Bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan parlament so‘rovi yuboriladi

Yalpi majlisda bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.

Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yaxshilash, bu borada ilg‘or xorijiy tajribadan hamda zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalaridan foydalanish, shuningdek, hududiy tibbiyot muassasalari imkoniyatlarini yana-da kengaytirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida (umumiy aholi sonining 33,3 foizi) 824 ta oilaviy shifokorlik punkti, 984 ta oilaviy poliklinika, 207 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va 233 ta bolalar davolash-profilaktika muassasasi tomonidan  12,9 mln nafardan ortiq 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

Respublika bo‘yicha 4 247 o‘rindan iborat 13 ta hududiy bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tashkil etilgan.

O‘tgan yilda respublika bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan bolalardan 11,2 mln nafari (95,5 foizi) tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 3,4 mln nafarida (28,8 foizi) turli xil kasalliklar aniqlangan. Kasalligi aniqlangan 3,1 mln bolalar (89,4 foiz) sog‘lomlashtirilgan.

2024 yil yakuniga qadar 1,3 mln 6–23 oylik bolalar mikronutriyent kukuni bilan to‘liq taʼminlangan.

Shu bilan birga, yalpi majlisda bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalarida pediatr, neonatolog, ftiziopediatr, immunolog, bolalar jarrohi, o‘smirlar pediatri kabi mutaxassislar yetishmasligi qayd etildi.

Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlariga hududlardan malakali mutaxassislar ko‘rigiga yo‘llanmalar oshishi hisobiga bo‘layotgan yuklamalar ulardagi o‘rin fondiga hamda belgilangan normativ meʼyorlarga mos kelmaydi.

Shuningdek, ayrim hududlardagi Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida kardiojarrohlik bo‘limlari hamda chaqaloqlar jarrohligi bo‘limlari tashkil etilmaganligi, bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalarining ayrimlarida moddiy-texnik holat talabga javob bermasligi hamda zamonaviy yuqori texnologik uskunalarga ehtiyoj mavjudligi taʼkidlandi.

Ushbu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech