2022 yil 16 fevralda Toshkentdagi "Hilton" mehmonxonasida shu mavzuda O‘zbekiston – Buyuk Britaniya Yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi. Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Buyuk Britaniyaning Global Partners Governance Foundation (GPGF) nodavlat tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.
Oflayn va onlayn shaklda ish olib borgan ushbu forumda O‘zbekiston va Buyuk Britaniyaning turli hududlaridagi yoshlar, milliy va xorijiy ekspertlar, yoshlar masalalari bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar faollari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov anjuman ishtirokchilarini qutlar ekan, dastavval, 2021 yil 11 oktyabrda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi O‘zbekiston tashabbusi asosida COVID-19 pandemiyasining yoshlar huquqlariga ta’siri to‘g‘risidagi rezolyusiyani qabul qilgani haqida to‘xtaldi.
Ushbu Rezolyusiyani ishlab chiqish va qabul qilish g‘oyasi Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasida ilgari surilgan. Hujjat davlatlarni yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga, koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish nuqtai nazaridan, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlashda ko‘maklashishga chaqiradi.
Binobarin, bugun dunyoda yoshlar aholining misli ko‘rilmagan darajada ko‘pchiligini, ya’ni 2 milliard nafarni tashkil etmoqda. Bu aksariyat mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekistonda ham aholining o‘sib boradigan katta qismi yoshlardan iborat, deganidir.
BMT doirasida va undan tashqarida yoshlar masalasi tez-tez muhokama markaziga qo‘yilmoqda. Ammo, global rivojlanish davrida oldinga qarab bir necha qadam – natijali qadamlar qo‘yish zarurati mavjud.
Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan va ushbu anjumanda ishtirok etgan GPG fondi eksperti, Buyuk Britaniya Lordlar palatasining a’zosi baronessa Elison Satti hamda GPG fondining Buyuk Britaniyadagi vakili Eylin Uolker ham ayni mavzuda fikr yuritdi.
Shuningdek, tadbirda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlot bilan O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qirolligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Said Rustamov so‘zga chiqdi.
Anjuman ishi uchta sessiyada tashkil etildi. “O‘zbekistonda yoshlar huquqlarining ta’minlanishi” mavzusidagi birinchi sessiyada O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi, Yoshlar ishlari agentligi, “Yuksalish” umummilliy harakati, Yoshlar parlamenti vakillari so‘zga chiqdi.
Ikkinchi sessiyada “Pandemiyaning yoshlar huquqlariga ta’siri: O‘zbekiston va Buyuk Britaniya tajribasida” mavzusiga taalluqli masalalar muhokama etildi. Unda Shotlandiya Yoshlar parlamenti raisi Liam Fovley, Uels yoshlar parlamenti sobiq a’zosi Charli Oliver-Xolland va O‘zbekistondagi U-Report loyihasi rahbari Jamila Nurjanovaning chiqishlari tinglandi.
O‘z navbatida, “Siyosiy jarayonlar va qonunchilikning yoshlarga ta’siri” deb nomlangan uchinchi sessiyada Buyuk Britaniya va O‘zbekiston ekspertlarining fikr-mulohazalari atroflicha muhokama qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 16.02.2022
- Ko'rishlar: 2701
- Chop etish