Mamlakatimiz aholisining 40 foizini 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi. Ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy jihatdan kamol topishi uchun huquqiy asoslar mustahkamlanmoqda.
2025 yil 7 fevralda kuchga kirgan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ham shu maqsadga qaratilgan.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov mazkur qonunning ahamiyati va ijrosi bilan bog‘liq masalalar haqida gapirib berdi:
– Taniqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir”.
Bu so‘zlar nafaqat yillar, balki asrlar o‘tsa ham o‘z ahamiyatini hech qachon yo‘qotmaydi. Haqiqatan ham bola qanday tarbiya ko‘rsa, ta’lim olsa, ulg‘ayganda buning natijasi uning hayotida to‘liq aks etadi.
Bolalar nafaqat o‘zi ulg‘ayayotgan oilaning, balki yurtning kelajagidir. Shuning uchun bu borada barcha choralar, zamon taqozo qilayotgan omillardan foydalanish darkor. Zotan, davlat barqarorligi yoshlarga to‘g‘ri tarbiya berish va ularning axloqiy va ijtimoiy xulq-atvorini shakllantirishga bevosita bog‘liq.
Dunyoda yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlar, yoshlar orasida yot g‘oyalar tarqalishining tobora kuchayib borayotgani ham bunday holatlarning o‘z vaqtida oldini olishga qaratilgan ishlarni kuchaytirishdek dolzarb vazifani qo‘ymoqda.
Ayniqsa, uyushmagan yoshlar tomonidan sodir etilgan g‘ayriqonuniy qilmishlarning oqibatlariga qarshi kurashish emas, balki mazkur holatlarning barvaqt oldini olish va profilaktikasini samarali ta’minlash siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasidir.
Prezidentimizning 2024 yil 5 fevraldagi qarori bilan Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog lavozimlari Milliy gvardiya tuzilmasiga o‘tkazilgani ham ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning uzviy davomidir.
Mazkur qarorga muvofiq, Milliy gvardiya tashkiliy tuzilmasida Bolalar bilan ishlash boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari, shu jumladan, bolalar bilan ishlash bo‘yicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlar lavozimlari joriy etildi.
Ushbu bo‘linmalarga maktablarda axloqiy-psixologik muhitni yaxshilash, o‘quvchilar o‘rtasida nazoratsizlikni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash vazifasi yuklandi.
Shu bilan birga, ular o‘quvchilarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, ularda qonunbuzilishlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish hissini qaror toptirishga qaratilgan ishlarni olib borishi zarur.
Muammoli o‘quvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlashi, shuningdek, o‘quvchilarning darslarga qatnashish davomatini yaxshilashi, eng asosiysi, “xavfsiz maktab” konsepsiyasi misolida maktablarda xavfsizlikni ta’minlash uchun tegishli chora-tadbirlar ko‘rishi kerak.
Ayni paytda bu kabi ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu bilan birga, yangi tashkil etilgan lavozimlarda xizmat qiluvchi shaxslarga, shu jumladan, bolalar bilan ishlash bo‘yicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlarga ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarining qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlarini berish zarurati yuzaga keldi.
Ta’kidlash joizki, Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari fevral oyidan hozirgi kunga qadar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi birinchi qismida (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) nazarda tutilgan 44 ming 450 huquqbuzarlikni aniqlagan.
Bu holatlar bo‘yicha ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari orqali ma’muriy jazo choralari qo‘llanilgan. Ota-onalar tomonidan farzandlarini maktabga yubormaslik holatlari bo‘yicha 175 mingga yaqin ogohlantirish xatlari yozilgan.
Bugungi kunda 1 nafar inspektor-psixologga maktablardagi bola sonidan kelib chiqib 3 tadan 10 tagacha maktab to‘g‘ri keladi.
Shunga qaramasdan, amalga oshirilgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Misol uchun, joriy yil boshida maktablardagi o‘quvchilarning darslarda ishtirok etish davomatlari 50 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 95 - 99 foizni tashkil etmoqda.
Biroq, inspektor-psixologlar tomonidan voyaga yetmagan huquqbuzarlarning ota-onalariga nisbatan ma’muriy jazo choralarini qo‘llash uchun profilaktika inspektorining oldiga olib borib, ma’muriy jazo choralari qo‘llashi inspektor-psixologlarning ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ortiqcha vaqt sarflashiga ham sabab bo‘lmoqda.
Shu bois, Milliy gvardiya tomonidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida xizmat qiluvchi voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlari faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, shuningdek, maktablarda psixologik muhitni yaxshilash, voyaga yetmaganlar orasida qonunbuzilishlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish, muammoli o‘quvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash vazifalarini samarali amalga oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida mazkur qonun ishlab chiqildi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248 va 248-1-moddalariga Milliy gvardiya organlariga, shu jumladan, Milliy gvardiyaning voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlari va katta inspektor-psixologlariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi birinchi qismida (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik), 561-moddasida (Jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish), 187-moddasining birinchi qismida (Jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish) va 188-moddasida (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish hamda ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga doir vakolatlar berildi. Mazkur vakolatlar ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlaridan chiqarib tashlandi.
Qonun Milliy gvardiya organlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash bo‘yicha faoliyatini kuchaytiradi. Bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati samaradorligini oshiradi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 19.02.2025
- Ko'rishlar: 861
- Chop etish