2003-yildan buyon 28-aprel sanasi dunyoning 100 dan ortiq davlatlarida Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) tashabbusi bilan “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda. Ushbu kun mehnat jamiyatining xavfsizligini va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, xodimlarning mehnat sharoiti va huquqlarini yaxshilashga qaratilgan. Shu kunning belgilashining maqsadi ish joylarida turli xil kasalliklar va travmalarni oldini olish, ishchilarni muhofaza qilish sohasidagi qonunlar va standartlarni rivojlantirishdir.
Mehnat muhofazasi – xodimlarning mehnat faoliyati jarayonida ularning hayoti, sog‘lig‘i va ish qobiliyatini saqlash tizimidir. U huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnik, sanitariya-gigiyena, davolash-profilaktika, reabilitatsiya va boshqa tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kunining tarixi 1989-yilda AQSH va Kanadada kasaba uyushmalari va ishchilar tomonidan ish joyida jarohatlangan yoki halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan “Halok bo‘lgan ishchilarni xotirlash kuni” o‘tkazilganidan boshlanadi. Bayram rasman ilk bor 2003-yilda Xalqaro mehnat tashkiloti tashabbusi bilan nishonlangan. XMT bu kunni rasman belgilab, muammoning ko‘lamiga e’tibor qaratishni, ish joylarida xavfsizlik va sog‘liqni muhofaza qilishga oid muhim tashabbuslarni yanada kuchaytirishni maqsad qilgan.
1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 23-moddasida har bir inson mehnat qilish, ishni erkin tanlash, mehnatning adolatli va qulay sharoitiga va ishsizlikdan himoya qilinish huquqiga, shuningdek har bir inson hech bir kamsitishsiz teng mehnat uchun teng haq olish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Kishilarning mehnat va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularda mehnat qilish va hayot kechirishda munosib sharoitlarni ta’minlaydigan unumli va ijodiy mehnat qobiliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish, mehnat qilishning ixtiyoriyligi, ish bilan ta’minlanish sohasida ijtimoiy kafolatlar berish ijtimoiy himoyaga o‘ta muhtoj va ish topishda qiynalayotgan fuqarolar uchun mavjud ish joylarini saqlab qolayotgan va yangi ish joylarini yaratayotgan ish beruvchilarni rag‘batlantirish, ish bilan ta’minlash sohasidagi tadbirlarni iqtisodiy va ijtimoiy siyosatning boshqa yo‘nalishlari bilan muvofiqlashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasida “Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega”, deb belgilab qo‘yilgan.
Shu bois yangi tahrirdagi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilingan va Qonun talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasida insonning mehnat jarayonidagi xavfsizligi, sihat-salomatligi va ish qobiliyati saqlanishini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy, sanitariya-gigiyena va davolash profilaktika tadbirlarini qamrab oluvchi mehnatni muhofaza qilish tizimi tashkil qilingan.
Bu Qonun asoslari mazmun jihatidan juda keng qamrovli bo‘lib, o‘z tarkibida jamoa shartnomasi, mehnat shartnomasi, mehnat intizomi, ayollar va bolalar mehnati, ijtimoiy himoya boshqa masalalarni mujassamlashtirgan. Qonun mamlakatimizda ishlab chiqarish korxonalarida va boshqa barcha muassasalarida mehnatni muhofaza qilishni tashkil etishning yagona tartibini belgilaydi. Shuningdek, mazkur Qonunga asosan ish beruvchi tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda u ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosati korxonalarning ishlab chiqarish faoliyati natijalariga nisbatan xodimning hayoti va sog‘lig‘i ustuvorligi, korxonalarda mehnatning sog‘lom va xavfsiz shart-sharoitlarini yaratishga ko‘maklashuvchi soliq siyosatini yuritish, ishlab chiqarishdagi har bir baxtsiz hodisani va har bir kasb kasalligini tekshirib chiqish va hisobga olish, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan jabrlangan yoki kasb kasalligiga chalingan ishchi xodimlarning manfaatlarini ijtimoiy himoya qilish prinsiplariga asoslanadi. Asosiy maqsad fuqarolarning ishlab chiqarish sharoitida sog‘lig‘i va mehnatining muhofaza qilinishini ta’minlashga qaratilgan.
Barchamizga ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda joriy 2025-yilni O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilgan edilar. Bu ham bejizga emas, sababi bugun nafaqat O‘zbekiston, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlar iqlim o‘zgarishlarning salbiy oqibatlarini yaqqol his qilmoqda.
Iqlim o‘zgarishi sayyoramiz, odamlar va ish dunyosi salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu muammo yomonlashganda, butun dunyo bo‘ylab ishchilar haddan tashqari issiqlik, ultrabinafsha nurlanish, keskin ob-havo hodisalari, havoning ifloslanishi, vektor bilan yuqadigan kasalliklar va agrokimyoviy moddalardan foydalanish kabi xavf-xatarlarga duchor bo‘lish xavfi yuqori. Ko‘pgina kasalliklar, nafas olish kasalliklari va ruhiy kasalliklardir.
Butun dunyo hamjamiyati bugungi kunda mavjud muammolardan biri, ya’ni ish joylarida sodir bo‘layotgan oqibati yengil, og‘ir va o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisalarni, kasb kasalliklarga chalinishni oldini olish va mehnat muhofazasi masalalariga e’tiborni kuchaytirishga qaratmoqda.
Xavfsiz va sog‘lom ish muhiti bilan bog‘liq ish joyida asosiy prinsiplar va huquqlarni targ‘ib qilish, hurmat qilish va amalga oshirish ham iqlim o‘zgarishining xavfli ta’siriga qarshi kurashishni anglatadi. Mehnat xavfsizligi va sog‘lig‘i masalalarini iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish strategiyasiga kiritish va iqlim jihatlarini mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik faoliyatiga qo‘shish juda muhimdir. Qonunchilik o‘zgaruvchan iqlim tahdidlari tufayli qayta baholashni yoki yangi standartlarni qabul qilishni talab qilishi mumkin.
Hukumatlar va jamoat tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik iqlim o‘zgarishini yumshatish va unga moslashish siyosatini ishlab chiqish uchun juda muhimdir. Harakat qilish vaqti keldi!
Ushbu 28-aprelda nishonlanadigan Butunjahon mehnat xavfsizligi va salomatligi kuni butun dunyo bo‘ylab ishdagi kasalliklar va jarohatlarning oldini olishga qaratilgan. Har birimiz ish joydagi jarohatlar va baxtsiz hodisalarga qarshi kurashga o‘z hissamizni qo‘shishimiz mumkin. Hukumatlar sog‘lom mehnat sharoitlari va korxonalar farovonligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan infratuzilma – qonunchilik va xizmatlar uchun javobgardir.
Bunga milliy siyosat va dasturlarni ishlab chiqish, shuningdek ish joyida mehnat xavfsizligi va sog‘liqni saqlash standartlariga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha nazorat tizimlari kiradi. Ish beruvchilar mehnat xavfsizligi va salomatligi uchun javobgardir. Ishchi xodimlar xavfsizlik qoidalariga rioya qilishlari, o‘z huquqlarini bilishlari va profilaktika choralarini amalga oshirishda ishtirok etishlari shart.
Dilafruz Umarova
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi
- Qo'shildi: 28.04.2025
- Ko'rishlar:
- Chop etish