BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) va BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) bugun rasman “O‘zbekiston yoshlarining kiberjinoyatchilikka hamda raqamli hurujlarga chidamliligini oshirish” qo‘shma dasturini ishga tushirdi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan rasmiy dastur taqdimotida O‘zbekiston Respublikasining mutassadi davlat organlari, BMT agentliklari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, akademik doiralar va, eng muhimi, yoshlar ishtirok etishdi.
Inson xavfsizligi bo‘yicha BMT Trast fondi tomonidan moliyalashtirilayotgan dastur O‘zbekistondagi yoshlarning tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan raqamli muhitda onlayn tahdidlarga nisbatan o‘sib borayotgan zaifligini e’tirof etadi. U yoshlarni kiberjinoyatchilik va raqamli zo‘ravonlikni aniqlash, oldini olish va ularga qarshi kurashish uchun bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlash, shuningdek, bu muammolarni samarali hal qilish uchun milliy salohiyatni mustahkamlashni maqsad qiladi.
Taqdimot marosimida dasturning maqsadlari, faoliyati va kutilayotgan natijalariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi. Ishtirokchilar O‘zbekistonda yoshlar duch kelayotgan kiberjinoyatchilik va raqamli zo‘ravonlik muammolarini muhokama qildilar va potensial yechimlar hamda hamkorlik strategiyalarini o‘rgandilar.
Ushbu qo‘shma tashabbus O‘zbekistonda yoshlar uchun yanda xavfsiz va himoyalangan raqamli muhitni yaratish, ularga zarar yetishidan qo‘rqmasdan raqamli asr imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish imkonini beruvchi muhim qadamdir. BMT agentliklari dasturning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash uchun barcha manfaatdor tomonlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga sodiqligi yana bir bor ta’kidlandi.
M.Turdaliyeva, N. Abduvoitov (video), O‘zA
- Qo'shildi: 01.05.2025
- Ko'rishlar: 139
- Chop etish