BARCHAMIZNING YERIMIZ BIR, OSMONIMIZ BIR

Deyarli 9 milliard kishilik insoniyat oilasi bugungi kunda yuzlab millatlar va elatlarga ajratiladi. Sayyoramiz ahli 150 dan ortiq davlatda istiqomat qilsa-da, tarixan kelib chiqishi, qadriyatlari, urf-odatlari, tashqi ko‘rinishi, tili, e’tiqodi, irqi va jinsiga ko‘ra turli toifalarga mansub bo‘lsa-da, ularni yagona umuminsoniy maqsad va g‘oyalar birlashtiradi. Ona tabiatni asrab-avaylash, har bir inson erkin, tinch va farovon hayot kechirishiga erishish, ilm-fanni ravnaq toptirish orqali insoniyat qudratini oshirish shular jumlasidandir.

          Har bir shaxs – insoniyat olamining muhim bo‘lagi, ayni paytda, ruhiy va ma’naviy jihatdan o‘ziga xos, mustaqil va alohida olam hamdir. Kishi tabiatidagi bu xususiyatni inobatga olgan holda, jamiyatda insonlararo hurmat muhitini yaratish, shu orqali tinchlik, farovonlik va taraqqiyotni ta’minlash uchun axloq qoidalari, shuningdek, qonunlar ishlab chiqilgan. Axloqdan uzoqlashgan, qonun ustuvorligi ta’minlanmagan jamiyatda tartibsizlik hukm suradi, nizolar kelib chiqadi va buning oqibatlari ayanchli bo‘ladi. Ushbu haqiqatni tarix ham tasdiqlaydi.

          XI – XIII asrlar – Salib yurishlari. Katoliklarning musulmonlar va boshqa din vakillariga nisbatan olib borgan bosqinchilik harakatlari minglab insonlarning umriga zomin bo‘ldi, urushlar natijasida ilm-fan va madaniyat tanazzulga uchradi.

          1861 – 1865 yillar – AQShdagi fuqarolar urushi. Odamlarni irqiy kamsitishga asoslangan quldorlik tuzumi tarafdorlariga qarshi ayovsiz kurash olib borildi. Katta qurbonliklar evaziga AQShda quldorlik tugatilishiga erishildi.

          1939 – 1945 yillar – II Jahon urushi. O‘zga millatlarni kamsitishga asoslangan fashizm g‘oyasi insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirg‘inga sabab bo‘ldi. Dunyoning o‘sha vaqtdagi deyarli 80 foiz aholisi urush domida qoldi. Qariyb 70 million kishi uning qurboniga aylandi.

          Bu kabi achchiq tajribalar insoniyatga millatlararo do‘stlik, dinlararo bag‘rikenglik, kishilar o‘rtasida o‘zaro hurmatni ta’minlash muhimligini o‘rgatdi.

          Ushbu hayotiy g‘oyalar ezgulik va poklik dini bo‘lmish islom ta’limotida ham aks etgan. Qur’oni Karimning “Hujurot” surasi 11-oyatida shunday deyiladi: “Ey iymon keltirganlar! Bir qavm boshqasini masxara qilmasin, ehtimol, ular bulardan yaxshiroqdir” (Qarang: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol / 5-juz. – T.: “HILOL-NASHR”, 2019. – 552-b.).

          Imom Moturidiyning “Ta’viloti ahli sunna” asarida esa quyidagi fikr ta’kidlanadi: “Cherkov va ibodatxonalarni vayron etish man etiladi. Shuning uchun ham musulmonlar yurtida shu davrgacha ular buzilmay saqlanib qolgan. Bu masalada ilm ahli orasida ixtilof yo‘q”.

          Bu borada Xoja Ahmad Yassaviyning quyidagi hikmati ham ibratli:

“Sunnat ermish, kofir bo‘lsa, berma ozor,

Ko‘ngli qottig‘ dilozordan Xudo bezor”.

Islom dinining insonparvar ma’rifati qon-qoniga singib ketgan donishmand xalqimizda azaldan har bir insonni qadrlash, boshqa xalqlarning milliy urf-odat va an’analarini hurmat qilish, diniy bag‘rikenglik fazilatlari shakllangan va sharqona tarbiya orqali avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Buni jahon hamjamiyati ham tan olgan.

Birgina misol, tarix sahifalariga o‘chmas dog‘ bo‘lib muhrlangan II Jahon urushi yillarida bag‘rikeng va saxovatli o‘zbek xalqi urush bo‘layotgan o‘lkalardan evakuatsiya qilingan bir yarim milliondan ortiq turli millat va elat vakillariga, shu jumladan 250 mingdan ziyod bolalarga boshpana berdi. O‘zbek xalqi ular bilan bir burda nonini baham ko‘rdi, “Sen yetim emassan” deya millatidan qat’i nazar barcha bolajonlarning boshini siladi. Ukrainada tavallud topgan, urush tufayli O‘zbekistonga evakuatsiya qilinib, o‘zbek oilasida o‘sib-ulg‘aygan taniqli huquqshunos olim, professor Izrail Libusdan “Sizning Vataningiz qaer?” deb so‘ralganda, shunday javob bergan ekan: “Vatan bitta bo‘ladi. Men uchun Vatan – O‘zbekiston. O‘zbek xalqi oilasiga borib qolganim hamda bu ulug‘ oilaning a’zosi bo‘lganim sababli meni o‘zbek deb hisoblashadi. Men o‘zbek xalqining farzandi ekanligimdan faxrlanaman”.

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila bo‘lib yashamoqda. Yurtimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratilishi Konstitutsiyamizda kafolatlangan. Respublikamizdagi ta’lim muassasalarida o‘qish 7 tilda olib borilmoqda. Teleradioko‘rsatuv va eshittirishlar 12 tilda efirga uzatilsa, 10 dan ortiq tilda gazeta va jurnallar chop etilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, 138 ta milliy madaniy markazlar, 34 ta do‘stlik jamiyatlari erkin faoliyat yuritib kelmoqda.

“O‘zbekistonda barcha millat va elatlar vakillarida mamlakat fuqarolarining teng huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha juda muvaffaqiyatli tajriba mavjud, – deydi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining sobiq oliy komissari Knut Vollebek. – Asl madaniy an’analarni saqlab qolishda yordam beradigan milliy madaniy markazlar bor, o‘quv jarayoni ham samarali tashkil etilgan. Masalan, ham davlat, ham o‘z ona tillarini mukammal o‘rganish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ushbu amaliyot boshqa mamlakatlar uchun o‘rnak bo‘la oladi”.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda demokratik islohotlar orqali yangilanib borayotgan Vatanimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2018 yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMTning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiyasi qabul qilindi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat. Ushbu rezolyusiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan”.

Shuningdek, Respublika baynalmilal madaniyat markazi va O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi negizida millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlovchi davlat boshqaruvi organi – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etildi.

Milliy va xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan bunday chora-tadbirlar millatlararo do‘stlik ko‘priklarini mustahkamlaydi, diniy erkinlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Butun insoniyatni umumbashariy maqsadlar yo‘lida hamjihatlik bilan mehnat qilishga undaydi. Zero, barchamizning yerimiz bir, osmonimiz bir!

 

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari”

jurnali mas’ul kotibi

Powered by GSpeech