BUTUNJAHON KONFERENTSIYASINING BIRINCHI KUNI: O'zbekistonning yoshlar huquqlarini ta'minlash ishiga sodiqligi e'tirof etildi

12 avgust kuni Toshkent shahrida “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzuidagi Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasi o'z ishini boshladi. Gibrid tarzda, ya'ni oflayn va onlayn shaklda tashkil etilgan xalqaro anjumanda qatnashayotgan xorijiy ishtirokchilarning umumiy soni - 40 dan ortiq mamlakatdan 150 dan ziyod vakil, milliy ishtirokchilar esa 350 dan ortiq kishidan iborat.

Ishtirokchilar orasida 13 ta xalqaro va 7 ta mintaqaviy tashkilot, 11 ta xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti, 15 ta xorijiy davlatning inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari, 7 mamlakatdan yoshlar bilan ishlash bo'yicha parlamentlar va davlat idoralari, 5 mamlakatdan ta'lim va ilmiy-tadqiqot institutlari, 15 mamlakatdan yoshlar tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari, O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan 20 dan ortiq diplomatik missiya vakillari  bor. Eng asosiysi, ishtirokchilarning 75 foizdan ziyodi bevosita yoshlardir.

Konferentsiyani O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochdi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva so'zga chiqib, xalqaro anjuman ishtirokchilarini qutladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning murojaatnomasini BMTning O'zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi v.b. YU YU o'qib eshittirdi. Murojaatnomada e'tirof etilishicha, BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashining joriy yil boshidagi 46-sessiyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ta'kidlangan yoshlar huquqlarini ta'minlash ishiga sodiqligi va bu boradagi tolmas sa'y-harakatlari uchun BMT O'zbekiston hukumatining ezgu intilishlarini qo'llab-quvvatlaydi.

BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Michel` Bachelet o'zining videomurojaatida qayd etganidek, butunjahon konferentsiyasi mintaqaning navqiron yoshdagi barcha insonlariga barqaror rivojlanishga erishishda yoshlarning o'rni va ahamiyatini oshirish yo'llarini izlash hamda bu borada o'zaro tajriba almashish uchun qulay imkoniyat yaratadi.

BMT Bosh kotibining Yoshlar bo'yicha elchisi Jayatma Vikramanayake o'z videomurojaatida O'zbekiston hukumatining yoshlar bilan eng oliy darajada doimiy muloqotga bo'lgan astoydil intilishi va navqiron insonlarni hayotiy qarorlar qabul qilish jarayonlariga jalb etish borasida erishgan yutuqlari yuksak baholashga munosib ekanini ta'kidladi.

Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong O'zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo'lidagi sa'y-harakatlarini olqishladi. Uning fikricha, O'zbekiston Prezidenti va milliy parlament rahbariyati Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun ulkan ko'lamdagi ishlarni amalga oshirmoqda.

YEXHTning Bosh kotibi elchi Xelga Mariya Shmitd BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti yoshlar huquqlarini ta'minlash borasida ilgari surgan bir qator muhim tashabbuslarning ahamiyatiga yuqori baho berdi. Elchi X.M.Shmitd ta'kidlaganidek, yosh avlodni qo'llab-quvvatlash O'zbekistonning ham, YEXHTning ham umumiy maqsadi hisoblanadi.

Osiyo Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Muhammad Rizoning so'zlariga qaraganda, O'zbekiston oliy rahbariyati va parlamentining yoshlarga munosabati va ularning huquqlarini ta'minlash yo'lidagi sa'y-harakatlari haqiqatan ham yuksak bahoga loyiqdir.

YEXHTning Parlament Assambleyasi Prezidenti Margareta Sederfelt Xalqaro yoshlar kunida ish boshlagan Butunjahon konferentsiyasining diqqatga sazovor dasturini tayyorlaganlari uchun barcha tashkilotchilarga minnatdorchilik izhor qildi. Shuningdek, M. Sederfel`t O'zbekiston yoshlarni qo'llab-quvvatlash hamda ularning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish sohasida izchil ish olib borayotganini alohida e'tirof etdi.

MDH Ijrochi kotibi – Ijroiya qo'mitasi raisi Sergey Lebedev o'zining videomurojaatida O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi samarali faoliyatiga va yoshlarga taalluqli xalqaro tashabbuslariga yuqori baho berdi.

Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy direktori Ol`ga Kulaeva COVID-19 pandemiyasi sharoitiga qaramay, O'zbekiston yoshlarga doir muammolar bo'yicha shunday muhim muloqotni tashkil etgani uchun minnatdorchilik bildirdi. O.Kulaeva O'zbekistonda bolalar mehnati va qishloq xo'jaligi sohasida majburiy mehnatga barham berish borasida sezilarli natijalar qo'lga kiritilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Butunjahon konferentsiyasi ochiq va amaliy munozaralar ruhida o'tmoqda. Konferentsiyaning ilk kunida 67 nafar ma'ruzachi so'zga chiqdi. Shundan 49 nafari xorijiy ekspertlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari hisoblanadi. Milliy ma'ruzachilar 18 nafar bo'lib, 10 nafari yoshlardir.

Xalqaro anjumanning 3 ta yalpi hamda 3 ta parallel sessiyalarida 20 dan ortiq ishtirokchi munozaralarda ishtirok etdi. Ushbu qizg'in munozara va mushohadalar, o'z navbatida, yoshlarning huquqlari hamda imkoniyatlarini kengaytirish, qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Konferentsiyaning birinchi kuni tafsilotlari 50 dan ortiq mahalliy va 10 dan ortiq xorijiy OAVda yoritildi. Xalqaro anjuman ishi, shuningdek Internet va ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, Telegram, Instagram,
Facebook, Linkedin, Twitter, Vkontakte va boshqa tarmoqlarda keng yoritib borilmoqda. YU-tub kanali orqali bevosita jonli efirga uzatilmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech