Bundan 18 yil avval, ya'ni 2003 yil 19 avgust kuni BMTning Bag'doddagi bosh qarorgohi joylashgan “KANAL” mehmonxonasiga terrorchi shaxs tomonidan qilingan hujum oqibatida 23 inson, ular orasida tashkilot bosh kotibining Iroqdagi maxsus vakili Serjiu Vieyra di Mellu halok bo'lgan. Ushbu terrorchilik harakati oqibatida 100 dan ortiq odam jarohatlangan.
2008 yilda BMT halok bo'lganlar xotirasi hurmati yuzasidan 19 avgust sanasini – “Xalqaro insonparvarlik yordami kuni” deb e'lon qildi. Shundan buyon dunyoning barcha mamlakatlarida har yili shu sanaga bag'ishlab tashkil etiladigan xayrli tadbirlar doirasida yordamga muhtoj insonlarga imkon qadar insonparvarlik yordami ko'rsatish an'anaga aylangan.
Insonparvarlik – insonning sha'ni va qadr-qimmati, erkinligi va or-nomusi, baxt-saodati va teng huquqliligini, umuman, insoniylikning barcha tamoyillarini yuzaga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratib berish uchun g'amxo'rlik qilishni ifodalovchi tushunchadir. Inson taqdiri, xalq manfaatlari, mamlakat taraqqiyoti haqida g'amxo'rlik – insonparvarlikning asosiy maqsadidir.
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sharoitiga qaramay, aholi salomatligini asrash va xavfsizligini ta'minlash, muammolariga yechim topish va kamchiliklarini hal etishga muntazam e'tibor qaratib kelinmoqda. Shunday sinovli kunlarda o'zining yuksak odamiylik fazilatlari, saxovatpeshaligi bilan ajralib turadigan yurtdoshlarimizning insonparvarlik xislati – moddiy va ma'naviy daldasi tufayli ushbu xastalikni tezroq yengib o'tishga bo'lgan ishonchga yanada ishonch qo'shilmoqda.
Masalan, O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi BMT Bolalar jamg'armasi – YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda 22-23 aprel` kunlari yurtimizdagi Mehribonlik uylari va
Bolalar shaharchalari, rivojlanishda nuqsoni bo'lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, Ichki ishlar vazirligi tizimidagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko'rsatish markazlari tarbiyalanuvchilari uchun insonparvarlik yordamlari yuborgan. Mazkur xayriya aktsiyasi ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini asrashga hamda ularning xavfsizligini ta'minlash, salomatligini asrab, sport mashg'ulotlari faoliyatini yo'lga qo'yishga qaratilgani juda muhim.
Shu o'rinda joriy yildagi insonparvarlik tadbirlari bilan bog'liq ayrim dalil va raqamlarga muxtasar to'xtalamiz.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning topshirig'iga ko'ra, 1 may kuni Hindistonga insonparvarlik yordami yetkazildi. Ushbu insonparvarlik yuklari asosan mobil kislorod kontsentratorlari to'plamlari, ehtiyoj yuqori bo'lgan turli dori vositalaridan tarkib topgan.
Shuni ham qayd etish kerakki, 2020 yilda Hindiston xuddi shunday insonparvarlik ko'rsatish yo'lidan borib, O'zbekistonga dori-darmonlar, SOVID-19 ni davolash uchun mo'ljallangan dori vositalarini taqdim etgandi.
Joriy yilning 14 iyunida pandemiyaning uchinchi to'lqini bilan duch kelgan qardosh Afg'oniston hukumatining murojaatiga binoan ushbu mamlakatga ham insonparvarlik yordami yuborildi.
O'z navbatida, 2020 yili suv toshqinida zarar ko'rgan sirdaryoliklar uchun Turkiya davlati va xalqi insonparvarlik yordami junatgandi. Bu galgi insonparvarlik yordami 4 ming komplekt ko'rpa-to'shak, yostiq va yostiq jamlamalaridan iborat bo'ldi. Viloyat hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlarga asosan insonparvarlik yordami toshqindan zarar ko'rganlar, yordamga muhtoj oilalarga tarqatildi.
2020 yilning 1 avgustida AQSH hukumati O'zbekistonga umumiy qiymati 2.5 million dollarlik 200 ta o'pkani sun'iy shamollatish uskunasini yubordi. Bu insonparvarlik yuklari AQSH ma'muriyati tomonidan e'lon qilingan yordamning bir qismi sifatida taqdim qilindi.
JSST O'zbekistonga umumiy qiymati 300 ming AQSH dollariga teng bo'lgan 500 ta kislorod kontsentratorini insonparvarlik yordami sifatida jo'natdi.
Bunday misollarni ko'plab keltirish mumkin.
Ko'plab davlatlarda suv toshqinlari, zilzila va tabiatning boshqa ofatlari kuzatilmoqda. Oqibatda insonlar doim insonparvarlik ko'magiga muhtojdir.
Shu ma'noda, 19 avgust – Xalqaro insonparvarlik yordami kunida o'z insonparvarlik burchini bajarish yo'lida jonini fido qilganlar, millionlab insonlarga insonparvarlik yordamini ko'rsatayotgan davlatlar va saxovatpesha insonlarning ezgu amallari e'tirof etiladi. Qolaversa, ushbu sana dunyo bo'ylab insonparvarlik yordamiga doimiy ehtiyoj borligini va bu borada xalqaro hamkorlik qilish muhimligini ham eslatib turadi.
Dilbarxon SHODMONOVA,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas'ul xodimi
- Qo'shildi: 17.08.2021
- Ko'rishlar: 4265
- Chop etish