Suvsiz yashab bo‘lmasligi hammamizga ma’lum, ammo bu “obi hayot” tiriklikka nuqta qo‘yishi ham mumkin. Qanday qilib deysizmi? Masalan, so‘nggi o‘n yil ichida 2,5 milliondan ortiq odam suvga cho‘kib ketish oqibatida halok bo‘lgan. Achinarlisi ularning ko‘pchilligi asosan, yosh bolalardir.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning ogohlantirishicha, cho‘kish har qanday shaxs bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush hodisadir.
Bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab cho‘kish holatlarining 90 foizdan ortig‘i past va o‘rta daromadli mamlakatlarda sodir bo‘lmoqda. Ammo yuqori daromadli mamlakatlarda ham ma’lum yosh guruhlari va etnik ozchiliklar orasida cho‘kish darajasi yuqoriligicha qolmoqda va bu holat shoshilinch choralar ko‘rishni talab qiladi.

Statistikaga ko‘ra, erkaklarning suvga cho‘kib ketish darajasi ayollarga qaraganda ikki baravar yuqori.
2024 yilda chop etilgan cho‘kishning oldini olish bo‘yicha global hisobotda butun dunyo bo‘ylab cho‘kib ketish holatlari ko‘lami hamda ularni kamaytirish bo‘yicha strategiya va chora-tadbirlarni amalga oshirishda erishilgan yutuqlar tasvirlangan.
Hisobotga ko‘ra, 2000 yildan 2021 yilgacha cho‘kish oqibatida o‘lim holatlari 38 foizga kamaydi. Bu holat quvonarli albatta, ammo haqiqat shundaki, har soatda 30 dan ortiq odam cho‘milish jarayonida hayotdan ko‘z yummoqda.
JSST suvda sodir bo‘ladigan baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun oltita isbotlangan yechimlarni, ularni amalga oshirish bo‘yicha batafsil tavsiyalarni taklif qilib keladi.
Jumladan, maktab yoshidagi bolalarga suzish bo‘yicha asosiy ko‘nikmalarni, suvda xavfsizlikni ta’minlash, cho‘kib ketganda birinchi yordam ko‘rsatishni o‘rgatish, maktabgacha yoshdagi bolalar uchun esa suvdan uzoqda xavfsiz joylarni ta’minlash, shuningdek, suvga kirishni cheklash uchun to‘siqlarni o‘rnatish tavsiya etilgan.
Bundan tashqari, cho‘milish havzalarida xizmat qilayotgan kuzatuvchilarni xavfsiz qutqarish va reanimatsiyaga o‘rgatish, xavfsiz navigatsiya amaliyotlarini, shu jumladan qutqaruv jiletlarini majburiy kiyishni joriy etish, suv toshqinlari va boshqa xavf-xatarlarga chidamlilikni kuchaytirish va ular bilan bog‘liq xavflarni boshqarish ham insonlar umrini saqlab qolishning muhim shartlaridir.
– Amalga oshirish yo‘nalishlariga qarab farq qilsa-da, cho‘kishning oldini olish bo‘yicha xalqaro hamjamiyat ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishda izchil harakat qilishi kerak, -deyiladi JSST tavsiyasida.
Muhimi, bolalar aslo qarovsiz qolmasligi, ayniqsa, cho‘milayotganda katta yoshdagilarning nazorati ostida bo‘lishlari zarurligini unutmaslik kerak.
Said Murod Rahim tayyorladi.
O‘zA
- Qo'shildi: 25.07.2025
- Ko'rishlar: 543
- Chop etish