Yoshlarni ish bilan ta'minlash hamda ularning ta'lim ko'nikmalarini shakllantirish masalasi har bir mamlakat uchun hamon eng muhim vazifa bo'lib qolmoqda.
BMT organlari tomonidan o'tkazilgan tahlillar natijasiga ko'ra, 2016 yilda ishsiz yoki ta'lim ko'nikmalariga ega bo'lmagan yoshlar jahon miqyosida 259 million nafarni tashkil qilgan bo'lsa, ularning soni 2019 yilga kelib – 267 million, 2021 yilda esa 273 million nafargacha o'sishi taxmin qilinmoqda.
Xalqaro mehnat tashkilotining hisob-kitoblariga ko'ra, 2020 yilda global miqyosda yoshlarning ish bilan bandligi – 8,7 foizga, katta yoshdagi insonlarning bandligi esa 3,7 foizga kamaygan. Bundan tashqari, pandemiya sharoitida maktab va oliy o'quv yurtlarining yopilishi ta'lim sifatiga ham o'z ta'sirini o'tkazmoqda. Maktablarning yopilishi dunyodagi jami o'quvchilarning qariyb 70 foiziga ta'lim darajalari bo'yicha o'z ta'sirini ko'rsatmoqda.
Texnologiyalar va ish o'rinlarining kelajagi bo'yicha o'tkazilgan so'rovga asosan, ishsiz va ta'lim ko'nikmalariga ega bo'lmagan yoshlar soni 2017 yildan beri ko'payib borayotgani kuzatilmoqda.
Mazkur tendentsiyaning ta'siri ko'p yillar davom etishi mumkin. Kasbiy ta'lim, o'qitish sektori, kompaniyalar, tashkilotlar va jamoalar o'zgaruvchan ko'nikma talablariga javob beradigan yoshlarni o'qitish va tayyorlashda hal qiluvchi rol` o'ynashi kutilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko'ra, 2025 yilga kelib, ishchilar malakalarining 40 foizi mehnat bozorining yangi talablariga va tezkor raqamli innovatsion sikllarga javoban o'zgaradi.
Yoshlarni kelajakdagi ishchi kuchi sifatida tayyorlash nafaqat yuqori sifatli maktab va oliy o'quv yurtlaridagi sharoitlarni yaxshilash bilan bog'liq, balki texnik va kasb-hunar ta'limiga e'tiborni kuchaytirishni ham talab qiladi.
Shuning uchun 2014 yilda BMT Bosh Assambleyasi yoshlarga munosib ish va tadbirkorlik uchun zarur bo'lgan ko'nikmalarni o'rgatishning muhimligini ta'kidlash maqsadida 15 iyulni – Butunjahon yoshlar ko'nikmalari kuni etib belgilagan. Darvoqe, joriy yilda ham ushbu xalqaro sana pandemiya sharoitida nishonlanmoqda.
Bugungi kunda sohada mavjud muammolarning faqatgina bir yechimi bor. Ya'ni, ta'lim olish va ko'nikmalarni oshirish orqaligina ana shu muammolarga yechim topish mumkin.
Mehnat bozorida muvaffaqiyatga erishishda ta'lim olish va ko'nikmalarni mustahkamlab borish muhim omil sanaladi. Zamonaviy bilim va ko'nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o'z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg'ayrat yoshlarni tarbiyalash mamlakatni barqaror va ildam rivojlantirishning eng muhim sharti bo'lib qolmoqda.
O'z navbatida, bu jarayon yoshlardan yangi tendentsiyalarga moslashuvchanlikni talab qiladi. O'zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyada ham yoshlarning uzluksiz ta'lim olishi, malaka va ko'nikmalarini doimiy ravishda mustahkamlashi masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, yosh avlodning har jihatdan yetuk, jismonan sog'lom, intellektual salohiyatli, ma'nan barkamol ulg'ayishi uchun, shuningdek yoshlarni bajargan mehnati, erishgan yutuqlariga yarasha rag'batlantirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bir so'z bilan aytganda, yurtimizning navqiron egalari, kelajak bunyodkorlariga zarur imkoniyatlar yaratish – mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligiga qo'shiladigan munosib hissa deganidir.
Husniddin Xolmamatov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi Tahlil va tadqiqotlar bo'limi yetakchi mutaxassisi
- Qo'shildi: 15.07.2021
- Ko'rishlar: 3915
- Chop etish