BMT: G‘azoda bolalar to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda

Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi BMTning Yaqin sharq agentligi bosh komissari Filipp Lazzarini G‘azo sektoridagi har beshinchi bola to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekayotganini ta’kidladi.

O‘tgan hafta Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) G‘azo sektorida to‘yib ovqatlanmaslik bilan bog‘liq o‘limlar soni keskin oshgani haqida xabar tarqatgan edi. 2025 yilda tashkilot G‘azoda besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining 21 ta holatini hujjatlashtirdi.

Isroil va Falastin o‘rtasida qurolli qarama-qarshilik 2023 yil 7 oktyabrda boshlangandi. O‘shanda XAMAS jangarilari chegara hududlariga bostirib kirib, harbiylar va tinch aholiga qarata o‘t ochgan va 200 dan ortiq kishini garovga olgandi. Rasmiylarga ko‘ra, Isroil tomonida 1200 ga yaqin odam halok bo‘lgan.

Bunga javoban Isroil mudofaa kuchlari “Temir qilichlar” operatsiyasini boshlab yubordi, unda tinch aholi nishonlariga zarbalar berildi va G‘azo sektori to‘liq blokadaga olingani haqida e’lon qilindi. 

S.Rahimov, O‘zA

Powered by GSpeech