Ayollarning haq-huquqlari: xalqaro tajriba

Xotin-qizlar huquqlari masalasi inson huquqlarining ajralmas qismi, sivilizatsiyaning eng muhim yutuqlaridan biridir.

Inson huquqlari hamda xotin-qizlar haq-huquqlarining tan olinishi uchun xalqaro miqyosdagi harakatlar tarixida muhim bosqich Ikkinchi jahon urushidan so'nggi yillarda boshlandi. 1945 yil iyun oyida urush yakun topgach, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1948 yilning 10 dekabrida inson huquqlari xartiyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qilindi. Ushbu hujjatning ikkinchi moddasida Deklaratsiyada bayon qilingan huquq va erkinliklarga irqi, terisining rangi, jinsi, tili, e'tiqodi, siyosiy yoki boshqa qarashlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulk, tabaqa yoki boshqa mansubiyatidan qat'i nazar, barcha insonlar teng ravishda egaligi qayd etilgan bo'lib, u hozirda milliy va xalqaro antidiskriminatsion qonunchilikka asos sanaladi.

Inson huquqparining individual tabiati haqidagi e'tirofdan voz kechish va ayollar huquqlarining alohida, avvalo, diskriminatsiyaga uchrovchi, ijtimoiy guruh sifatida tan olinishi inson huquqlarining uchinchi (siyosiy, fuqarolik va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlardan keyingi) avlodi shakllanishi bilan bog'liq. U ijtimoiy, siyosiy, jismoniy va boshqa sabablarga ko'ra barcha insonlar uchun umumiy bo'lgan huquq va erkinlikparni amalga oshirishda boshqalar bilan teng imkoniyatga ega bo'la olmaydigan va shu boisdan davlat tomonidan ham, xalqaro hamjamiyat tomonidan ham qo'llab-quvvatlanishga muhtoj fuqarolar toifasi huquqlarini qamrab oladi.

Shu bois BMT tomonidan Ayollarga nisbatan diskriminatsiyani bartaraf etish deklaratsiyasi (1967 y.) hamda Ayollarga nisbatan diskriminatsiyaning barcha shakllarini bartaraf etish haqidagi konventsiya (1979 y.) qabul qilingan. Aynan ikkinchi hujjatda ayollarning kollektiv va individual huquqpari himoyasi masalasiga kuchliroq urg'u berilgan. Xususan, 1979 yilgi Konventsiyaning 1-moddasiga muvofiq, “ayollarga nisbatan diskriminatsiya" tushunchasi jins belgilari asosida, xotin-qizlarning, oilaviy ahvolidan qat'i nazar, ayol va erkak tengligiga tayanib, insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va boshqa sohalardagi huquqlari va asosiy erkinliklaridan foydalanishiga to'sqinlik qilish, ularni tan olmaslikka qaratilgan har qanday cheklov yoki taqiqni bildiradi”. Ayni paytda Konventsiyaning 4-moddasida a'zo-davlatlar tomonidan onalikni himoyalash, shuningdek, ayollar va erkaklarning faktik tengligini o'rnatishni jadallashtirishga yo'naltirilgan maxsus muvaqqat choralar diskriminatsiya sanalmasligi ta'kidlanadi.

Umuman olganda, o'tgan asrning 70-yillari dunyo miqyosida ayollar teng huquqliligi masalalarida uyg'onish, jadallashuv sezilgan davr bo'ldi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Xususan, 1975 yilning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Xalqaro ayollar yili, deb atalishi, 1976-1985 yillar oralig'idagi davrning esa “Tenglik, taraqqiyot, tinchlik” shiori ostida BMT Ayollar O'n Yilligi e'lon qilinishi fikrimiz isbotidir. 1979 yilgi BMT Konventsiyasi esa erkak va ayollarning huquqiy asosga bo'lgan huquq va imkoniyatlarini tenglashtirish vazifasini ko'ndalang qo'ygan, mazkur masalaga bag'ishlangan printsipial ahamiyatli ilk xalqaro hujjat bo'ldi.

1985 yilda ayollar ahvoli yuzasidan Nayrobi (Keniya)da o'tkazilgan xalqaro konferentsiya “gender tengligi” tushunchasiga yangicha mazmun bag'ishladi. Tenglikka faqatgina huquqiy tushuncha, ya'ni diskriminatsiyaning be )ige bartaraf etilishi emas, balki ayollarning taraqqiyot jarayonida nafaqat iste'molchi (benefitsiar), balki faol harakatlanuvchi kuch sifatida ishtirok etishi uchun imkoniyat, shart-sharoit va huquqlar tengligi sifatida yondashila boshlandi. Yevropa, xususan, Skandinaviya mamlakatlari miqyosida bu holat huquqiy davlatlarning huquqiy ijtimoiy davlat shakliga o'zgarishi bilan izohlanadi.

O'tgan asrning 90-yillari ham gender tengligi, ayollar huquq va erkinlikpari himoyasi masalalarida samarali davr bo'ldi. Jumladan, harbiy ziddiyatlar davrida eng ko'p aziyat chekadigan qatlam ayollar va bolalar ekanligi inobatga olingan holda, 1993 yil Venada o'tkazilgan Inson huquqlari bo'yicha xalqaro konferentsiya kun tartibiga ayollarning inson sifatidagi huquqlari umuminsoniy haq-huquqlarning ajralmas tarkibiy qismi ekanligi haqidagi masala qo'yildi. Vena konferentsiyasida qabul qilingan hujjatlar harbiy ixtiloflar davrida ayollar huquqlarining buzilishini inson huquqlari va gumanitar huquq sohasidagi xalqaro huquqning tayanch tamoyillarini buzishga tenglashtirdi.

Inson huquqlari bo'yicha Vena xalqaro konferentsiyasi Bosh Assambleyaga Ayollarga nisbatan zo'ravonlik haqida deklaratsiya qabul qilishni taklif qildi va mamlakatlarni bunday sharmandali holat bilan kurashishga chorladi. O'sha yili — 1993 yilning 20 dekabrida Ayollarga nisbatan zo'ravonlikka qarshi kurash haqida deklaratsiya qabul qilindi. Unga ko'ra, BMTga a'zo davlatlar BMT organlariga inson huquqlari borasida taqdim etadigan hisobot ma'ruzalariga ayollarga nisbatan zo'ravonlik va unga qarshi ko'rilayotgan choralarga oid ma'lumotlar, shuningdek, mazkur masaladagi tendentsiyalar tahlilini ham kiritishi lozim bo'ldi. Bundan tashqari, Inson huquqlari bo'yicha BMT Komissiyasi tomonidan ayollarga nisbatan zo'ravonlik masalalari yuzasidan maxsus ma'ruzachi tayinlandi.

Biroq shuni ta'kidlash joizki, xotin-qizlar huquqlari uchun milliy va xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan xatti-harakatlardan qat'i nazar, maishiy zo'ravonlik, tajovuzlar, ish
haqlaridagi nomutanosiblik, mehnat huquqparining kamsitilishi kabi muammolar hamon dolzarbligicha qolmoqda.

 

Sevara ISHMURATOVA, “Demokratlashtirish va inson
huquqlari” jurnali mas'ul kotibi

Powered by GSpeech