BMT rahbari dunyo yetakchilarini "global inqiroz" sharoitida vaziyatni o‘zgartirishga chaqirdi

BMT Bosh Assambleyasi Oliy darajadagi haftaligi arafasida Bosh kotib Antoniu Guterrish jahon yetakchilariga murojaat qilib, urush, iqlim o‘zgarishi, tengsizlik va texnologik xavfni ifodalaydigan “global inqiroz” shoshilinch va muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar talab etishini ta’kidladi. Bu haqda tashkilot saytida xabar berilgan.

— Biz global inqirozga duch kelyapmiz: mojarolar ko‘paymoqda, geosiyosiy tafovut muammolarni samarali hal qilishni qiyinlashtirmoqda, — dedi Guterrish Global kommunikatsiya departamenti rahbari Melissa Fleming bilan suhbatda. — Jazosizlik tuyg‘usi kuchli — har bir davlat o‘zi xohlagan ishini qila olishiga ishonadi. Shu bilan birga rivojlanayotgan mamlakatlar jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ko‘p mamlakatlar iqtisodiyotini tiklash uchun zarur imtiyozli moliyalashtirishdan foydalana olmay, qarzga botyapti. Tengsizlik kuchayib bormoqda.

Bosh kotib BMT turli jabhalarda  xalqaro hamkorlikni safarbar etishga intilayotganini qayd etarkan, iqlim o‘zgarishi nazoratdan chiqib ketayotganiga ham e’tibor qaratdi:

— Global isishni Selsiy bo‘yicha 1,5 darajagacha cheklash bo‘yicha asosiy maqsadga erishish nihoyatda qiyin kechishidan bizni tez-tez ogohlantirishyapti. Zamonaviy texnologiya sezilarli salohiyatga ega bo‘lsa-da, jamiyatda qutblanish va nafratni kuchaytirishi mumkin. Shuning uchun inson ishtirokini saqlab qolish va texnologiyani ezgulikka yo‘naltirish orqali tartibga solish zarur. Bosh Assambleya sessiyasida mamlakatlar emissiyasini kamaytirish, xalqaro moliya tizimini isloh qilish va ko‘p tomonlama munosabatni mustahkamlash kabi muhim vazifalar bo‘yicha majburiyatlarni belgilab olishimiz lozim.

Jahon tuzilmasi yetakchisi dunyo rahbarlarini "to‘lqinni o‘zgartirish", adolat va tenglikni ta’minlash uchun global moliyaviy islohotni qo‘llab-quvvatlashga da’vat qildi.

Bosh Assambleya yig‘ilishida tinchlik va xavfsizlik masalasi ham muhokama markazida bo‘ladi.

Bosh kotib xalqaro hamjamiyatdan Isroil va Falastin ziddiyatini ikki davlat asosida hal etish, shuningdek zudlik bilan G‘azodagi gumanitar inqirozni bartaraf etish chorasini ko‘rish uchun aniq qo‘llab-quvvatlov kutayotganini bildirdi:

— G‘azoda sodir bo‘layotgan qirg‘in to‘xtashi shart, — dedi Antonio Guterrish. — Zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, barcha garovga olinganlarni zudlik bilan ozod qilish kerak.

Suhbat chog‘ida Guterrish Sudan va boshqa “unutilgan mojarolar”ga ham e’tibor qaratib, keyingi ehtimoliy azob-uqubatlarning oldini olish uchun Xavfsizlik kengashini birdamlikka chaqirdi.

— Butun dunyo odamlari uchun beqiyos falokatga olib keladigan, tuzatib bo‘lmaydigan bunday holatning oldini olish uchun aynan jipslik zarur, — dedi u suhbat yakunida va eng zaif, jumladan kichik orol-davlatlar, shuningdek Afrika qit’asi nomutanosib xavfga duch kelayotganini ta’kidladi. — Men optimist ham, pessimist ham emasman, qat’iyman. Barchamiz umid qilaylik, maqsadga erishmagunimizcha taslim bo‘lmaylik!

G.Sattorova, O‘zA

Powered by GSpeech