28 oktyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo Ombudsmanlari alyansining oltinchi majlisi «Yevroosiyo makonida yoshlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb muammolariga yechim topishga doir eng maqbul amaliyotlarni o‘rganish» mavzuiga bag‘ishlandi. Oflayn va onlayn shaklda tashkil etilgan xalqaro forumga Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova moderatorlik qildi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov so‘zga chiqdi.
A.Saidov Rossiya va boshqa mamlakatlar Ombudsmanlariga 2021 yil 12-13 avgust kunlari Toshkentda o‘tkazilgan “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzuidagi Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasida ishtirok etganlari uchun minnatdorchilik bildirdi. Ma’lumki, tafsilotlari 50 dan ortiq milliy va 30 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalarida yoritilgan ushbu konferensiya yakunida Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi qabul qilindi.
Eng muhimi, shu yil 8 oktyabr kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 48-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashabbusi asosida Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi ta’sirining oqibatlari to‘g‘risidagi rezolyusiya qabul qilingani ham Toshkentda o‘tkazilgan butunjahon konferensiyasi samarasi hisoblanadi. O‘zbekiston kiritgan Rezolyusiya matni BMT Kengashiga a’zo barcha, ya’ni 47 ta davlat tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
Rezolyusiyaning maqsadi – pandemiya sharoitlarida butun dunyoda yoshlarning ehtiyojlarini ta’minlash, ular duch kelayotgan muammo va to‘siqlarni bartaraf etish, navqiron avlodning jamiki ezgu manfaatlari, huquq va erkinliklarining kafolatlarini, shuningdek yoshlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan xalqaro, mintaqaviy va milliy ko‘lamlardagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishdan iborat.
Modomiki, dunyo tobora globallashib, jadal sur’atlarda o‘zgarib va murakkablashib borayotgan XXI asrda yashayotgan ekanmiz, hozirgi zamonning g‘oyat muhim bir voqeligiga e’tibor qaratmasligimiz mumkin emas. Ya’ni, salmoqli inson kapitaliga ega bo‘lgan va bu sarmoya tarkibida yoshlar juda katta o‘rin tutadigan mamlakatlar izchil rivojlanish, innovatsiya salohiyatini muvaffaqiyatli jamg‘arish va o‘z yutuqlarini samarali tasarruf etish borasida ustuvor imkoniyatlarga egadir.
Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat o‘ta shafqatsiz COVID-19 pandemiyasi tufayli ko‘paygandan-ko‘payib borayotgan turfa muammolarga duch kelmoqda. Bu muammolar yoshlarning hayotiga vayronkor ta’sir ko‘rsatmoqda.
Jahon yoshlari sog‘liqni saqlash tizimi xizmatidan foydalanish, sifatli ta’lim olish, maqbul ish topish va munosib mehnat qilish, ichki va tashqi mehnat migratsiyasi ishtirokchisiga aylanish, oziq-ovqat xavfsizligi va me’yorda ovqatlanish, ijtimoiy yakkalanish va jamiyatdan begonalashish kabi yangidan-yangi tashvishlar bilan yuzma-yuz kelmoqda. Bunday vaziyatda yoshlar huquqlarini himoya qilishga doir huquqiy mexanizmlarni to‘la ravishda saqlab qolish o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi vaqtda Yer yuzi aholisining 2 milliard nafardan ortig‘ini navqiron yigit-qizlar tashkil etmoqda. Insoniyat tarixida sayyoramizdagi yoshlarning soni hech qachon bu qadar ko‘p bo‘lmagan.
Eng muhimi, yoshlar tub yangilanishlarni boshlab beradigan va shijoatli o‘zgarishlarning boshida turadigan qudratli kuchdir. Ularning zimmasida o‘z salohiyatini baralla namoyon etib, bugungi va kelgusi avlodlar uchun maqbul va manzur hayot barpo etish mas’uliyati turibdi.
Ammo, ijtimoiy jihatdan olib qaraganda, navqiron avlod hayotning barcha sohalarida davlat va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashiga mushtoq, kerak bo‘lsa, muhtoj ekani ham bor gap. Ayniqsa, bugun yoshlarni ravnaq toptirishga yo‘naltirilgan muayyan mablag‘lar ajratish, davlatning yoshlar siyosatini amalda samarali tatbiq etish uchun zamonaviy infratuzilma barpo etish, inson huquqlarini ta’minlash sohalarida ko‘plab muammolar amaliy yechimini kutmoqda.
Yevroosiyo makonidagi mamlakatlar ombudsmanlari anjumanida yoshlar huquqlarini himoya qilishning ta’sirchan huquqiy mexanizmlari haqida atroflicha fikr almashildi. Bu borada Ombudsman instituti muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Muhokamalar yakunida majlis rezolyusiyasi qabul qilindi.
Tadbir doirasida Yevroosiyo Ombudsmanlari alyansi yangi saytining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.10.2021
- Ko'rishlar: 3356
- Chop etish