2 mart – O'zbekiston BMTga a'zo bo'lgan kun

Shu munosabat bilan Toshkentda “O'zbekiston va BMT hamkorligining ustuvor yo'nalishlari” mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi. Mamlakatimiz BMTga a'zo bo'lganining 29 yilligiga bag'ishlangan ushbu tadbir O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo'mitasi tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan birgalikda tashkil etildi.

Tadbirga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo'mitasi raisi Dilorom Fayzieva moderatorlik qildi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Komiljon Karimov, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O'zbekistondagi Doimiy vakili Helena Freyzer anjuman ishtirokchilarini qutladilar.

Davra suhbatida O'zbekiston Respublikasi va BMT o'rtasida 1992 yil 2 martda asos solingan hamkorlikning asosiy bosqichlari va istiqbolli yo'nalishlari muhokama etildi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo'mitasi raisi o'rinbosari Qodir Jo'raev “O'zbekiston – BMT: o'zaro hamkorlikning asosiy bosqichlari va yo'nalishlari”, O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o'rinbosari Sherzod Asadov “BMT doirasida O'zbekiston tashabbuslari va ularning amalga oshirilishi”, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatillo Tillaboev “BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashida O'zbekiston Respublikasi a'zoligining ustuvor yo'nalishlari” mavzularida ma'ruzalar qildi.

O'zbekistonning BMT Taraqqiyot dasturi va ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorligining ustuvor yo'nalishlari haqida ham fikr yuritildi. Bu mavzuda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi Doimiy vakili Matilda Dimovska, YUNISEFning O'zbekistondagi vakili Munir Mamatzade, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqasi bo'yicha vakili Ashita Mittal,
Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lianne Kuppens, YUNESKOning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yan Xladik so'zga chiqdi.

Ishtirokchilar qayd etganlaridek, BMT dunyoda kechayotgan har qanday siyosiy jarayonlarni muvofiqlashtirish va boshqarish, mintaqaviy mojarolarni bartaraf etish, tabiiy ofatlarning oldini olish, qashshoqlikka qarshi kurashish kabi keng qamrovli muammolarni hal etish yo'lida faoliyat yuritib kelmoqda. BMT a'zo davlatlarning barqaror rivojlanishga erishish yo'lidagi sa'y-harakatlarini qo'llab quvvatlovchi yagona va eng obro'li xalqaro tashkilot hisoblanadi.

Davra suhbatida O'zbekiston va BMT o'rtasidagi hamkorlikning bosh maqsadi – dunyoda tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash, davlatlararo hamjihatlik va do'stona qo'shnichilik aloqalarini mustahkamlash, xalqaro iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, inson huquqlari va erkinligini qo'llab-quvvatlashdan iborat ekani ta'kidlandi.

O'zbekiston o'tgan yigirma to'qqiz yil mobaynida BMTning faol a'zolaridan biriga aylanganligi, ayniqsa 2020 yil 23 sentyabrda bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev global va mintaqaviy ahamiyatga ega tashabbuslarni ilgari surgani e'tirof etildi.

Ayni chog'da, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasida so'zlagan nutqida mamlakatda demokratik yangilanishlarni chuqurlashtirish hamda Inson huquqlari bo'yicha kengash doirasidagi asosiy vazifalarga to'xtalib, bu borada bildirgan taklif va tashabbuslar ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi. Binobarin, O'zbekiston Prezidenti ta'biri bilan aytganda, inson huquqlari sohasi bundan buyon ham BMT bilan o'zaro hamkorligimizning muhim yo'nalishi bo'lib qoladi.

Davra suhbatida ta'kidlanganidek, BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida davlatimiz rahbarining ishtiroki va so'zlagan nutqini tahlil qilish asnosida  xalqaro hamjamiyatning mamlakatimizga bo'lgan munosabati qanday ekanini anglash mumkin. Davlatimiz rahbarining nufuzli minbardagi nutqi mamlakatimiz inson huquqlari yo'lida o'zi tanlagan yo'ldan ortga qaytmasligini, xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e'tirof etilgan printsip va normalarini qat'iy himoya qilishini va uni faol ilgari surishini yana bir bor namoyon etdi.

Ma'lumki, 2015 yilda "BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari” deb nomlangan strategiyasi e'lon qilindi. Shu munosabat bilan 2030 yilga qadar insoniyatni ravnaq toptirishning 16 ta global maqsadlariga erishish bo'yicha O'zbekiston tomonidan qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to'la hamohang tarzda ishlab chiqilgan va amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasi, o'z navbatida, ushbu Harakatlar strategiyasiga muvofiq qabul qilinayotgan Davlat dasturlari hamda qonun hujjatlari mamlakatimizning barqaror taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qonun ijodkorligi va parlament nazorati faoliyati doirasida tegishli ishlar belgilab olingan. Xususan, parlament tomonidan O'zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo'yicha hukumat tomonidan amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlari yuzasidan muntazam ravishda eshituvlar amalga oshirib kelinmoqda.

Davra suhbati qatnashchilari O'zbekiston va BMT o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning asosiy bosqichlari va ustuvor yo'nalishlari, BMT doirasida e'lon qilinayotgan O'zbekiston tashabbuslari va ularning amalga oshirilishi, BMT Inson huquqlari bo'yicha Kengashida O'zbekiston Respublikasi a'zoligining asosiy vazifalari, O'zbekistonning BMT Taraqqiyot dasturi va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari yuzasidan keng fikr almashdilar.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

foto internetdan olindi

Powered by GSpeech