So‘z – “Inson huquqlari himoyasi uchun”
ko‘krak nishoni sovrindoriga
Joriy yilda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi o‘zining rezolyusiyasi bilan ilk bora insonning toza atrof-muhitga bo‘lgan huquqini e’tirof etdi. Inson huquqlari bo‘yicha BMT oliy komissari Mishel Bachelet sessiya boshida global ko‘lamdagi 3 ta xavfni sanab o‘tdi. Bular iqlim o‘zgarishi, ifloslangan atrof-muhit va tabiatning buzilishidir. Mishel Bachelet fikriga ko‘ra, sanab o‘tilgan xavflar inson huquqlari sohasida eng jiddiy muammolardandir.
O‘zbekistonda hozirgi kunda global deb sanalgan barcha ekologik muammolar mavjud. Ularni bartaraf etishda mamlakatimiz ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – atrof-muhit muhofazasi misolida inson huquqlarini himoya qilish, salomatligini asrash, kelajak avlodga ekologik xavflardan holi toza tabiiy muhitni qoldirishdan iborat.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2019 yil 30 oktabrda “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Unda qator ekologik muammolarning yechimini topish orqali mamlakatimizni aynan ekologik jihatdan xavfsiz hududga aylantirish, aholining ekologik ongini shakllantirish va ekologik madaniyatini oshirish ko‘zda tutilgan.
Men ekojurnalist sifatida 2004 yildan buyon faoliyat yuritib kelaman. Hozirgi paytda rahbarligimdagi ekolog.uz sayti va https://t.me/ekologuz telegram kanali orqali mamlakatimizning barcha hududlaridan kuniga kelib tushayotgan ekologik muammolar haqidagi 15-20 tagacha murojaatni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi bilan hamkorlikda o‘rganib, ularni bartaraf etishga hissamizni qo‘shib kelmoqdamiz.
Bundan tashqari, o‘zim ta’lim berayotgan O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti Media va kommunikatsiya fakulteti, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti Internet jurnalistikasi fakulteti o‘quv dasturlariga “Ekojurnalistika” fanini kiritdik. Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazining mediatreneri sifatida BMTTD, Kanada fuqarolik tashabbuslari markazi, Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologik markazi, YuSAID xalqaro tashkilotlari hamkorligida O‘zbekiston jurnalist va blogerlari uchun ekologik muammolarni yoritish bo‘yicha seminar-trenerlar o‘tkazib kelayapmiz.
Bugun mening mamlakatimiz tabiatini muhofaza qilish, yurtdoshlarimizni aynan mavjud ekologik xavflar haqida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilish, yoshlarning ekologik ongini shakllantirishga qo‘shayotgan kichik hissamni e’tirof etgan holda, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilganim uchun minnatdorchilik bildiraman.
Fursatdan foydalanib, Xalqaro inson huquqlari kuni, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilganining 25 yilligi, BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 10 yilligi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi bilan barcha yurtdoshlarimizni tabriklayman. Markaz faoliyatiga respublikamizda inson huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlariga omad tilab qolaman.
Nargis QOSIMOVA,
O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti
Media va kommunikatsiya fakultetining dotsenti,
filologiya fanlari nomzxodi, ekolog.uz sayti bosh muharriri
- Qo'shildi: 11.12.2021
- Ko'rishlar: 3369
- Chop etish