Mamlakatimizda faol gender siyosati doirasida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy mavqeini mustahkamlash bo'yicha jadal islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasida qayd etganidek, "Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o'rni tobora kuchaymoqda. Yangi Parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko'paydi".
Haqiqatan ham, Oliy Majlisga bo'lib o'tgan oxirgi saylovlar natijasida birinchi marotaba O'zbekiston parlamentida ayollar soni bo'yicha BMT tavsiyalari (kamida 30 foiz) to'liq bajarildi. Qonunchilik palatasiga 32 foiz, ya'ni 48 nafar ayol deputat saylangani, o'z navbatida, dunyodagi 190 parlament ichida O'zbekiston parlamentining 37-o'ringa ko'tarilishini ta'minladi.
Keyingi to'rt yilda mamlakatimizda "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida"gi va "Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida"gi qonunlar qabul qilindi. 2020 yilning o'zida O'zbekistonda xotin-qizlarning hukumat va jamiyatdagi rolini oshirishga, ularning bandligini ta'minlashga, ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga va muhtoj ayollarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan 15 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.
O'tgan yildan boshlab davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarning bilim olish imkoniyatlari yanada kengaytirilib, oliy ta'lim muassasalariga 4 foizli davlat grantlari ajratildi. Mazkur yangi tizim asosida 2020 yilda 950 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj qiz o'qishga qabul qilindi. Barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari bo'yicha maslahat kengashlari faoliyati tashkil etildi.
O'zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi hamda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi faol ishlamoqda. Yanada muhimi, Prezidentimiz parlamentga taqdim etgan Murojaatnomasida Senat Raisi rahbarligida Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etish vazifasini kun tartibiga qo'ydi.
Bugungi kunda 1 ming 400 ga yaqin ayollar respublika va viloyatlar, 43 mingdan ziyodi tuman va shaharlar darajasidagi rahbarlik lavozimlarida ishlab kelmoqda.
Birgina shu dalil va raqamlarning o'zi ham yurtimiz ayollarining jamiyatda haqiqiy o'rnini egallab borayotganidan dalolat berib turibdi. Aytish kerakki, davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan xotin-qizlarga qaratilayotgan alohida e'tibor tufayli ular ta'lim, adabiyot, madaniyat, san'at, ilm-fan va boshqa sohalarda samarali mehnat qilmoqda.
Shonli tariximiz zarvaraqlarida To'maris va Bibixonim, Gulbadanbegim va Zebunniso, Nodirabegim va Anbar otin kabi oqila momolarimizning muborak nomlari manguga muhrlangan. Ulug' shoir va mutafakkir Alisher Navoiy "Nasoyim ul-muhabbat" tazkirasining "Erkaklar martabasiga yetgan orif ayollar zikri" nomli faslida moziydan to o'z davrigacha yashab o'tgan yoki o'ziga zamondosh bo'lgan islom olamida mashhur 35 nafar shayx, orifa xotin-qizlarning ruhiyati, shariati, tariqati, ijodlari xususida lavhalar bitgan.
Alisher Navoiy bobomizning "Farhod va Shirin" dostonida ta'riflangan 10 nafar olima qiz, jumladan, mantiq ilmida tengsiz Diloso, astronom Gulandom, faylasuf Sumanbo'y, hikmat fani bilimdoni Parizod obrazlari ham real hayotdan olingan. Ularning prototipi hazratga zamondosh bo'lgan zakiy momolarimizdir. Shunday ekan, bugun zamondoshlarimiz bo'lgan oqila va zukko xotin-qizlarni qadrlash hamda ulug'lash biz uchun ham qarz, ham farzdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2021 yil 26 fevral` kuni xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash masalalari muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida belgilab bergan vazifalar nihoyatda dolzarb va muhim. Bugun zamonning o'zi barchamizdan yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasidagi islohotlarning nafaqat ishtirokchisi, balki tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo'lishni, boshqalarga namuna ko'rsatishni talab etmoqda.
Davlatimiz rahbari "Oliy ma'lumotli bo'lishni istagan, qobiliyati, bilimi bor, lekin taqdir taqozosi bilan orzusiga erisha olmagan xotin-qizlarni rag'batlantirish tizimi joriy qilinadi. Ya'ni, ota-onasining biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo'q yolg'iz ayollarning shartnoma to'lovi hokimlik va oliy o'quv yurti hisobidan qoplab beriladi. Bu yangi tizim. Ilgari bunday qilolmasdik. Endi imkoniyat bor", deb ta'kidladi.
Shu munosabat bilan mazkur yig'ilishda muhokama qilingan yurtimiz xotin-qizlariga daxldor ko'plab masalalarning faqat bittasiga to'xtalishga jazm etdik. Bu ham bo'lsa, ayollar va qizlarning ilm-fan, texnika-texnologiya sohalarida munosib joy egallashi muammosidir.
Yangi O'zbekiston sharoitida xotin-qizlarni ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar faoliyatiga keng jalb qilish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shuning uchun, bir tomondan, yurtimiz ayollari va qizlarining ilm-fandagi faolligini xalqaro miqyosda kuchaytirish, ikkinchi tomondan, ta'lim va ilm-fan sohalarida gender tenglikka erishish nihoyatda zarur.
Chunki aslida ham, ayol bilimli bo'lsa, tarbiya qilgan farzandlari zukko, salohiyatli bo'ladi. Yanada muhimi, ayol ilmli bo'lsa, millat ilmli bo'ladi.
