Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani)ning 2024 yildagi bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur ma’ruza Bolalar ombudsmanining Oliy Majlis palatalariga taqdim etadigan birinchi ma’ruza bo‘lib, unda mamlakatimizda bola manfaatlarini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan islohotlar, jumladan, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasi, “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonunchilik hujjatlarining amalga oshirilishi, davlat organlari shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bola huquqlariga oid xalqaro standartlar va milliy qonunchilikka rioya etish holati bo‘yicha ma’lumotlar aks etgan.

– Hisobot yilida Bolalar ombudsmani nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar tomonidan jami 1 ming 64 ta murojaat kelib tushgan, – dedi Bolalar ombudsmani S. Rahmonova. – 2024 yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning 35 ta shaxsiy qabullari tashkil etilgan bo‘lib, ularda jami jismoniy va yuridik shaxslardan 160 ta murojaat bo‘lgan.
Murojaatlar tahlili va monitoringi asosida davlat organlari tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan ta’sir hujjatlari orqali munosabat bildirilib, 9 ta ogohlantirish, 3 ta taqdimnoma, 18 ta xulosa va 6 ta sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritilgan.
Bola huquqlari sohasidagi qonunchilikda mavjud muammolar tahlili negizida davlat organlari va tashkilotlarga 40 ta tahliliy axborot kiritilgan.
Murojaatlarni o‘rganish natijasida aniqlangan bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 14 ta jinoyat ishi hamda 18 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Ta’lim muassasalarida bolaga jismoniy zo‘ravonlik qilgani va o‘z kasbiy faoliyatiga sovuqqonlik bilan qaragani uchun 7 nafar pedagog xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 22 nafariga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan.
Hisobot davrida bolaga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lganligi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organning 3 nafar xodimiga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Bolaning sha’ni va qadr-qimmatini poymol qilganligi sababli 2 nafar fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

2024 yilda fuqarolarning murojaatlari va bolalarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarga oid sud xabarnomalari asosida Bolalar ombudsmani va uning kotibiyati xodimlari 46 ta fuqarolik, jinoiy va ma’muriy ishlar yuzasidan sudlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan.
Deputatlar bolalar manfaatlariga oid barcha masalalarda shikoyatlar (xabarlar) berishning samarali va qulay mexanizmini yaratish maqsadida respublikaning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari hamda 24-sonli tarbiya koloniyasida Bolalar ombudsmaniga shikoyat va xabar berish yuzasidan “Bolalar ombudsmani qutisi” o‘rnatilganini alohida qayd etdi.
Shu bilan birga, Bolalar ombudsmaniga “murojaat.gov.uz” platformasi orqali murojaat qilish yo‘lga qo‘yilganiga e’tibor qaratib, bunday aloqa mexanizmlari bola huquqlarini ishonchli va samarali himoya qilinishiga bevosita xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.
Majlisda Surayyo Rahmonovaning aytishicha, mamlakatimizda 10 134 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 25 foizi avtomobil yo‘llariga yaqin hududlarda joylashgan bo‘lib, bu joylarda bolalar .bilan yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lish ehtimoli yuqori. Shundan kelib chiqib, Bola huquqlari bo‘yicha vakil Vazirlar Mahkamasiga bolalarni himoyalash maqsadida maktab oldida minimal darajada qulay va xavfsiz sharoitlarni tashkil etishga mutasaddi rahbarlarning jiddiy e’tibor qaratishi zarurligi masalasini kiritgan.
Deputatlar Bolalar ombudsmanining 2024 yildagi faoliyati haqidagi ma’ruzasini ijobiy baholab, uning faoliyatini yanada takomillashtirish, bolalarning yangi tahrirdagi Konstitutsiya va boshqa qonunlarda kafolatlangan huquqlari, erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
Majlisda siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari Ombudsman ma’ruzasi yuzasidan o‘z munosabatlarini bildirib o‘tdi.
Qizg‘in savol-javob hamda muhokamalardan so‘ng tegishli qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 25.02.2025
- Ko'rishlar: 909
- Chop etish