BMT sessiyasi doirasidagi uchrashuvlar: Xalqaro muloqot va iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida

BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nufuzli xalqaro tashkilotlar va yirik biznes kompaniyalari rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuvlar mamlakatimizning xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlash, iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladigan muhim voqea sifatida e’tirof etilmoqda.

Bu muloqotlar diyorimizning global iqtisodiy jarayonga faol qo‘shilishi, texnologiya va moliya sohasidagi taraqqiyotimizni jadallashtirishi shubhasiz.

O‘zA muxbiri ayni mavzuda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Sharq mamlakatlari rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazi direktori, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Oqiliddin Alimovning fikrlarini yozib oldi.

– Avvalo, qayd etish joiz, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar va yangilanish jarayoni mamlakatimizni dunyo hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonning BMT doirasidagi faolligi, tashkilot maqsad va vazifalariga uyg‘un islohot olib borishi, xalqaro maydondagi ijobiy imijimizni mustahkamlayapti, deyish mumkin.

Davlatimiz rahbarining Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan suhbatida yurtimizning xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuv jarayoni va eksport salohiyatini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar muhokama qilindi. O‘zbekiston JST talabi va standartiga moslashishga alohida e’tibor qaratib, milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni oshirish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirmoqda. Bu savdo sektoridagi imkoniyatni kengaytirish orqali yurtimizga xorijiy investitsiya jalb qilish uchun qulay sharoit yaratadi.

Mazkur muloqot respublikamizning xalqaro savdo tizimidagi o‘rnini mustahkamlash, savdo siyosatiga innovatsion yondashish maqsadini yaqqol ifodalaydi. Eksport salohiyatini oshirish, ichki bozorni diversifikatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, milliy mahsulotlarni xalqaro standartga muvofiqlashtirish va zamonaviy logistika tizimini yaratish – bularning bari Yangi O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanish strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridir.

“Air Products”, “Boeing Global” kabi yirik xalqaro kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar O‘zbekistonda sanoat va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘taradi. Bu korxonalar bilan hamkorlik nafaqat ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, balki mamlakatda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va barcha tarmoqlarga ilg‘or texnologiyani joriy etishga ko‘maklashadi.

Jahonning yetakchi xalqaro moliya institutlari – Jahon banki, “Franklin Templeton”, “Oppenheimer Holdings”, “Jefferies”, “The Bank of New York” bilan samarali muloqotlar milliy moliya bozorini jahon standarti darajasiga olib chiqish, xorijiy investorlar uchun ochiqlikni ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Xususan, “NASDAQ” fond birjasi raisi bilan muzokara mamlakat fond bozorini xalqaro moliyaviy tizimga integratsiyalash imkonini beradi. Bunday o‘zgarish investorlar uchun ishonchli muhit yaratish, moliyaviy resurslar jalb qilish, iqtisodiyotni karbonsizlashtirish va moliya sohasini transformatsiya qilishga yordam beradi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchisi bilan suhbat makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va innovatsion loyihalarni moliyalashtirish borasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratildi. O‘zaro ishonch va strategik sheriklikka asoslangan bu uchrashuv mamlakatimiz moliya sektoridagi islohotlar samaradorligini oshiradi.

AQSH yetakchisining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili hamda yirik kompaniyalar rahbarlari bilan o‘tkazilgan muloqotlar O‘zbekistonning mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlik sohasidagi rolini kuchaytirish, shuningdek yangi investitsiya va texnologiya yo‘nalishidagi sheriklik ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi. O‘lkamizning mintaqa yetakchi davlati sifatidagi mavqeini yanada oshiradi.

Nyu-Yorkdagi oliy darajali uchrashuvlar mamlakatimizni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasining amaldagi ifodasi sifatida baholanmoqda. Bu jarayon xalqaro hamkorlikni faollashtirish, investitsiyani rag‘batlantirish va milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish orqali aholi hayot darajasini yaxshilashda beqiyos ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonning dunyo iqtisodiyotidagi o‘rnini sezilarli darajada yaxshilab, milliy biznes muhitini jahon bozori talabiga moslashtiradi, strategik sheriklik asosidagi istiqbolli taraqqiyotga zamin yaratadi.

Umuman, davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasi doirasidagi muzokaralari jahon hamjamiyati bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi qat’iy pozitsiyamizni yana bir bor tasdiqlaydi. Bunday strategik yo‘nalish mamlakat barqaror rivojlanishi va taraqqiyotga erishishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri O‘tkir Alimov yozib oldi.

Powered by GSpeech