Qonunchilik palatasining majlisida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan muhokama qilindi.
Loyiha haqida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Sirojiddin Abdullayev batafsil ma’lumot berdi:
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning hududiy bo‘linmalari tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va bolalar bilan ishlash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilangan. Mazkur qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish markazlariga tushib qolgan ayollar va farzandlari o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini yo‘qotganlari uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinishi belgilanmoqda. 2023 yilda 24, 2024 yilda esa 28 nafar shaxsga shunday xizmatlar ko‘rsatilgan. Reabilitatsiya markazlariga kelgan aksariyat fuqarolarimiz kam ta’minlangan oila vakillari bo‘lib, to‘lovlarni amalga oshirishda muammolar yuzaga kelmoqda. Shu bois homiylarni jalb etgan holda ularning pasportlarini tiklab berish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasi bilan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarning yo‘qotilgan bank plastik kartasini tiklash uchun tijorat banklariga murojaat qilish yuzasidan notarial tasdiqlangan ishonchnomalarga tenglashtirilgan ishonchnomani tasdiqlash huquqi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga berilishi taklif etilmoqda.
Yana bir yangilik: loyihada ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari uchun yo‘qotilgan biometrik pasportlari (identifikatsiya ID-kartalari), nikohni qayd etganlik va tug‘ilganlik to‘g‘risida takroriy guvohnomalar berilganda davlat boji undirilmasligi belgilanyapti.
Bundan tashqari, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunga davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar tarkibiga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari ham kiritilib, ularga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar belgilanmoqda.

Munozaralar davomida deputatlar ayrim normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirdilar. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarining samarali ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda dolzarb ekani ta’kidlanib, uni ikkinchi o‘qishda maromiga yetkazish zarurligi aytildi. Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 23.04.2025
- Ko'rishlar: 244
- Chop etish