BMT O‘zbekistonni suv sohasida eng katta natijaga erishgan davlatlar qatoriga kiritdi
Ayni kunlarda Nyu-York shahrida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha yuqori darajadagi siyosiy forumi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekistonning suv resurslarini boshqarish sohasida so‘nggi yillarda erishgan natijalari xalqaro hamjamiyatga taqdim etildi. UN-Water baholashiga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlarining 6-maqsadi — “Toza suv va sanitariya” yo‘nalishida sezilarli natijaga erishgan dunyodagi uchta mamlakatdan biri deb e’tirof etildi. Bu ro‘yxatga Xitoy hamda San-Tome va Prinsipi ham kirgan. Forumda Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Timur Butunbayev mamlakatimizda suv xo‘jaligida amalga oshirilgan institutsional va huquqiy islohotlar, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, sohani raqamlashtirish hamda mintaqaviy suv diplomatiyasini rivojlantirish bo‘yicha erishilgan natijalarni taqdim etdi. So‘nggi yillardagi o‘zgarishlar aniq raqamlarda ham aks etmoqda. Xususan, O‘zbekistonda suv stress ko‘rsatkichi 2017-yildagi 169 foizdan 2022-yilda 122 foizgacha pasayib, 47 punktga kamaydi. UN-Waterning ushbu bahosi O‘zbekistonda suv resurslarini barqaror boshqarish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va sohani modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar xalqaro darajada ham yuksak e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.
Rasmiy xabarlar
Ўзбекча
English
Русский