Akmal Saidov Amir Temur xalqaro fondining esdalik nishoni bilan taqdirlandi

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov “Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi. 2021 yil 12 may kuni Xalqaro Amir Temur jamg'armasi raisi o'rinbosari To'lqin Hayit tomonidan ushbu mukofot o'z sohibiga tantanali ravishda topshirildi.

“Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi” esdalik nishoni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 14 martdagi 100-sonli qaroriga asosan ta'sis etilgan. Mazkur esdalik nishoni to'g'risidagi Nizom tasdiqlangan.

Nizomda ta'kidlanganidek, ushbu esdalik nishoni bilan O'zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarda buyuk sarkarda, Sohibqiron Amir Temur va temuriylar hayoti va faoliyatiga munosib izdosh bo'lish, u boshlagan o'zbek milliy davlatchiligi bardavomligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy ijtimoiy, ilmiy, ma'naviy salohiyatini va mudofaa qudratini yuksaltirish, davlatimiz sarhadlari daxlsizligini ta'minlash, demokratik islohotlarni amalga oshirish, jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo do'stlik va totuvlikni, tinchlik va barqarorlikni asrash, milliy madaniyatimiz va san'atimizni rivojlantirish, sog'lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarimizni vatanparvarlik va istiqlol g'oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo'shib kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning barcha sohalari vakillari, mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda boshqa shaxslar taqdirlanadi.

Mukofotlanganlarga esdalik nishoni bilan birga uning guvohnomasi beriladi.

Ma'lumot uchun: akademik A.Saidov 1994-1996 yillarda O'zbekistonning Frantsiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi hamda YUNESKOdagi Doimiy vakili sifatida faoliyat olib borgan. 1996 yili Amir Temur tavalludining 660 yilligi va 1994 yili Mirzo Ulug'bekning 600 yilligi tavallud sanalarini YUNESKOning Parijdagi qarorgohida xalqaro miqyosda yuksak darajada o'tkazishda bevosita ishtirok etgan.

O'sha davrda Yevropa sharqshunoslik maktabining mustaqil yo'nalishi – “Evropa temurshunoslik maktabi” mavzusini chuqur o'rganishga kirishgan. Natijada 1996 yili frantsuz temurshunos olimi Lyus`en Keren bilan hammualliflikda “Amir Temur va Frantsiya” kitobini nashrdan chiqargan. Ushbu kitobning to'ldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashri 2016 yilda chop etilgan. Shuningdek, olimning ayni mavzu bilan bog'liq “Hazrat Zangi ota”, “Amir Temur va Sulton Mirhaydar ota” kabi kitoblari ham nashr etilgan.

A. Saidov Yevropa mamlakatlarida Amir Temur siymosi talqiniga bag'ishlab yaratilgan oltmishdan ziyod adabiy-badiiy asarlardan ayrimlari, xususan, germaniyalik daho shoir va mutafakkir Yohann Volfgang Gyote hamda atoqli nemis bastakori Georg Fridrix Gendel, mashhur ingliz dramaturgi Kristofer Marlo, amerikalik hassos shoir Edgar Allan Po, argentinalik atoqli adib Xorxe Luis Borxes, rus adibi Ivan Bunin, frantsuz olimi L`yusen Keren qalamiga mansub asarlarning o'zbek tilidagi matnlarini targ'ib etish hamda nashr qildirish ishlariga katta e'tibor qaratib kelmoqda. Xususan, 2016 yili "DAVR PRESS" nashriyotida chop etilgan “Amir Temur G'arb adiblari nigohida” to'plamiga mas'ul muharrir va so'zboshi muallifi bo'lgan.

Bundan tashqari, akademik E.Rtveladze bilan hammualliflikda 1996 yili Parijda “Amir Temur v zerkale mirovoy istorii” bibliografiyasini nashr ettirgan. 2006 yili “Buyuk Amir Temur tarixi”,  2007 yili “Amir Temur Yevropa elchilari nigohida”,  2015 yili “Sohibqiron Amir Temur davri qadriyatlari etnotarixiy lavhalarda” kabi kitoblarning nashrga tayyorlanishida bevosita ishtirok etgan.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech