Bolalarga zo‘ravonlik emas, mehr ko‘rsataylik!

Bugungi kunda farzand tarbiyasi dolzarb muammolardan biri sanalmoqda. Zero, tarbiyada bir zum bo‘lsa ham kechikish, e’tiborsizlik yomon oqibatlarni keltirib chiqarishi shubhasiz. Xo‘sh, hamma ota-onalar farzandlariga mehr-muruvvat ko‘rsata olyaptimi?

Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda afsuski, bolalarga nisbatan zo‘ravonliklarning turlicha ko‘rinishlari aks etgan videolavhalarga ko‘z tushmoqda. Bular orasida jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonliklar ham uchrayotgani achinarli, albatta. 

Poytaxtimizda 28-30 aprel kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi – “YUNISEF”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida tashkil etilgan treningda ta’kidlanganidek, oilaviy kelishmovchiliklar, iqtisodiy muammolar, e’tiborsizlik, xavfsiz muhitning yetarli emasligi zo‘ravonlikning avj olishiga sabab bo‘lmoqda. 

2024 yil 14 noyabrda qabul qilingan, 51 ta moddani o‘z ichiga olgan “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni jamiyatimizda uchrayotgan zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berishga qaratilgani bilan ahamiyatga ega. Hujjatda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish chora-tadbirlari, jabrlangan bolalar huquqlari, xavf ostida bo‘lganlarni himoya qilish, himoya orderi berish, ta’lim muassasalarida zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik belgilangan. 

2025 yil 14 mayidan boshlab kuchga kiradigan yangi qonun bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga mas’ul idoralar va tashkilotlar hamda ularning vakolatlari belgilab berilgan. Aytib o‘tilganidek, mazkur muhim qonunning hayotimizga joriy etilishi  zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi. 

– “YUNISEF” jamg‘armasi eksperti Safinas Axayevaning qayd etishicha, Statistika agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan O‘zbekistonda Multiindikator klaster kuzatuvi natijalariga ko‘ra, ayollarning 40,7 foizi jismoniy zo‘ravonlikni normal, deb hisoblaydi. Bu ko‘rsatkich shahar ayollari orasida 37,9 foiz, qishloq ayollari orasida esa 43,1 foizni tashkil qilmoqda. Bu har to‘rt nafardan bir ona o‘z bolasini urib tarbiyalaydi, eng kamida 10 boladan olti nafari ruhiy bosim va tazyiqlar ostida ulg‘aymoqda, deganidir. Mazkur achinarli ko‘rsatkichlar juda past bo‘lib, aksariyat bolalar hanuzgacha zo‘ravonlik elementlari bo‘lgan tarbiya usullariga duch kelyapti. Shu sababli ota-onalar va pedagoglarni zo‘ravonliksiz ta’limni kengaytirishga undash muhim hisoblanadi. Bola tarbiyasi bu – murakkab mavzu. Taassufki, barcha ota-onalarda ham bunga tayyorgarlik, ya’ni o‘ziga yarasha bilim yo‘q. Aksariyat kishilar zo‘ravonlikni norma, deb hisoblaydi. Biz elimiz onigada qotib qolgan stereotiplarni o‘zgartirishimiz kerak. Bu borada ommaviy axborot vositalaridagi targ‘ibot ishlari muhim o‘rin tutadi, – deydi media-trening qatnashchisi, “Andijon” teleradiokanali muharriri Munojot Kamolova. 

Anjumanda ekspertlar tomonidan foydali tavsiyalar berildi. Xulosa o‘rnida aytganda, har bir oilada sog‘lom muhitni qaror toptirish, farzandlar tarbiyasiga mehr-muruvvat ko‘rsatgan holda e’tibor qaratish zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishlari oldini olishga zamin hozirlaydi. Zotan, bolalar bizning kelajagimiz. Ularning taqdiriga daxldorlik hissi barchada bo‘lishi lozim. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri, anjuman ishtirokchisi.

Powered by GSpeech