikrlaridan iborat.

Alisher Navoiyning “Arbain” asarida esa voqeaband she'rlar deyarli uchramaydi. Hazrat Navoiyning “Arbain” asaridagi she'rlar asosan to'rtlik – ruboiy vaznida bo'lsa, Abdulla Oripov turkumidagi 49 ta she'rning 48 tasi – o'n ikkilik va bittasi to'rtlik shaklidagi she'r hisoblanadi.

Bularning barchasi, o'z navbatida, Abdulla Oripovning  “Hikmat sadolari” turkumi, bir tomondan, Payg'ambarimiz (s.a.v.) hadislari sharhlariga asoslangan, uzoq tarixga ega mumtoz an'ananing davomi ekanini anglatadi. Shu bilan birga, bu xolis ilmiy-badiiy baholar – Abdulla Oripovning ushbu turkumdagi she'rlari mumtoz an'analarni yangi davr sharoitida uzviy davom ettirish yo'lida amalga oshirilgan XX asr o'zbek she'riyatidagi izlanishlarning sintezi ekanini yaqqol isbotlaydi. 

“Yoshlarga dil so'zlarim” risolasi muallifining xotira yozish odobi haqidagi o'gitlari ham nihoyatda muhim. Sharq adabiyotidagi xotiranavislik nobop mavzularni ko'tarmasligini ta'kidlar ekan: “Insonga yomonlikni eslatadigan, nopok ishlardan or qilmaslikni o'rgatadigan, benomuslikni targ'ib qiladigan, fahsh va buzuqlikka undaydigan xotiralar bizning adabiyotimizga xos emas”[4], deb uqtiradi Mirzo Kenjabek.

Kitobda navqiron yigitlar va bo'y qizlar mutolaasi uchun mo'ljallangan alohida fasllar ham mavjud. Xususan, “Nikoh va taloqning hazili ham, chini ham haqiqatdir”, “Oshiqlik bo'y-bast tanlamaydi”, “Ichkilik balosining adabiyotga yetkazgan talafotlari” degan fasllarni asosan yigitlar o'qishi ko'zda tutilgan bo'lsa, “Dunyoning sharafli ayollari”, “Yangi davr o'zbek shoiralari”, “Hayo pardasi” singari fasllarni muallif: “yosh qalam ahllari bo'lgan ona qizlarimga bag'ishlanadi”, deb qayd etadi. 

Albatta, kitob tanqidiy-tahliliy ruhda yozilganiga ham e'tibor qaratmaslik mumkin emas. Muallifning aksariyat tanqidiy fikrlarini e'tirof etgan holda, nazarimizda, biryoqlama yondashuvdek tuyulgan ayrim mulohazalariga qo'shilmasligimizni ham ochiq qayd etishga burchlimiz. Aynan qaysi mulohazalar haqida so'z bormoqda? Bu o'rinda, Mirzo akaning o'z ta'biri bilan aytganda, “buni gapirish bizning haddimiz emas”[5].

Shunday qilib, Mirzo Kenjabek risolasining “Dil so'zlarimni aytishga sabab nima?” degan faslida “Bu so'zlar jahon adabiyotini kuzatgan bir kamtarin do'stingizning Shaxs va Ijod, subut va vijdon, qalb va iymon-e'tiqod tamoyillari bilan bog'liq dil so'zlaridir”[6], deb ta'kidlagani bejiz emas.

Kitobda  yoshlarga boy hayotiy va ijodiy tajriba hosilasi bo'lgan ko'plab qimmatli tavsiyalar berilgan. Bu tavsiyalar oddiy, sodda, lekin zaruriy so'zlar bilan ta'sirchan tarzda bayon etilgani alohida tahsinga munosibdir.

Shu ma'noda, muallifni yangi va go'zal asari bilan tabriklaymiz. Risolani nafaqat yosh qalamkashlar va ijod maktablari talabalari, ayni chog'da, barcha umumta'lim maktablari yuqori sinf o'quvchilari va oliy o'quv yurtlari talabalarining o'qishlari uchun tavsiya etish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Akmal Saidov,
akademik

[1] Kenjabek, Mirzo. Yoshlarga dil so'zlarim: Yosh ijodkorlarga samimiy tavsiyalar. – T.: “Adabiyot”, 2021. – 7-bet.

[2] Kenjabek, Mirzo. Yoshlarga dil so'zlarim: Yosh ijodkorlarga samimiy tavsiyalar. – T.: “Adabiyot”, 2021. – 7-bet.

[3] Ahad Qobil, Mahmud Olloberdi. Alisher Navoiyning “Arbain hadis” kitobiga muqaddima. – T.: “Yozuvchi”, 1991. – 5-bet.

[4] Kenjabek, Mirzo. Yoshlarga dil so'zlarim: Yosh ijodkorlarga samimiy tavsiyalar. – T.: “Adabiyot”, 2021. – 177-bet.

[5] Kenjabek, Mirzo. Yoshlarga dil so'zlarim: Yosh ijodkorlarga samimiy tavsiyalar. – T.: “Adabiyot”, 2021. – 154-bet.

[6] Kenjabek, Mirzo. Yoshlarga dil so'zlarim: Yosh ijodkorlarga samimiy tavsiyalar. – T.: “Adabiyot”, 2021. – 6-bet.

Powered by GSpeech