Mamlakatimiz aholisining qariyb yarmi — 17 millioni xotin-qizlardir. Shu ma'noda, qizlarning sifatli ta'lim olishi, kasb egallab, ishli bo'lishi uchun katta imkoniyatlar yaratilgani natijasida bugungi kunda talabalarning 48 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani diqqatga sazovor.
Innovatsion rivojlanish vazirligi Axborot xizmati ma'lumotlariga qaraganda, 2020 yili e'lon qilingan "Olima ayollar" tashabbuskor ilmiy loyihalar tanlovi ham aynan xotin-qizlarning ilm-fandagi o'rnini mustahkamlashga qaratilgan. Mazkur tanlov natijalariga ko'ra hozirgi kunda 8 milliard 467.5 million so'mlik 16 ta loyiha moliyalashtirilgan.
Bugungi kunda mamlakatimiz ilmiy-ta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan fan doktorlarining 700 nafardan ortig'i va akademiklarning 6 nafari ayollardir. Olimalarimizning, ayniqsa, kimyo, biotexnologiya, qishloq xo'jaligi kabi sohalardagi intellektual mehnati samaralari nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham yuksak baholanib kelmoqda. O'zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi ilmiy institutlarda qariyb 3 ming nafar xotin-qiz tadqiqot bilan mashg'ul.
Bu raqamlar yurtimizda yashaydigan xotin-qizlarning jami soniga nisbatan necha foizni tashkil etadi? Agar qiyosan hisoblab ko'rilsa, albatta, hosil bo'ladigan salmoqdan hozircha ko'ngil to'lmaydi. Ayni paytda bu boradagi ahvol butun dunyo miqyosida ham maqtagulik emas.
YUNESKOning ilm-fan to'g'risidagi yangi ma'ruzasida qayd etilishicha, hozirgi vaqtda dunyo miqyosida texnika fakultetlari bitiruvchilarining atigi 28, kompyuter va informatika fanlari bo'yicha fakultetlar bitiruvchilarining 40 foizi xotin-qizlar, xolos. Ya'ni ayollar ilm-fanda va texnologiyalar sohasida haligacha yetarli darajadagi mavqeni egallamagan.
YUNESKO ekspertlarining fikricha, xotin-qizlar raqamli iqtisodiyotning uzviy bir qismiga aylanishlari darkor. Toki, To'rtinchi industrial inqilobda gender tengsizlik kabi nomaqbul an'anaga o'rin qolmasin.
Shu nuqtai nazardan, keyingi yillarda mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi doirasida ilm-fan sohasida xotin-qizlar ulushini ko'paytirishga qaratilgan bir qancha qonunlar, davlat dasturlari va amaliy mexanizmlar ishlab chiqilib, hayotga keng tatbiq etilayotgani juda muhim.
Ayni chog'da yurtimiz va xorijiy mamlakatlardagi mashhur olimalarning ta'lim, ilm-fan sohalaridagi ibratli tajriba hamda yutuqlari bilan tanishish, ilmiy an'analari borasida fikr almashish, xotin-qizlarimizning salohiyatini ilmiy-innovatsion faoliyatga rag'batlantirish va keng jalb qilish bo'yicha aniq maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoev shu yil 22 fevral` kuni BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasida so'zlagan tarixiy nutqida gender tenglik siyosatiga doir yangi tashabbuslarni ilgari surgani bejiz emas. Darvoqe, Yurtboshimiz xotin-qizlarning davlat va jamiyat oldidagi fidokorona xizmatlari, o'z sohalarida erishgan yutuqlarini rag'batlantirish uchun O'zbekistonda alohida davlat mukofotini ta'sis etish taklifini ham bildirdi.
Shu bilan birga, yurtimizda ayollarning tadbirkorligi, tashabbuslari qo'llab-quvvatlanayapti. O'tgan yili 585 mingga yaqin xotin-qizlarning bandligi ta'minlangan, 36 mingdan ortiq ayollar kasb-hunarga o'qitilgan.
Xotin-qizlar muammolarini o'rganish va manzilli hal etish maqsadida “ayollar daftari” joriy etildi. Ushbu daftarga, 9 ta mezon asosida 433 ming nafar xotin-qiz kiritilib, elektron baza shakllantirildi. Bugungi kungacha ularning 80 mingining muammolari hal etilgan.
Shu kunlarda 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan yurtimizda yana bir ezgu an'ana davom etmoqda. Ya'ni, bilib-bilmay jinoyat ko'chasiga kirib qolgan va oqibatda ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumalarning jazosini yengillashtirish choralari ko'rilmoqda.
Xususan, kuni kecha Oliy sudda jazoni ijro etish muassasalarida og'ir, o'ta og'ir jinoyatlarni sodir etib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan 16 nafar mahkuma ayolning kassatsiya tartibida bergan shikoyatlari ko'rib chiqildi. Shundan 14 mahkuma bayram arafasida ozodlikka chiqarildi, yana 2 ayolning jazosi yengillashtirildi
Xulosa qilib aytganda, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o'zgarishlarga mos holda, onalarimiz, opa-singillarimiz, umr yo'ldoshlarimiz, qizlarimizning jamiyatdagi o'rni va mavqeini yanada oshirish, izzat-ikromini joyiga qo'yish borasida dadil odimlar qo'yildi. Zotan, ayolni e'zozlash, unga ehtirom ko'rsatish xalqimizga xos buyuk fazilatdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta'biri bilan aytganda, "Ayolga bo'lgan hurmat-e'tibor — bu avvalo oilaga, jamiyat kelajagiga bo'lgan hurmat-e'tibor ifodasidir".
G'ulom Mirzo,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan jurnalist
- Qo'shildi: 05.03.2021
- Ko'rishlar: 4595
- Chop etish