Yoshlar huquqlari va parlamentlararo hamkorlik

29 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilishda parlamentlarning roli” mavzuidagi ikkinchi xalqaro onlayn forum bo'lib o'tdi. Yoshlar huquqlariga bag'ishlangan ushbu anjuman O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasi va Buyuk Britaniyaning "Global sheriklik boshqaruvi jamg'armasi" nodavlat tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.

Ushbu forum O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbusi asosida tayyorlangan Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya loyihasi va Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyaning kontseptsiyasi muhokmalari doirasida o'tkazildi.

Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasining a'zosi, "Global sheriklik boshqaruvi jamg'armasi" nodavlat tashkiloti eksperti Baronessa Elison Satti, Buyuk Britaniyaning O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlot va O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Said Rustamov forum ishtirokchilarini samimiy qutladilar.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Parlamentning Inson huquqlari bo'yicha komissiyasi raisi Akmal Saidov so'zga chiqib, mamlakatimizda yoshlar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta'minlash O'zbekiston Prezidenti olib borayotgan davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri ekanini ta'kidladi.

Davlatimiz rahbarining BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasida yoshlarhuquqlari va erkinliklari bo'yicha ilgari surgan tashabbuslari va mamlakatimizda ana shu tashabbuslar doirasida amalga oshirilayotgan maqsadli ishlar to'g'risida forum ishtirokchilariga atroflicha ma'lumot berildi. Xususan, BMT shafeligida Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasini o'tkazish; BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o'ninchi forumida Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya loyihasini taqdim etish; BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi institutini ta'sis etish tashabbuslarining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida e'tibor qaratildi.

Anjuman doirasida Oliy majlis Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari bo'yicha komissiyasi raisi Abdullo Aslonov Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiya loyihasini ishlab chiqishda mazkur Komissiya a'zolarining ishtiroki to'g'risida axborot berdi.

Ma'lumki, Konventsiya loyihasi tegishli vazirlik va idoralar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan tuzilgan ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgach, keng xalqaro muhokama uchun taqdim etildi. Dastlab uni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 70 yilligi doirasida 2018 yil 22-23 noyabr` kunlari Samarqand shahrida bo'lib o'tgan Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi ishtirokchilari ko'rib chiqdilar.

So'ngra Konventsiya loyihasi 2019 yil 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tgan Islom Hamkorlik Tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining «Tinchliksevar demokratik jamiyatlar va barqaror rivojlanishni barpo etishda yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning muhimligi» mavzusidagi Oltinchi xalqaro seminari ishtirokchilariga muhokama uchun taqdim etildi. Mazkur seminarning yakuniy hujjati sifatida qabul qilingan «Toshkent deklaratsiyasi»da Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyani qabul qilishning zaruriyati va ahamiyati alohida ta'kidlandi.

Yanada muhimi, 2020 yil 23 sentyabr kuni bo'lib o'tgan BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti xalqaro hamjamiyatni BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini qabul qilish borasidagi O'zbekiston tashabbusini qo'llab-quvvatlashga chaqirdi.

Bunga qadar, ya'ni 2020 yil 12-13 avgust kunlari «Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari» mavzusida o'tkazilgan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumida yoshlar huquqlarini ta'minlash bilan bog'liq muammolarni bartaraf etish hamda ayni yo'nalishdagi xalqaro va mintaqaviy mexanizmlarni takomillashtirishga doir bir qator muhim takliflar bildirilganini ham qayd etish lozim.

Ushbu nufuzli xalqaro anjumanda Buyuk Britaniyaning Jamoatchilik palatasi sobiq direktori Alen Uolker, Shotlandiya parlamentining Tenglik va inson huquqlari qo'mitasi mas'ul xodimi Klare Menzis, Britaniya Yoshlar kengashi a'zosi S.Savaj yoshlar huquqlarini ta'minlashning dolzarb masalalar yuzasidan o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etgandi.

Shu ma'noda, yoshlar huquqlariga ikkinchi parlament forumi o'sha xalqaro anjumanning uzviy davomi bo'ldi. Forumda ishtirok etgan Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchisi T.Torlot yangi O'zbekistonning yoshlari dunyoga yangicha ko'z bilan boqayotganini e'tirof etar ekan, jumladan, yoshlar boshqa masalalar qatori atrof-muhitning himoyasiga ham ustuvor daraja e'tibor qaratishlari zarurligini qayd etdi.

O'z navbatida, Lordlar palatasi a'zosi Baronessa Elison Satti O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Yoshlar parlamentlari tashkil etilganini ijobiy baholadi. Uning ta'kidlashicha, bu qadamlar qonun ijodkorligi jarayoniga ko'proq yoshlarni jalb qilish imkoniyatini kengaytirgani bilan juda muhimdir.

Buyuk britaniyalik ekspertlar xorijiy davlatlarning yoshlar huquqlarini ta'minlash sohasidagi eng yaxshi amaliyotlari haqida to'xtaldilar. Xususan, Buyuk Britaniyaning bu boradagi tajribasi tadbir ishtirokchilari e'tiborini jalb etdi.

Shu bilan birga, forumda parlament tegishli qo'mitalarining yoshlar muammolarini hal qilish uchun ular bilan ishlashga jiddiy e'tibor qaratishi; yoshlarning inson huquqlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha ilg'or tajribalarini baham ko'rish; joriy yil 12 avgustda o'tkazilishi rejalashtirilayotgan Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasiga tayyorgarlik ko'rish kabi masalalar haqida ham so'z bordi.

Forum yakunida O'zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligini yanada kengaytirishda parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirish muhimligi yana bir bor qayd etildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech