2021 yilgi Davlat dasturi va inson huquqlari himoyasi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi 273 banddan iborat.

Davlat dasturida belgilangan tadbirlarni amalga oshirishning jami xarajatlari uchun qariyb 30 trillion so'm, 2 milliard 600 million AQSH dollari va 57 million yevrodan ziyod mablag' yo'naltirilishi ko'zda tutilgan. Mazkur miqdor 2020 yilda 18,2 trln so'm va 10,3 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan.

Davlat dasturining asosiy maqsadi — yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini qaror toptirish, iqtisodiyotni rivojlantirish orqali xalq farovonligini oshirishga qaratilgan. Shu asosda Dasturda Harakatlar strategiyasining ustuvor yo'nalishlari bo'yicha amalga oshiriladigan vazifalar, joriy etiladigan tartib va amaliyotlar belgilandi. 

Prezident Shavkat Mirziyoev 10 fevral kuni «Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ta'kidlaganidek, "Bu dasturni hanuz davom etayotgan pandemiya sharoitida, global inqiroz kuchayib borayotgan murakkab bir vaziyatda amalga oshirishimizga to'g'ri keladi. Har qancha qiyin bo'lmasin, 500 ming nafar yosh va 200 ming ayolni ish bilan ta'minlash hamda 300 ming aholini kambag'allikdan chiqarish lozim".

Shu bilan birga, davlat rahbari rivojlanishdan ortda qolayotgan 33 ta tuman va og'ir ahvoldagi 970 ta mahallaning yo'li, ichimlik suvi va elektr ta'minoti, irrigatsiya tarmog'ini yaxshilash, tibbiyot va ta'lim tizimidagi islohotlarni eng uzoq qishloqlargacha yetkazish zarurligiga e'tiborni qaratdi.

«Davlat dasturidan asosiy maqsad qog'oz yoki hisobot emas, balki amaliy natijalarga erishish, odamlar hayotida ijobiy o'zgarishlar qilish. Buning uchun har bir rahbar o'z faoliyatida natija ko'rsatishi zarur va shart», dedi O'zbekiston Prezidenti. Haqiqatan ham, 2021 yilgi Davlat dasturi tom ma'nodagi xalqchil dasturdir.

Birinchidan, O'zbekistonda 2021 yil — Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb e'lon qilingani munosabati bilan ishlab chiqilgan va umumxalq muhokamasiga qo'yilgan dastur loyihasi keng jamoatchilik vakillaridan kelib tushgan 2 mingdan ziyod taklif hamda fikr-mulohazalar asosida qayta ishlanib, yanada boyitilgan.

Ikkinchidan, Davlat dasturi yurtdoshlarimizning hayotdagi qanchadan-qancha tashvishu muammolariga amaliy yechim topishga, xalqimizni rozi qilishga qaratilgan. Buni Dasturda aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, tibbiyot, ta'lim hamda boshqa gumanitar sohalarni rivojlantirish, bir so'z bilan aytganda, inson manfaatlarini bevosita ta'minlashga taalluqli 93 ta band borligi yaqqol tasdiqlaydi.

Misol uchun, 2021 yil 1 iyundan boshlab, pensiya tayinlashda 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish stajini shaxsning mehnat daftarchasidagi yozuvlar asosida, tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblash tartibi joriy etilmoqda. Buning natijasida, yil yakuniga qadar 100 ming, kelgusi yilda yana 200 ming fuqaro ortiqcha sarson bo'lmay pensiya olish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Byudjet hisobidan 2021 yilda 22 ta bolalar bog'chasi va 31 ta yangi maktab quriladi. Yil davomida, shuningdek har bir tumanda fizika faniga ixtisoslashgan bittadan maktab tashkil etiladi. Dasturda madaniyat markazlari, muzeylar va teatr binolarini ta'mirlash hamda jihozlash masalalariga ham alohida ahamiyat berilgan.

Aholi salomatligi haqida so'z borganda, yurtimizda koronavirusga qarshi emlash boshlanayotganini ta'kidlash lozim. Sog'liqni saqlash vazirligiga birinchi navbatda emlanishi zarur bo'lgan aholi toifasini belgilab, elektron ro'yxatini shakllantirish, oilaviy poliklinika va qishloq shifokorlik punktlaridagi 3 mingdan ziyod emlash bo'limlari va qo'shimcha 800 ta mobil brigada tashkil etish vazifasi qo'yildi.

Uchinchidan, Davlat dasturining 2-bo'limi 2-qismi "Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta'minlash" deb nomlanadi. Ushbu bo'limdan 4 ta band joy olgan.

Xususan, 22-bandda O'zbekiston Respublikasi fuqaroligini berish tartibini takomillashtirish borasidagi islohotlarni davom ettirish maqsadida tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Loyihada mamlakatimizga 2005 yil 1 yanvarga qadar kelib, doimiy yashayotgan, shuningdek mamlakatimizda 15 yil davomida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo'lmagan va chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan shaxslar tomonidan istak bildirilgan taqdirda, ularni O'zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish tartibini joriy qilish nazarda tutiladi.

Davlat dasturining 23-bandida qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish uchun Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) vazifa va vakolatlari ko'lamini kengaytirish ko'zda tutilmoqda. Jumladan, Ombudsman huzurida qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo'yicha jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Ushbu guruhlar faoliyati ommaviy axborot vositalarida keng va muntazam yoritib boriladi.

Dasturning 24-bandida nodavlat sud-ekspertiza faoliyatini qo'llab-quvvatlash va muvofiqlashtirish mexanizmlarini joriy etish vazifasi qayd etilgan. Bunda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini tashkil etishning davlat-xususiy sheriklik asosidagi shakllarini joriy qilish, ushbu sohada ilmiy-tadqiqot ishlariga ko'maklashishning samarali mexanizmlarini tatbiq etish, shuningdek nodavlat ekspertiza faoliyatini muvofiqlashtirish, tartibga solish va nazorat qilish mexanizmlarini belgilab berish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Davlat dasturining 25-bandida narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolash uchun narkologiya muassasalariga g'ayriixtiyoriy tartibda yotqizish yoki ushbu muassasada yotish muddatini uzaytirish to'g'risidagi masalalarni fuqarolik ishlari bo'yicha sudlar tomonidan ko'rib chiqish tartibini belgilash haqida so'z boradi. Bu borada sud qarori qabul qilinishi tartibini joriy etish ko'zda tutilmoqda.

To'rtinchidan, O'zbekistonda inson huquqlari sohasida jamoatchilik monitoringi tizimini shakllantirish uchun tegishli qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Loyihada:

“Jamoatchilik nazorati to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonunida jamoatchilik nazoratining har bir shaklini amalga oshirish mexanizmlari va tartib-taomillarini belgilash;

inson huquq va erkinliklariga taalluqli xalqaro va milliy huquqiy normalarning amalga oshirilishini nazorat qilish bo'yicha “jamoat inspektori”, “jamoat kuzatuvchisi”, “jamoat komissiyasi” institutlarini shakllantirish;

inson huquqlari sohasidagi qonunlar samaradorligini baholash va ilmiy asoslangan hamda chuqur o'ylangan jamoatchilik monitoringi tizimini shakllantirish nazarda tutiladi.

Mamlakatimizda inson huquqlariga taalluqli normalarni nazorat qilish bo'yicha yangi institutlarni shakllantirishga qaratilgan mazkur vazifa Davlat dasturining 257-bandida belgilab qo'yilgan.

G'ulom Mirzo

Powered by GSpeech