“Yopiq muassasalar va ozodlikdan mahrum etish joylari monitoringi”: trening mashg'ulotlarining ikkinchi kuni

“Yopiq muassasalar va ozodlikdan mahrum etish joylari monitoringi” mavzusidagi trening mashg'ulotlari davom etmoqda. 

BMT Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha kichik qo'mitasi raisi o'rinbosari Viktor Zaxariya olib borgan navbatdagi mashg'ulot qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlarini taqiqlash hamda ularning oldini olish borasida barvaqt monitoring joriy etish, shuningdek, ozodlikdan mahrum etish muassasalarida monitoring o'tkazish va qiynoqlarning oldini olish bo'yicha xorijiy amaliyot tahliliga bag'ishlandi.

Viktor Zaxariya qayd etganidek, dunyodagi har qanday qamoqxonada ham muayyan muammolar uchrab turishi tabiiydir. Shu omilning o'zi bunday muassasalarda mustaqil ravishda preventiv, ya'ni barvaqt monitoring olib borishni taqozo etadi. 

Milliy preventiv mexanizm - MPMlar mazkur vazifa bilan bevosita shug'ullanadi. MPM mavjud nazorat tizimini almashtirishi emas, balki to'ldirishi kerak. MPMning tashkil etilishi bu sohada boshqa qo'shimcha tizimlar tuzishga yoki ularning faoliyat yuritishiga xalal bermasligi zarur.

BMT Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha kichik qo'mitasi raisi o'rinbosari MPMga qo'yiladigan eng oz talablarni sanab o'tdi. Ushbu minimal talablar qatoriga mustaqillik; moliya, logistika va mutaxassislar masalasida yetarlicha resurslar bilan ta'minlanganlik; o'z vakolatini bajarish uchun taqozo etiladigan zarur tajriba va turlicha yondashuvlarni qo'llash layoqati; tegishli vakolat va kafolatlarga ega bo'lish, xususan, ozodlikdan mahrum etish joylariga kirish, zarur axborotlarni olish va kerakli shaxslar bilan uchrashishga doir faoliyatni moneliklarsiz uddalash; imtiyoz va immunitetlar, ya'ni sanktsiyalardan himoyalanganlik va axborot maxfiyligidan foydalanish masalalari kiradi.

Viktor Zaxariyaning ta'kidlashicha, MPM chaqirilgan joyga shoshilib boradigan "Tez yordam" mashinasiga aylanib qolmasligi kerak. Aksincha, ushbu tizim  bunday tezkor "chaqirish"larga sabab bo'ladigan muammolar yuzaga kelishidan oldin o'sha joyda barvaqt monitoring olib borishi lozim. Binobarin, muammo borligi haqida shikoyat yo'qligining o'zi ham muammodir.

Mohiyatan yondashganda, MPM faoliyati - bu faqat qamoqxonalardagi kamchiliklarni fosh etish va tanqid qilish degani emas. Balki bu boradagi faoliyat shunday joylarda saqlanayotgan shaxslarning hayoti yaxshilanishiga imkon qadar hissa qo'shishdan iboratdir. 

Shu bois MPM davlat organlari bilan doimiy ravishda amaliy muloqotni yo'lga qo'yishi kerak bo'ladi. Bunda, albatta, monitoring yakunlari bo'yicha tayyorlangan hisobotga asoslanib ish olib borish maqsadga muvofiqdir.

O'zbekistonda ayni yo'nalishdagi monitoring tizimi qanchalik rivojlangan? Kunning ikkinchi yarmidagi mashg'ulotni olib borgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatilla Tillaboev shu haqda so'z yuritdi. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, Markaz jazoni ijro etish muassasalari, qamoqxonalar va maxsus hibsxonalarni moneliksiz kirib ko'rish huquqiga ega hisoblanadi, dedi M.Tillaboev. - Bu Markazga berilgan yana bir muhim vakolatdir.

Bugungi kunda mamlakatimizda uchta tashkilot milliy preventiv mexanizm vakolatlariga ega. Bular - Ombudsman, Biznes-ombudsman va Milliy markaz sanaladi.

Keyingi davrda shunday muhim preventiv mexanizmlar orqali mamlakatda mahbuslarning huquqlarini himoya qilish imkoniyatlari tubdan kengaydi. Bu sohada yangi qonun hujjatlari yanada katta ahamiyat kasb etmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Aliya Yunusova shu haqda atroflicha to'xtaldi. Parlament vakili 2019 yil 14 martda qabul qilingan "Mahkumlarning hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi qonunning dolzarbligiga e'tibor qaratdi.

Qonunning 20-9-moddasida Vakil, ya'ni Ombudsmanning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llashning oldini olish bo'yicha faoliyatiga doir normalar qayd etilgan. 

Xususan, ushbu moddaning birinchi bandiga ko'ra, "Vakil qamoqda saqlash joylariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llashning oldini olish bo'yicha choralar ko'radi".

BMT va YEXHT xalqaro ekspertlari, shuningdek, Buyuk Britaniya va O'zbekistonning ushbu soha bo'yicha malakali mutaxassislari olib borayotgan mashg'ulotlardan ko'zlangan maqsad, birinchidan, mazkur soha bo'yicha milliy mutaxassislarning zarur bilimlarni egallashiga, ikkinchidan, ularning bu borada orttirgan ko'nikmalarini amaliyotda qo'llashiga, uchinchidan, ushbu bilim va ko'nikmalardan milliy qonunchilikni takomillashtirishda foydalanishga ko'maklashishdan iborat.

 

 

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech