Mamlakatimizda O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi keng nishonlanmoqda. Prezident qarorida ta'kidlanganidek, Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosi, uning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg'usini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan yetuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyati xalqimiz ma'naviyatini yuksaltirish hamda yosh avlod tarbiyasida beqiyos o'rin tutadi.
Ushbu e'tirofning chuqur mazmun-mohiyatini Abdulla Oripov ijodidagi Amir Temir siymosi talqini misolida ham yaqqol ko'rish mumkin. Shoir 1970 yilda "Qarshi qo'shig'i" she'rida ilk bor Amir Temur mavzusiga murojaat etib, “Bu yerlarda ilk bora yangragan Temur sasi” deya Sohibqironga ehtirom ko'rsatgan.
Holbuki, o'sha paytda sho'ro mafkurasi Amir Temurni “bosqinchi” sifatida qatag'on qilgan, 1968-69-yillarda "Amir Temurning O'rta Osiyo tarixida tutgan o'rni va roli" nomli risolasini nashr ettirish orqali Sohibqiron siymosidan qora pardani ko'tarib tashlagan jasoratli olim Ibrohim Mo'minovning boshiga tushgan ko'rgiliklardan ijodkor va ziyolilar yaxshi xabardor edi.
Abdulla Oripov atoqli o'zbek akademigining mazkur risolasi timsolidagi jasoratini o'z she'rlarida Amir Temur shaxsi haqidagi hayotiy haqiqatlarni taqdim etish orqali izchil davom ettirdi. Uning ulug' bobokalonimiz mustaqil markazlashgan davlat tuzish yo'lida kurashganiga ishora qilingan she'ri aynan 1970 yilga mansubligi ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Mana bu satrlar esa 1972 yili yozilgan "Muallim" she'ridan:
Buyuk Temur sendan topgandir ta'lim,
Sen shundoq, aziz zot, aziz muallim.
Ushbu misralar orqali shoir, avvalambor, muallimning azizligi Temurbek kabi buyuk zotlarga ta'lim berganida der ekan, sobiq tuzum ta'lim muassasalarida o'sha paytda saboq bergan yuz minglab pedagog-o'qituvchilarni tarix haqiqatlariga tiyrak ko'z bilan qarashga da'vat etgan.
Yanada muhimi, shoir Amir Temur ham muallimlardan ta'lim olganini ta'kidlagani bejiz emas. Bu bilan sho'ro mafkurachilarining "Temur savodsiz bo'lgan" degan asossiz da'volarini inkor qilgan.
Abdulla Oripovning 1964-70-yillarda yozilgan "O'zbekiston" qasidasida Temur haqida (u davrda ulug' ajdodimizning muborak nomiga Amir so'zini qo'shib aytish mumkin emas edi) so'z borishi turli muhokamalarga mavzu bo'lgan.
Asar bilan bog'liq tafsilotlarni shoir shunday xotirlagan: "Vatanimga atalgan o'sha qasidani "Sovet O'zbekistoni" (hozirgi "O'zbekiston ovozi") gazetasiga olib bordim. She'r muharrirga juda ma'qul bo'ldi, u kishi hatto meni bu muvaffaqiyat bilan tabrikladi. Ammo shart qo'ydi... Xullas, gazetada qasidamni chiqarolmadim. U, oradan ancha vaqt o'tgach, rahmatli Zulfiya opaning katta sa'y-harakatlari bilan "Saodat" jurnalida chop etildi. Shunda ham "jinday" tahrir bilan – "deyman" so'zi "demam" deb o'zgartirildi. "Buyuk jahongir" so'zlari "oqsoq jahongir" so'zlari bilan almashtirildi".
Abdulla akaning 1968 yilda yozilgan "Xatolar" she'rining ikkinchi bandi shunday misralardan iborat:
Bobom payg'ambarlar qasosi uchun
Goho osiylarning oldi boshini.
Uni qarg'adilar xatosi uchun,
Hamon otmoqdalar ta'na toshini.
Garchi Amir Temur va uning avlodlaridan buyuk davlat arboblari, jo'mard sarkardalar, bunyodkor shohlar, buyuk olim va mutafakkirlar, el ardoqlagan shoir va me'morlar yetishib chiqqan bo'lsa-da, mustaqillik davriga qadar bu shavkatli ajdodlarimiz zolim podsholar sifatida talqin etib kelindi. Shu ma'noda, Abdulla Oripov o'sha vaqtlardayoq buyuk Sohibqiron sha'niga yog'dirilgan bo'htonu tuhmatlarni rad etishga intilgan.
Mustaqillik tufayli tariximizdagi ulug' shaxslar, xususan, Sohibqiron Amir Temur merosi to'g'risida bor haqiqatni aytish imkoni tug'ildi. Jumladan, endi shoirning asarlari zamiridagi tub ma'no-mohiyatni chuqurroq anglash mumkin.
Misol tariqasida aytsak, "Xatolar" she'ridagi misralarning mazmun-mundarijasi shoir 1968 yildayoq "Temur tuzuklari" asaridan yaxshigina xabardor bo'lganini ko'rsatadi. Lekin u o'sha zamonlarda, Sohibqiron tarixini chuqur o'rgangani, Amir Temur dunyoda zulmga barham berish va adolat o'rnatish uchun harbu zarb qilgan odil jahongir bo'lganini vaqtincha xaspo'shlab turishga majbur edi.
Frantsuz sharqshunos olimi Jan Pol Ru qayd etganidek, “Amir Temur nomi qalblarda qanday hissiyot uyg'otishidan, uning nomiga qanday malomatlar yog'ilishidan qat'i nazar, uning g'ayritabiiy va mahliyo etguvchi inson bo'lgani, uning sarkardalik mahorati va davlat arbobi sifatidagi ajoyib faoliyatini tan olmaslik mumkin emas. Amir Temur yashagan dunyoda uning salohiyatiga teng keladigan yoki ortiqroq salohiyatga ega bo'lgan kishilar yo'q edi. Uni buyuk sarkardalar Aleksandr Makedonskiy, Yuliy Sezar, Chingizxon va Napoleon Bonopart qatoriga qo'yib o'rganish mumkin. Chunki Amir Temur o'z asrining buyuk kishilaridan edi”.
Shu nuqtai nazardan, ushbu she'rda "Napoleon xatosi"ning tilga olinishi o'sha "xaspo'shlash" hiylasi uchun poydevor bo'lgani tayin. Binobarin, Sohibqiron shu qadar buyuk geosiyosiy muvaffaqiyatlarga erishganki, oradan to'rt asr o'tganidan so'ng bu olamshumul yutuqlar Napoleonning ham hayratu havasini keltirgan.
Agar “Temur tuzuklari”ning frantsuz tilidagi tarjimasi 1787 yilda nashr etilgani nazarda tutilsa, o'z-o'zidan bir haqiqat ayon bo'ladi. Ya'ni, o'sha davrda Napoleon Misr, Turkiya, Eron va Hindistonga harbiy yurishni rejalashtirar ekan, “Temur tuzuklari”dan xabardor bo'lmasligi mumkin emas.
Aslida Napoleon “Temur tuzuklari”da bayon etilgan Amir Temur, shuningdek Chingizxon, arablar va Aleksandr Makedonskiyning Osiyo bo'ylab jangovar yurishlarini puxta tahlil qilgan bo'lishi kerak. Biroq, nazarimizda, Amir Temur geosiyosatining oliy sir-asrorini Napoleon baribir anglab yeta olmagan. Chunki urushdan-urushga o'tgani sari Amir Temurning jangovar kuchiga-kuch, iqtisodiy qudratiga-qudrat qo'shilib borgan. Napoleon esa, aksincha, o'z g'alabalariga Frantsiya va butun Yevropani holdan toydirish evaziga erishgan. Zero, Amir Temurda kuch tafakkurga, Napoleonda tafakkur kuchga xizmat qilgan.
Napoleon Rossiyaga shoshma-shosharlik bilan hujum uyushtirib, uning taslim bo'lishini behuda kutgan. Amir Temur esa qizg'in janglardan hali sovib ulgurmagan Kulikovo maydonigacha kelib, so'ng ortiga qaytgan. Shu o'rinda xo'sh, har ikki jahongirning bu o'rinda qo'llagan o'ziga xos strategiyalari qanday natija berdi, degan savol tug'iladi.
Bunga javob shuki, Amir Temur o'zi biron-bir manfaat kutmagan hududdan qo'shinini betalafot olib chiqqan. Qolaversa, rus knyazliklari misolida o'z saltanati yaqinida beqaror hudud va g'anim kuchlar paydo bo'lishining
oldini olgan.
Napoleonda esa, mutlaqo teskari natija kuzatilgan. Rossiyaning o'sha paytdagi chegarasi bo'lgan Neman daryosidan 1812 yil 23 iyunda 420 ming nafarlik qo'shin bilan o'tgan va ruslarning 267 ming nafar lashkarini chekinishga majbur qilgan Napoleon, oxir-oqibat, o'sha yilning dekabr` oyida xuddi o'sha daryodan atigi 18 ming nafar kishi bilan ortga qaytgan.
Bu orada Frantsiyaga qarshi Rossiya, Angliya, Prussiya, Avstriya, Shvetsiya, Ispaniya va Portugaliyadan iborat kuchli harbiy koalitsiya vujudga kelgan. Germaniya, Prussiya kabi mamlakatlarda esa Napoleonga qarshi ozodlik harakatlari boshlanib ketgan.
Shunday qaltis vaziyatda Frantsiya birlashgan Yevropaga qarshi urushga tayyorgarlik ko'rgan. Napoleon mag'lubiyatga uchragan va taqdiri Vaterloo yonidagi jangda uzil-kesil hal qilingan.
Abdulla Oripov “Xatolar” nomli she'rida ana shu mag'lubiyatni quyidagicha tasvirlagan:
Vaterlooda xato qildi Napoleon –
Jahongirning qaytdi shu kun omadi.
Mana o'tsa hamki necha bir zamon,
U haqda gapirmagan odam qolmadi.
Shoir buyuklar haqida falsafiy mushohadasini davom ettirib, Napoleonni Sohibqiron bobomiz bilan qiyoslab talqin qilgani bejiz emas. Akademik Akmal Saidovning fikricha, bu zotlar turli zamonlarda va turlicha madaniy makonlarda yashagan bo'lsa-da, ular o'rtasida anchagina o'xshashliklar mavjud:
birinchidan, ularning ikkisi ham qirol yoki xon avlodidan bo'lmagan, lekin o'zlarining yorqin iste'dodi va tarix taqozosi tufayli navqironlik paytidanoq hokimiyat tepasiga kelgan;
ikkinchidan, har ikkalasi o'z saltanatining poytaxti – biri Samarqand, boshqasi esa Parijni dunyoning eng go'zal shahriga aylantirish uchun ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan;
uchinchidan, har ikkisi ham davlat boshqaruvida o'z davri uchun mukamallikka erishgan bo'lib, biridan “Temur tuzuklari”, ikkinchisidan, “Napoleon kodekslari” meros qolgan;
to'rtinchidan, eng muhimi, ularning faoliyatiga har xil davrlarda turlicha baho berilganiga qaramasdan, har ikki ulug' zotning ham tarixda o'z munosib o'rni borligini hech kim inkor qila olmaydi.
Yana bir qiziqarli jihat shuki, Napoleon Amir Temurdan farqli ravishda tirik paytidayoq taxtdan tushirilgan. Bunga Vaterloodagi mash'um fojea sabab bo'lgan. Napoleonning hayoti xo'rlik, haqorat va fojiaviy qismat bilan yakun topgan bo'lsa, Sohibqiron mardonavor ravishda, navbatdagi zafarli jang ostonasida, yaqinlari bag'rida hayotdan ko'z yumgan.
Alqissa, Abdulla Oripov o'z she'rini quyidagi band bilan xulosalagan:
...Xato qilgan bo'lsam kechirgin, bolam,
Yuz yil davomida cho'zaverma, bas.
Ko'rib turibsan-ku, men oddiy odam,
Napoleon emasman, Temur ham emas!
Shoirning yosh avlodlar oldidagi bunday uzrxohligiga sababchi xatosi nimadan iborat bo'lishi mumkin? Fikrimizcha, shoirning bu "xato"si mazmun-mohiyatida Amir Temur va Napoleonning "xatolari"dan to'liq xabardor bo'lganini bildirishi barobarida tarixiy haqiqatni qaror toptirish hamda shonli o'tmishni chuqur o'rganish zarurati o'z aksini topgan.
G'ulom MIRZO
- Qo'shildi: 09.04.2021
- Ko'rishlar: 4463
- Chop etish