2021 yilgi Davlat dasturi: mazmun-mohiyati, amalga oshirish mexanizmi va kutilayotgan natijalar

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining mazmun-mohiyati, amalga oshirish mexanizmi va kutilayotgan natijalar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Bosh prokuratura Akademiyasi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Sudyalar oliy maktabi, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining ilmiy xodimlari, Institut huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi hamda Yosh qonunshunoslar klubi bilan Yoshlar parlamenti a'zolari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov tadbirda so'zga chiqib, “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi o'z mazmun-mohiyatiga ko'ra mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning tadrijiyligini ta'minlashda Bosh dastur bo'lishini ta'kidladi.

Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, “Davlat dasturidan asosiy maqsad qog'oz yoki hisobot emas, balki amaliy natijalarga erishish, odamlar hayotida ijobiy o'zgarishlar qilish, buning uchun har bir rahbar o'z faoliyatida natija ko'rsatishi zarur va shart”. Jonli muloqot asnosida 2021 yilgi Davlat dasturining mazmun-mohiyati, uni amalga oshirish mexanizmi va kutilayotgan natijalar Prezidentimizning shu qat'iy talabi negizida atroflicha tahlil va talqin qilindi.

Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori F.Otaxonov “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining tuzilishi, unda yoshlarni qo'llab-quvvatlash, aholi salomatligini saqlash va parlamentning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirish maqsadida belgilangan muhim vazifalarni amalga oshirish mexanizmi hamda ulardan kutilayotgan natijalar haqida ma'ruza qildi, deyiladi lpri.uz sayti xabarida.

Bunda, xususan, Davlat dasturining ijrosini ta'minlashda ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalari ilmiy xodimlari, professor-o'qituvchilarining roli haqida ma'lumotlar berildi. Davlat dasturida nazarda tutilgan barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, muhokama qilish va qabul qilishdan boshlab, ularning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishi hamda mohiyati va ahamiyatini aholi o'rtasida tushuntirishgacha bo'lgan jarayonda olimlar, shu jumladan huquqshunos olimlar faol ishtirok etishlari zarur ekanligi alohida qayd etildi.

Davra suhbati davomida ommaviy axborot vositalari vakillari Davlat dasturi bilan bog'liq o'zlarini qiziqtirgan savollarga deputatlar va mutasaddi tashkilotlarning vakillaridan asoslantirilgan javoblar oldilar.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech