Yevroparlamentga saylov boshlandi

Kecha boshlangan Yevropa parlamenti saylovi to‘rt kun davom etadi, natija Yevropa Ittifoqining yaqin besh yillik siyosatini belgilab beradi.

Saylov YeI tarkibidagi 27 mamlakatda o‘tadi, taxminan 373 million kishi ovoz berishi kerak. Ushbu siyosiy tadbirning dastlabki natijasi yakshanba kuni oqshom ovoza qilinadi.

Yevroparlamentdagi mavjud 720 o‘rin uchun ko‘hna qit’aning qariyb 200 ga yaqin partiyasi kurashmoqda. Yangi tarkibning ilk sessiyasi iyul oyi o‘rtalariga rejalashtirilgan.

Ovoz berishni 6 iyunda niderlandiyaliklar boshlab berdi. Bugun Irlandiya va Chexiyada saylov bo‘lib o‘tadi. Shanba kuni Latviya, Malta, Slovakiya hamda ittifoqning uchinchi yirik a’zosi Italiya fuqarolari o‘z tanlovini bildirishadi. Boshqa a’zo mamlakatlar uchun saylov kuni – 9 iyun.

Yakshanba oqshomi Bryusselda milliy saylovlarning dastlabki natijalari paydo bo‘la boshlaydi, yarim tunga kelib, Yevroparlamentning yangi tarkibi e’lon qilinishi mumkin.

Mazkur saylov Yevrokomissiya rahbarligiga asosiy da’vogar – Ursula fon der Lyayen uchun ham sinovli tadbir hisoblanadi, chunki uning qayta saylanishini 720 deputatdan kamida 361 nafari ma’qullashi kerak. Shundan keyin uni Yevroittifoqqa a’zo mamlakatlar yetakchilari ham tasdiqlashi zarur. Ursula fon der Lyayen  2019 yil Yevrokomissiya rahbarligiga saylangan birinchi ayol siyosatchidir.

Tuzilmaning ijro organi – YeK raisi har besh yilda o‘tadigan saylovdan keyin tayinlanadi. Tarkibga raisdan tashqari 26 nafar yevrokomissar, har bir a’zo mamlakatdan bir vakil kiritiladi.

YeK yangi qonunlar va direktivalarni taklif qiladi, vakolati doirasida YeI umumiy siyosatini boshqaradi, byudjetni shakllantiradi, Yevropa qonunchiligiga amal qilinishini ta’minlaydi.

Saylovdan so‘ng Yevropa Kengashi yangi rahbari ham saylanadi. YeK prezidenti sammitda Yevrittifoq mamlakatlari rahbarlari tomonidan ko‘pchilik ovoz bilan 2,5 yilga saylanadi, bu muddat bir marta 2,5 yilga uzaytirilishi mumkin. Sammitda YeK rahbarini saylash YeI Kengashiga raislik qiluvchi mamlakat tomonidan muvofiqlashtiriladi – bu yil ayni mas’uliyatni Belgiya bajarishi ehtimoli yuqori.

Yevropa Kengashi prezidenti lavozimi 2009 yilga kelibgina rasmiy va doimiylik kasb etdi.

Yevropa Kengashi rahbari Yevropa Ittifoqi sammitlarini tashkil qiladi va anjumanlarga raislik qiladi. Boshqa Yevropa institutlari bilan eng yuqori darajada hamkorlikni ta’minlaydi, joriy kun tartibidagi asosiy masalalar bo‘yicha qit’a yetakchilari umumiy pozitsiyasiga erishish uchun vositachilik qiladi, tashqi siyosat, xavfsizlik bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha xalqaro maydonda YeIni eng yuqori darajada ifodalaydi.

Bu yil mamlakatimiz Yevropa Ittifoqi bilan munosabat o‘rnatganiga 30 yil to‘ladi. O‘tgan davr mobaynida ikki tomonlama aloqa turli sohada kengayib bordi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘nggi yillarda YeI bilan mavjud hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi.  Shu ma’noda aytish joiz, Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda olib borilayotgan ulkan islohotlar yo‘lini qo‘llab-quvvatlashini har doim ta’kidlab keladi. O‘tgan yil O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash miqdori o‘rtacha 11 foiz o‘sib, 5,13 milliard yevroga yetgani ham ushbu fikrimizga yaqqol dalil. Quvonarlisi, savdo munosabatida O‘zbekiston raqobatbardosh mahsulotlari bilan  ko‘hna qit’a bozoriga tobora dadil   kirib bormoqda. Yevropa parlamentining yangi tarkibi shakllantirilgandan keyin Ittifoq bilan hamkorlik yanada mustahkamlanishi shubhasiz.

S.Rahimov, O‘zA

Powered by GSpeech