Har bir til yashashga haqlidir

2000 yildan boshlab har yili 21 fevral sanasi butun dunyoda Xalqaro ona tili kuni sifatida nishonlanadi. 1999 yil 17 noyabrda YUNESKO xalqaro konferentsiyasida Bangladesh Xalq Respublikasi tashabbusi bilan joriy etilgan, keyinchalik BMT Bosh Assambleyasining 56-sessiyasida “Ko'p tillilik” rezolyutsiyasi bilan mustahkamlangan ushbu xalqaro bayram nishonlanishining o'z tarixi bor.

1947 yilda inglizlar mustamlakasidan xalos bo'lgan Hindiston hududida ikki yirik davlat – Hindiston va Pokiston tashkil topdi. Bir necha asrdan beri bengal tilida so'zlashuvchi xalqlar yashaydigan hududning g'arbiy qismi Hindiston, sharqiy qismi Pokiston tarkibiga kiritildi. Mana shunday sharoitda 1952 yilning 21 fevral` sanasida bir guruh talabalar Dakka shahrida (hozirgi Bangladesh poytaxti) bengal tiliga davlat tili maqomi berilishini talab qilib namoyish o'tkazishadi.

Afsuski, namoyishchilar politsiya tomonidan o'qqa tutiladi. O'z ona tiliga davlat tili maqomi berilishi, shu orqali uning yashab qolishi, unutilmasligi, qaddi tiklanishi uchun kurashgan ko'plab talaba-yoshlar qurbon bo'ladi. Ammo ularning orzusi armonga aylanmadi.

Ko'p o'tmay Bangladesh davlat mustaqilligini qo'lga kiritadi va bengal tiliga davlat tili maqomi beriladi. Ana shu talabalarning jasorati va porloq xotirasi hurmati uchun 21 fevral` – Xalqaro ona tili kuni sifatida butun dunyoda nishonlanishi yo'lga qo'yilgan.

BMTning “Ko'p tillilik” rezolyutsiyasida shunday deyiladi: “BMT global miqyosda lingvistik va madaniy xilma-xillikni qo'llab-quvvatlash, himoya qilish va asrash vositasi sifatida ko'ptillilikni tan oladi”.

 Darhaqiqat, til nafaqat so'zlashuv vositasi, balki xalq madaniyati va tarixini ko'rsatuvchi ko'zgu hamdir. Har bir tilda boshqa tilda takrorlanmaydigan o'ziga xos joziba bo'ladi. Bu o'sha til yaratuvchisi bo'lgan xalqlarning tarixan shakllangan madaniy qadriyatlari bilan chambarchas bog'liq. Shu ma'noda har bir til, demakki har bir madaniyat va tarix yashashga haqli.

YUNESKO ma'lumotlariga ko'ra hozirgi kunda dunyoda 6 mingga yaqin til mavjud bo'lib, ularning 90 foizi yo'qolib ketish arafasida turibdi. Bu asosan sivilizatsiya, shuningdek, globallashuv tufayli madaniyatidan yiroqlashayotgan kam sonli xalqlar hissasiga to'g'ri keladi.

Yo'qolib ketish arafasidagi tillardan foydalanadigan aholi soni nihoyatda kam. Masalan, 357 tilda atigi 50 kishi so'zlashsa, 46 tildan faqat bittadan odam foydalanar ekan. Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun unda kamida bir million kishi so'zlashishi kerak. Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 ta.

YUNESKO tomonidan nashr etilgan “Yo'qolib ketish xavfi arafasidagi jahon tillari atlasi”da Yevropadagi 50, Tinch okeani mintaqasidagi 200 til "xavf ostida" ekani qayd etilgan. Afrikadagi 1 400 tildan 900 ga yaqini butunlay yo'qolib ketishi mumkin.

Albatta, o'z ona tilini saqlab qolish avvalo o'sha xalqning, insonlarning xohish-irodasiga, qolaversa har bir davlatda milliy bag'rikenglik tamoyillariga amal qilinishiga bog'liq.

Mamlakatimizda ona tilimiz – o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani, uning nufuzini mustahkamlash bo'yicha huquqiy, ilmiy va ma'naviy asoslar yaratilgan. Shu bilan bir qatorda, yurtimizda istiqomat qilayotgan boshqa xalqlarning urf-odatlari, dini, qadriyatlariyu tili ham hurmat qilinishi kafolatlangan.

Konstitutsiyamizning 4-moddasida: “O'zbekiston Respublikasining davlat tili o'zbek tilidir. O'zbekiston Respublikasi o'z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini ta'minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deb belgilab qo'yilgan.

Bugungi kunda O'zbekistonda ta'lim yetti: o'zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg'iz, tojik va turkman tillarida olib boriladi. Birgina qirg'iz tilida ta'lim beradigan 56 ta umumiy-o'rta ta'lim maktabi faoliyat ko'rsatmoqda. Ularda yetti mingdan ortiq o'quvchi o'z ona tillarida ta'lim olish imkoniga ega.

Bir so'z bilan aytganda, mamlakatimizda bo'lganidek dunyoning boshqa davlatlarida ham milliy bag'rikenglik tamoyiliga rioya etilishi, barcha tillar birdek hurmat qilinishi lozim. Shundagina har bir xalqning ona tilini – insoniyat tarixining madaniy xilma-xilligini asrab qolish mumkin.

 

Nazira Raxmatillaeva,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali mutaxassisi

 * foto internetdan olindi

Powered by GSpeech